Yangiliklar yangi imkon yaratadimi?
Shu kunlarda muhokama bo‘layotgan “u”, “ch”, “j”, “sh” harflarining yangi variantini o‘zlashtirish uchun yana vaqt kerak bo‘ladi.
Hozirga qadar katta yoshlilar kirill yozuvidan foydalanib keladi. Vaholanki, keyingi avlod vakillari o‘zbek alifbosi sifatida lotin yozuvini o‘rganib ulg‘ayishmoqda. Yoshlar alifbodagi murakkabliklarni tushunib olguncha yana bir xorijiy tilni o‘zlashtirib olishyapti. Shu ma’noda alifbodagi yangi o‘zgarish tarafdori emasman. Aslida ham ona tilini o‘zlashtirish bo‘yicha muammolarimiz bisyor. Kuchimizni o‘shalarni hal etishga sarflaylik.
Maktablarimizda rus tili, ingliz tili, informatika fanlari o‘rgatilishida o‘quvchilar guruhlarga ajratib o‘qitiladi. Nima uchun ona tili fanlarini bo‘lib o‘qitishning imkoni bo‘lmayapti? O‘g‘il-qizlarga ushbu imkon berilsa, ular o‘z fikrini erkin va bexato yozadigan bo‘lishadi. Qirq besh daqiqa mashg‘ulot davomida qirq nafarga yaqin o‘quvchiga dars berayotgan o‘qituvchiga oson emas.
Aksariyat holatlarda o‘z ona tilimizni mukammal o‘zlashtirolmagan o‘quvchi xorij tilini mukammal o‘rganib, chet ellarga o‘qish yoki ishlash uchun ketyapti. Ular orasida xorijda yashab qolib ketayotganlari ham ko‘p.
Bu kabi muammolar bugun biz alifboni o‘zgartiramiz va o‘zlashtiramiz, degan paytimizda boy berilgan imkoniyatlar evaziga bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi.
Aziza BOYMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori