O‘qituvchining bilim va mahorati kelajakning mustahkam poydevorini yaratadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mualimlarning hozirgi vaqtda har besh yilda malaka oshirishlarini ta’kidlab, bundan buyon “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, hozirgi paytda o‘qituvchilar har besh yilda bir oy muddatda malaka oshiradilar. Bu albatta yetarli emas.
Chunki bilim darajasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchi bu muddatda yaxshi natijaga erisholmaydi. O‘qituvchilarimiz o‘z ustida tinimsiz va doimiy izlanishi kerak. O‘qituvchining bilimi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirib borishda uning mustaqil yoki uslubiy birlashmalar orqali malaka oshirishida samaradorlik yuqori bo‘ladi. Albatta, bu o‘rinda ko‘plab savollar tug‘ilishi mumkin. Bu usul qanday amalga oshirilishi va natija berishi xususida fikrlarimni bayon qilmoqchiman. Bunda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan uslubiy birlashmalar faoliyatini tubdan yaxshilash kerak bo‘ladi. Tuman yoki shahar XTBda tashkil etilgan fan uslubiy birlashmalarini rejali tashkil etish va undan unumli foydalanish orqali o‘qituvchilarning bilim salohiyatini oshirish mumkin.
Samarqand viloyatida 16 ta tuman (shahar) mavjud. Har bir tuman yoki shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan har bir fandan kuchli 10 nafar o‘qituvchi tanlab olinadi. Umumta’lim maktablarida o‘qitiladigan asosiy fanlardan 16 tasini tanlab olsak 1 tuman yoki shaharda 16 fandan 160 nafar, viloyat bo‘yicha 16 ta tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarida 2560 nafar ilg‘or o‘qituvchilar banki yaratiladi.
Har bir fandan tanlab olingan ilg‘or, kuchli 10 nafar o‘qituvchidan iborat shu fan bo‘yicha uslubiy kengash tuziladi. Uslubiy kengashga ular ichidan tanlab olingan eng bilimli bir nafar o‘qituvchi rahbarlik qiladi va shu fan bo‘yicha ushbu ilg‘or o‘qituvchining maktabi tayanch maktab deb belgilanadi. Demak, har bir tuman yoki shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalarida 16 ta tayanch maktab viloyat bo‘yicha 256 ta tayanch maktab tashkil etiladi. Bugungi kunda, xalq ta’limi tizimida ko‘plab tayanch maktablar tashkil etilgan, biroq faoliyati haminqadar. U tayanch maktablardan o‘qituvchi o‘ziga kerakli bo‘lgan uslubiy yordamni ololmaydi. Biz taklif etayotgan tayanch maktablarda kengash a’zolari tomonidan uslubiy kengashning samarali faoliyati uchun yo‘riqnoma ishlab chiqilib, ishlar rejalashtiriladi.
Fikrlarimni quyidagi misollar orqali tushuntirishga harakat qilaman.
Masalan, bir tumanda 150 nafar matematika fani o‘qituvchisi mavjud. Barchasining bilim darajasi test va yozma ishlar orqali uslubiy kengash a’zolari (kuchli o‘ntalik) tomonidan aniqlanadi va uch toifaga ajratiladi. Birinchi guruh bilim darajasi yaxshi bo‘lgan o‘qituvchilar, ikkinchi guruh o‘rta, uchinchi guruh qoniqarsiz bilim darajasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar.
Birinchi guruhdagi o‘qituvchilarga ikkinchi guruhdagi o‘qituvchilar, kengash a’zolari – kuchli o‘nlikka uchinchi guruhdagi o‘qituvchilar “Ustoz-shogird” an’analari bo‘yicha biriktiriladi.
Birinchi guruh o‘qituvchilari ikkinchi guruhdagi o‘qituvchilarning bilim darajasini ko‘tarish uchun, kengash a’zolari esa uchinchi guruhdagi o‘qituvchilarning bilim darajasini ko‘tarish uchun mas’ul bo‘ladi. Tashkil etilgan tayanch maktabda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
Birinchidan, o‘quvchilar tushunishi, o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan barcha mavzular ro‘yxati aniqlanadi va qiyin mavzular bo‘yicha dars ishlanmalari to‘plamlari tayyorlanib, kerak bo‘lgan o‘qituvchilarga ko‘paytirib beriladi.
Ikkinchidan, IV–XI sinf matematika darsliklaridagi barcha misol va masalalarning yechimlar to‘plami tayyorlanadi va o‘qituvchilar foydalanishi uchun sharoit yaratiladi.
Uchinchidan, tayanch maktabda har bir dars ochiq dars sifatida tashkil etiladi. Xohlagan o‘qituvchi darsni kuzatib o‘zining bilimini oshirishi, dars berish usullarini o‘rganishi mumkin.
To‘rtinchidan, ushbu tayanch maktabda kengashning yillik ish rejasi tuziladi.
Beshinchidan, har oyda o‘qituvchilar bilimini monitoring qilish va monitoring natijalarini tahlil qilib borish rejaga kiritiladi va kengash yillik ish rejasining bir qismi deb qaraladi. Har bir oy oldingi oydagi monitoring natijasi bilan solishtiriladi va tahlil qilinadi. O‘qituvchilar bilimidagi o‘zgarish, bilim darajasi necha foizga o‘sgani tahlil qilinadi.
Uch oylik tahlil natijasiga ko‘ra bilimida o‘zgarish bo‘lmagan o‘qituvchilarning faoliyatiga baho berilib, xulosa qilinadi. Ushbu amalga oshirilgan ishlar o‘qituvchilarning bilimini oshirishga ko‘maklashadi va o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga majbur qiladi.
Bu jarayon har bir xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tashkil etilishi mumkin va barcha fanlarga joriy etilishi hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu faqat ozgina e’tibor va mas’uliyat talab etadi hamda qisqa vaqt ichida o‘z samarasini beradi. O‘qituvchilarga uzluksiz uslubiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab hujjatlar qabul qilingan, lekin ularda o‘qituvchi bilim salohiyatini ko‘tarish uchun sodda, aniq ko‘rsatmalar berilmagan.
Yusuf MUHAMMADIYEV, Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi bolalar kutubxonasi direktori