Alifbodagi o‘zgarishlarni asoslab bering!
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Agar bu loyiha ma’qullanib, o‘zgarishlar rasman tasdiqlansa, oxirgi 100 yil hisobida alifbo beshinchi marta o‘zgaradi: 1920-yillar boshida arab alifbosining isloh qilinishi, 1920-yillar oxirida lotin yozuviga o‘tilishi, 1940-yillar boshida kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining tasdiqlanishi, 1992-yilda lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tishga qaror qilinishi, 1995-yilda bu alifboga o‘zgartirishlar kiritilishi.
Tan olish lozimki, alifbo, yozuv, imlo o‘zgarishlarining hammasini ham sof lisoniy maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilgan, deb bo‘lmaydi. O‘zbekiston Sovet Ittifoqining bir qismi bo‘lgan paytda kirill alifbosiga o‘tilishi zamirida, tabiiyki, siyosiy maqsadlar yotgan. Shu bilan birga, 1992-yilda lotin yozuviga o‘tilishi haqidagi qaror asosida ham siyosiy maqsadlar yotgan edi — bu haqda yaqinda baralla gapira boshlandi.
Vaholanki, o‘sha payti bu qaror “ilm-fan, texnologiya ehtiyojlari” bilan izohlangan edi. Qiziq, o‘shanda “yozuv va texnologiya orasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin, devanagari atalmish qadimgi yozuvni ishlatadigan hindlar, iyerogliflar yordamida yozadigan xitoylar yoki dunyodagi boshqa hech qaysi yozuvga o‘xshamagan alifbolardan foydalanadigan armani va gurjilar texnologiya yutuqlaridan bebahra qolib ketayotgani yo‘q-ku?” degan savol ko‘tarilmadi. 1995-yili, Turkiya bilan munosabatlar xiyla sovuqlashayotgan davrda alifbodan “turklarnikiga o‘xshash” harflarni chiqarib tashlashimiz, “burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqishimiz” ham hech kimda e’tiroz uyg‘otmadi. Mana endi, amaldagi lotin yozuvida xat-savodi chiqqan, unga o‘rgangan bir qancha avlod yetishib chiqqach, yana alifboni o‘zgartirish harakatidamiz.
Alifboni o‘zgartirish tarafdorlari “taklif qilinayotgan alifbo tasdiqlansa, kirill va lotin yozuvlarining, mana chorak asrki, davom etayotgan bahsiga, bir til uchun bir paytning o‘zida ikkita alifbodan foydalanishdek mantiqsizlikka barham beriladi”, demoqdalar. Darhaqiqat, shundaymikan? Lotin yozuviga to‘liq o‘ta olmayotganimiz sababi amaldagi alifboning kamchiliklari, nuqsonlarimikan?
Professor Baxtiyor Mengliyev yaqinda alifbo o‘zgarishlariga nisbatan munosabat bildirib, “mukammal alifbo bo‘lmaydi” dedi. Haqiqatan, alifbosi, imlosi talaffuzdagi barcha tovushlarni to‘liq aks ettiradigan tillar ko‘p emas.
Ingliz tilini misol sifatida oladigan bo‘lsak, bu tilni o‘rganganlar va o‘rganayotganlar biladiki, ingliz tilida so‘zlarning yozilishi va o‘qilishi o‘rtasida katta “jarlik” bor. Bu tilda tovushlar soni alifbodagi harflar sonidan deyarli ikki baravar ko‘p bo‘lgani bois, yozilishi va o‘qilishi bir-biriga mos keladigan so‘zlarni topish amrimahol. Shunga qaramasdan, ingliz tilini butun dunyoda o‘rganishga ehtiyoj katta. Ushbu tilda yaratilgan va yaratilayotgan badiiy, ilmiy, texnik adabiyotlar ko‘lamiga va sifatiga havas qilsa arziydi. Qizig‘i, bu til rasmiy til sifatida qo‘llaniladigan hech qaysi davlatda alifboni isloh qilish masalasi ko‘tarilgani yo‘q. Vaholanki, bu davlatlarning imlo o‘zgarishi natijasida kelib chiqishi tayin bo‘lgan ulkan xarajatlarni ko‘tarishga iqtisodiy salohiyatlari yetadi.
Demak, hali-hanuz lotin yozuviga to‘liq o‘ta olmayotganimiz sababi “sh” va “ch”larning ikkita harf bilan ifodalanishi yoki “o‘” va “g‘”larni yozishda, ayrim muhtaram fan doktorlarimiz aytganidek, “qo‘limiz besh marta klaviaturaga borib kelishi” emas. Nazarimda, buning asl sababi — kirill yozuviga o‘rgangan avlodning lotin yozuviga ko‘nika olmasligi (balki, ko‘nikishni istamasligi?) bo‘lsa kerak.
Bir voqea. Davlat tashkilotlaridan birida ishlaganimda “yuqori”ga yuborilishi kerak bo‘lgan bir hujjatni zudlik bilan tayyorlash topshirildi. “Qitmirligim” tutib hujjatni lotin yozuvida tayyorladim, topshirdim va natijani kuta boshladim. O‘ylaganimdek, hujjat jo‘natilishi kerak bo‘lgan vaqt yaqinlashganda meni chaqirishdi va hujjatni kirill yozuviga o‘girib berishni topshirishdi. Sababini so‘raganimida, “tepa”ga ketadigan hujjatlar kirill yozuvida bo‘lishi kerakligi uqtirildi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega aksar idoralarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kirill yozuvida tayyorlanadi? Davlat idoralarining o‘zi birinchi navbatda qonunlarga amal qilishi kerak emasmi? Axir, amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish haqidagi qonun bekor qilingani yo‘q-ku?
Yoki ish boshlaganida o‘zbek tilidagi barcha yozuvlari lotin alifbosida berilgan “O‘zbekiston 24” telekanalida nega hozir kanal nomidan tashqari hamma yozuvlar kirill alifbosida ketmoqda? Axir, davlatning asosiy rasmiy axborot kanali qonunga rioya qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmi?!
Yoki amaldagi alifbo o‘zbek tilidagi barcha ma’nolarni yetkazib berishga qodir emasmi? Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Saodat Muhammedova ham “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “O‘zbek tili jonkuyarlari guruhi”da e’lon qilingan maqolada ham “joriy o‘zbek lotin alifbosi 25 yildan ortiqroq vaqt davomida amaliy jihatdan o‘zini to‘liq oqlamadi” degan fikrni keltirgan. Lekin bu fikr qanchalik asosli?
Agar bu fikr tagida jon bor, desak, rasmiy qonunchilik bazasi bo‘lmish “lex.uz” saytida oxirgi paytlarda qonun va qarorlar lotin yozuvida ham e’lon qilinmoqda. Bundan tashqari, amaldagi alifboda kitoblar chop qilinmoqda, gazeta va jurnallar chiqmoqda (shu jumladan, siz hozir o‘qiyotgan “Ma’rifat” ham anchadan buyon to‘liq lotin yozuvida chiqadi), ko‘p yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda muloqot jarayonida aynan shu yozuvdan foydalanishmoqda. Demak, muammo alifboning “no‘noqligi”da emas. Alifbo no‘noq bo‘lganda, o‘zbek tilida ifodalanishi kerak bo‘lgan barcha ma’nolarni ifodalashga qodir bo‘lmaganida undan 25 yil tugul ikki oy ham foydalana olmagan bo‘lar edik.
Ko‘rib turganimizdek, oddiy mantiqiy tahlil ham asosiy muammo yozuvda emas, uni qabul qilishni istamaydigan avlod vakillarida ekanligini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, amaldagi lotin alifbosida xat-savodi chiqqan avlodni arosatda qoldirish insofdanmi?
Amaldagi alifboning muammolari nimada? Amaldagi alifboga o‘zgartirish kiritish tarafdorlari muammolardan biri sifatida “sh” va “ch” tovushlarining bir harf bilan emas, ikki harf bilan ifodalanishini keltirishadi. Bir tovush bir necha (ikkita, uchta, hattoki to‘rtta) harflar birikmasi bilan ifodalanadigan tillarga yetarlicha misol keltirish mumkin. Tag‘in ko‘pchiligi dunyoda keng tarqalgan, ko‘p o‘rganiladigan tillar bo‘lib chiqadi. Bir tovushning bir necha harf bilan ifodalanishi — normal holat. Kirill yozuvida ham “bir tovush — bir harf” tamoyiliga to‘liq rioya qilinmagan va bu holat ushbu yozuvdan foydalanishda hech qanday muammo tug‘dirmagan. Boz ustiga, taklif qilinayotgan loyihaning o‘zida ham bu prinsipga rioya qilingan, deya olmaymiz.
Teskari apostrofli harflarga kelsak. Bu harflarni kompyuterda terish noqulayligi — bor gap. Shaxsan o‘zim lotin yozuvida bir necha qo‘llanma va kitoblar chop ettirgan mutaxassis sifatida “o‘” va “g‘” bilan bog‘liq noqulayliklarni boshdan kechirganman. Lekin yechim butunboshli alifboni o‘zgartirishmikan? Balkim, masalaning texnik yechimi bordir? Masalan, Android tizimida ishlaydigan qurilmalarda bu harflarni qiyinchiliksiz va bexato terish imkonini beradigan klaviatura mavjud. Bir tizimda imkoni bo‘lgan narsani boshqa tizimda ham amalga oshirish imkoni bo‘lishi kerak.
Bundan ikki yil muqaddam “Til va adabiyot ta’limi” jurnalida filologiya bo‘yicha falsafa doktori Nilufar Abdurahmonova va hammualliflari tomonidan e’lon qilingan “O‘zbek tili lotin alifbosi uchun klaviatura yoki “Unicode” masalasi” nomli maqolada (qarang: “Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2018-yil 6-son, 6-7-betlar) amaldagi alifboning aynan to‘rtta bahsli harfini “Unicode” tizimiga kiritish orqali bu harflar bilan bog‘liq muammolar yechim topishi haqida asoslantirilgan fikrlar keltirilgan edi. Mualliflar “Unicode” tizimiga yangi belgi qo‘shish talablarini keltirishgan hamda bu yo‘nalishda amaliy harakatlar boshlangani haqida ham aytib o‘tishgan. Balki shu yo‘nalishda boshlangan ishlar mantiqiy yakuniga yetkazilishi alifboni o‘zgartirishdan ko‘ra samaraliroq yechimdir?
Yana bir jihat. Taklif qilinayotgan loyiha mualliflari tomonidan loyihani asoslantiradigan ilmiy dalillar keltirilganini ko‘rmadim. Tarixchi, tilshunos Eldor Asanov taklif qilinayotgan o‘zgarishlarga munosabat bildirar ekan, “Har avlodda alifboni o‘zgartiraverish betayinlik deyiladi, do‘stlar” deb yozgan edi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar haqiqatan ham betayinlik yoki Baxtiyor Mengliyev yozganidek, “ola tasir ish ko‘rish” bo‘lmasligi uchun ham, taklif qilnayotgan o‘zgarishning ilmiy asoslari oshkor qilinishi kerak emasmi, agar bunday asoslar mavjud bo‘lsa?
Xullas, nazarimda, muammoning yechimini yo‘q joydan qidirib, yangi muammolar yaratish emas, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va amaldagi qonunchilik ijrosini talab qilishda qat’iyatliroq bo‘lish kerak.
Komil JALILOV