Xalq ta’limi bo‘limlaridagi talon-torojliklar fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining markazlashgan moliya-buxgalteriya sobiq hisobchisi T.A. 2019-2020-yillarda maktabda haqiqatda ishlamagan 34 nafar fuqaroni ishlaganligi to‘g‘risida to‘lov topshiriqnomalariga soxta ma’lumotlar kiritish orqali ish haqi hisoblab, 526,9 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, Asaka tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi Sh.Z. va boshqalar malaka toifasini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan attestatsiya sinovlaridan o‘tmagan 24 nafar xodimga soxta sertifikatlarni rasmiylashtirish orqali 136,1 million so‘m byudjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.