Kompyuter o‘zbek tilini “taniydi”mi?
Internet tili haqida so‘z ketganda, “o‘zbek tili internet tili emasmi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Internet sahifalarida o‘zbek tilida ma’lumotlar berilmoqda, yozishmalar amalga oshirilmoqda, tilimizda ish olib boradigan sayt va portallar, ijtimoiy tarmoqlar kundan-kunga ko‘paymoqda. Ha, bir qaraganda o‘zbek tili internet va axborot-kommunikatsiya sohalarida cheklanmagan darajada qo‘llanayotgandek, internet tiliga aylangandek. Aslida esa...
Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Agar kompyuter tilni “tanir” ekan, tilning internet tili ekanligi haqida so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi. Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, so‘zlarga izoh bera olishi, tilni o‘rgatishi, matnni bir alifbodan ikkinchi alifboga o‘tkazib berishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Demak, sun’iy intellekt ma’lum tilni “tanisa”, o‘sha til asosida ishlaydi.
Kompyuter texnologiyalari sohasi tillarning taraqqiyoti hamda yashab qolishini hal qiluvchi omilga aylanib bo‘ldi. Tilning internet tiliga aylanishi matematik lingvistika, uning davomi bo‘lgan kompyuter lingvistikasining shakllangani va rivojlanish darajasi bilan bog‘liq. Ayniqsa, sun’iy intellekt uchun tabiiy tillarni modellashtirish kompyuter lingvistikasining asosiy vazifasi hisoblanadi. Dunyo miqyosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish orqali sun’iy intellektlar yaratilmoqda. Zero, modellashtirish biror tilning texnologiyadagi modelini yaratishdir. Matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbek tili bu baxtdan hozircha “benasib qolmoqda”.
Tillarning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning yozuvlariga, 100 mingdan ortiq so‘zlashuvchilarga, davlat tili maqomiga ega bo‘lishi va axborot-kommunikatsiya, internet tizimida qo‘llanish xususiyati ham ozlik qiladi. O‘zbek tilini asrab qolish uchun ziyolilar uni rivojlantirish haqida qayg‘urishlari va mutasaddilar bir yoqadan bosh chiqarib tashkiliy yo‘l bilan kurashishlari juda ham zarur. Ijrosi kechikib borayotgan bo‘lsa-da, bu vazifalarni bajarishga yeng shimarib kirishsak va uddalay olsak, ona tilimiz albatta o‘lmaydi.
Milliy korpus yaratish orqali tilning elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Sun’iy intellekt asosida o‘zbek tilini qayta ishlashga: imloviy-tahrir, avtomatik ishlov berish va tarjima dasturlarini tuzishga, turli belgilar asosida qidiruvni amalga oshirishga erishiladi. Bugungi kunda tilning, ayniqsa, o‘zbek tilining dunyo miqyosidagi nufuzi va asrlar davomida yashab qolishi uning sun’iy intellekt (kompyuter) tiliga aylanishi, milliy korpusining yaratilishi va global til korpuslariga qo‘shilishi bilan bog‘liq.
Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish uchun “bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga” g‘oyasi asosida ish yuritishimiz kerak.
Dunyo miqyosida sun’iy intellektlar yaratish asosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish yotar ekan, matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, tilni yozuvda aks ettiradigan alifbo mukammal bo‘lishi, kompyuter til(yozuv)ni qabul qilishi shart. O‘zbek tili amaldagi alifbo va imlo qoidalari bilan internet tili darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. Ma’lumki, amaldagi alifboda 4 ta harf, ya’ni: o‘, g‘, ch, sh ni yozish kompyuter klaviaturasida ma’lum tugmalar orqali amalga oshiriladi. Bu esa o‘zbek tilining internet tili sifatidagi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. UNICODE tizimida bu grafik shakli mavjud bo‘lmaganligi sababli, dasturlashda so‘z tarkibida qo‘llangan bitta harfning shakli matndagi so‘zlarni bo‘lib yuboradi. Tavsiya etilayotgan alifbo ushbu muammolarni bartaraf etadi.
Guli TOIROVA, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent