Lotincha kirilchaning o‘girmasi emas!
Ginnesning rekordlar kitobida hali hech kim uddalamagan olamshumul voqea-hodisalar aks etadi. Ehtimol, biz ham bir til uchun ikki yozuvlilik masalasi tufayli ushbu kitobda o‘z nomimizni qayd ettitrib qo‘yarmiz-a!..
Chunki qariyb o‘ttiz yildirki, shu muammo – til bitta, yozuv ikkita. Bu esa aholi o‘rtasida savodsizlikning ortishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Umuman, yozuv orqali til imkoniyatlarining katta qismi namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham til uchun qaysidir alifbo asos qilib olinar ekan, unda o‘sha tilning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olish kerak bo‘ladi. Bunda til yozuvga emas, yozuv tilga moslashishi kerak. Hozir ko‘pchilk o‘zbek-lotin alifbosini o‘zbek-kirill alifbosining o‘girmasi deb biladi. Aslida o‘zbek-lotin yozuvi tilimiz uchun alohida yozuv hisoblanadi. Ya’niki, biz lotincha yozishda kirillcha yozuvdagisi qanday yoziladi deb emas, o‘zbekcha so‘z lotin yozuvida qanday aks etadi, degan qoida bilan yondashishimiz lozim.
Bugun lotincha imloda ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan holatlardan biri kirill yozuvidagi я, ю, ё, е, ц, ь harflari yoki belgi bilan yoziladigan so‘zlardir. Avvalo, shuni aytish kerakki, ushbu harflar o‘z vaqtida rus tilini singdirish uchun o‘zbek-kirill alifbosiga kiritilgan. Chunki bu harflar ishtirok etgan so‘zlar o‘sha so‘zlarni ruscha talaffuzga moslab aytishni taqozo qiladi. O‘z vaqtida uzoqni o‘ylab qilingan alifbo siyosati yillar davomida o‘z mevasini bergan. Bugungi lotincha alifbomizda я, ю, ё, е, ц, ь larni ifodalovchi alohida harflar mavjud emas. Bu harflar ishtirok etgan so‘zlarni imkon qadar o‘zbek tili qonuniyatlaridan kelib chiqib yozmoqdamiz. Lekin ko‘zimiz va qulog‘imiz bu holatni qabul qilishga qiynalmoqda. Sababi, bizni doimiy ravishda rus tili va u orqali boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarni aynan ruscha talaffuz bilan aytishga majbur qilishgan. Shuning uchun bugun sentabr, oktabr, apellatsiya, budjet kabilarni qabul qilishimiz qiyin kechmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Hozir tilimizga shiddat bilan o‘zlashayotgan xorijiy so‘zlarni qay tarzda qabul qilishimiz kerak? Ularni aynan yozamizmi yoki tilimizga moslaymizmi? Qaysi birini tanlasak, bizga oson bo‘ladi? Ma’lumki, inson doimo qisqalikka va qulaylikka intiladi. O‘zlashayotgan so‘zlarning imlosida ham talaffuzimizga mosini me’yor sifatida qabul qilish lozim deb o‘ylayman. Chunki shu paytgacha juda ko‘plab o‘zlashma so‘zlarni boshqacha aytib, boshqacha yozdik. Misol uchun direktor (direktir), tonna (to‘nna), ball (bal), kongress (kangres), kontrakt (kantrak) kabi. Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, lotin yozuviga to‘liq o‘tishni maqsad qilgan ekanmiz, uni kirillchaning o‘girmasi deb emas, tilimizning yangi yozuvi sifatida ko‘rishimiz va so‘zlarimizni ham shundan kelib chiqib yozishimiz kerak.
Zohid SHAKAROV, Davlat test markazi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi