Nostandart testlar o‘quvchilarni izlanishga undaydi
Ta’limdagi bugungi islohotlari pedagogdan yuksak salohiyatli va yuqori malakali kadrlar tayyorlashni talab etadi. Zamonaviy o‘qituvchi ana shu talabga javob bersa bu pedagogning o‘zini ham, ta’lim muassasasining ham yutug‘i. O‘qituvchi qaysi fandan dars berishidan qat’i nazar ijodkor bo‘lishi, o‘tilayotgan har bir mavzuga ijodiy yondashishi samarali natijani kafolatlaydi. Shu ma’noda, geografiya o‘qituvchisi sifatida har bir darsga, mavzuga ijodiy yondashishga harakat qilaman. Ta’lim mazmuniga kiritilgan har bir yangilikni davlat ta’lim standartlariga uyg‘un holda darsda qo‘llayman. Ayniqsa, mavzuni mustahkamlash qismida o‘quvchilar bilimini va o‘zlashtirish darajasini sinash maqsadida testlardan unumli foydalanaman. PISA — xalqaro tadqiqot dasturida ham o‘quvchilarning bilimi o‘qish (matnni tushunish), matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalari hamda ijodiy fikrlash ko‘nikmalari turli testlar yordamida baholanadi.
O‘quv jarayonida standart va nostandart testlardan foydalanaman. Standart testlar mazmuni bo‘yicha reproduktiv va produktiv darajada, tarkibi jihatidan savoli to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblardan iborat bo‘lsa, nostandart testlar o‘zining mazmuni, tuzilishi va qo‘llanish maqsadiga ko‘ra muayyan darajada farq qiladi. Ya’ni, o‘quvchilarni izlanishga undashi bilan ahamiyatlidir. Bunday testlarga rasmlarga qarab javob berish, xaritadan foydalanib javobini topish, testni yechish uchun diagramma va slaydlardan foydalanish kiradi.
Sayyora ASHUROVA, Kasbi tumanidagi 40-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi