Kelajakda yo ma’naviyatli bo‘lamiz, yoki...
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’naviyat va ma’rifat masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ularning taraqqiyot garovi ekanligini alohida ta’kidladi.
Insonning oliy qadriyat ekanligi ulug‘lab kelingani holda uning asl mohiyati bo‘lgan ma’naviy qiyofasini takomillashtirish masalasi hali biror marta umuminsoniy muammo sifatida qo‘yilmagan. Milliy ma’naviyat haqida “baland” gaplar aytilayotgan bo‘lsa-da, shaxsning ichki dunyosini boyitish, insonni ma’naviy takomillashtirish bo‘yicha deklarativ va populistik amallardan, kosmopolitik yondashuvlardan nariga o‘tilmayapti. Umuman olganda, dunyodagi barcha illat, jinoyat, urush va ijtimoiy-siyosiy, ekologik inqirozlarning ildizini shaxs ma’naviyatsizligidan qidirish, bor muammolarning yechimi ana shu zarrada mujassamligi e’tibordan chetda qoldi va go‘yoki bu masala juda ham eskirib ketgandek, unga o‘rta asrlarga xos ko‘hna masaladek global munosabat shakllanib bo‘ldi. Shaxsning ma’naviy dunyosi uning iqtisodiy va moliyaviy muammolari o‘pqoniga tushib ketdi. Yangi asr kishisi butun borlig‘i bilan to‘laligicha global iqtisodiyot hamda insoniyat uchun “oliy hukmdor” bo‘lgan bozorning quliga aylanib bo‘ldi. Bu – davrimizdagi eng og‘riqli va xavotirli muammodir.
Mamlakatimizda “ma’naviyat” tushunchasi sobiq Ittifoq davridagi ideologiya (mafkura) mazmunida o‘qitib, targ‘ib qilib kelindi va asl mohiyati ochilmadi. Natijada u shaxs ma’naviyatida jiddiy o‘zgarish hosil qilmadi, davlatning ulkan miqdordagi mablag‘lari ana shu besamar ishlarga sarflandi. Shaxs ma’naviyati masalasi mafkuraviy masalalarning soyasida qolib ketdi. Albatta, davlat yaxlitligi va rivoji uchun mafkura muhim. Ammo shaxsni ma’naviy takomillashtirmasdan turib davlat mafkurasini amalga oshirish mushkul. Muammo davlat ustqurmasi sifatidagi “mafkura” va shaxsning ichki qiyofasi bo‘lgan “ma’naviyat” tushunchalarini farqlab olish asosida shaxs ma’naviyatini rivojlantirishga asosiy e’tiborni qaratish bilan yechilishi mumkin. Buning uchun ma’naviy tarbiyaga tizimli yondashmoq lozim. Masalan, ta’limda shaxsni to‘la ma’noda “ta’mirlaydigan” “Ma’naviyat saboqlari” juda zarur. Chunki ma’naviyatdan uzilgan texnik-texnologik, iqtisodiy taraqqiyot aslida tanazzuldir. Zero, bu “taraqqiyot”ga intilish insoniyatni kun sayin halokat sari yetaklamoqda. Moddiy “taraqqiyot”da insonni nafsi yetaklaydi. Aslida bizni ma’naviyatimiz yo‘lga boshlashi kerak.
Yosh avlod muqaddas kitoblar, hadislar, “Mahbub ul-qulub”, “Masnaviyi ma’naviy”, “Kalila va Dimna”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kabi minglab nodir manbalarda ilgari surilgan shaxs ma’naviyatiga doir fikr va g‘oyalar asosida tarbiyalanishi maqsadga muvofiq. Mashg‘ulotlar nazariy emas, sof amaliy tabiatli, har bir tarbiyalanuvchi/ta’lim oluvchi tafakkuri va qalbining tub-tubiga yetib boradigan, ularning ma’naviy chanqog‘ini qondiradigan mohiyat- mazmunga ega bo‘lmog‘i zarur. Tarbiyalanuvchi/ta’lim oluvchilar undan tashnalik bilan bahra olmas ekan, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Bu masala, aytish mumkinki, butun dunyo xalqi tarbiyasi jarayoniga amaliy jihatlari bo‘rttirilgan O‘zbekiston tajribasi sifatida kirib borishi kerak. “Ma’naviyat saboqlari” shaxsda vijdon, iymon, ma’rifat, e’tiqod, farosat, halollik, g‘urur, kamtarlik, o‘zgalarga hurmat, millat/yurtsevarlik, nafsni tiyish, sabr, hilm, shirinsuxanlik, adolatlilik, fidoyilik/jonkuyarlik, sadoqatlilik, havas (hasad emas) kabi chin insoniy fazilatlarni shakllantirsa va rivojlantirsa, jamiyat ham, davlat ham to‘la ma’noda taraqqiy etadi. Mashg‘ulotlarda ana shu masalalar muhokama qilinib, ular ishtirokchilar qalbiga yo‘naltirilsa, har bir shaxs shu tushunchalar borasida o‘zini o‘zi tergashga odatlanadi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarimiz asosida ham shaxsda mana shu fazilatlarni shakllantirish maqsadi yotishi lozim. Aytilganlardan kelib chiqqan holda, “Ma’naviyat saboqlari” kursi quyidagi masalalardan tarkib topishi maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz:
1. Ma’naviyat va ma’naviyatsizlik.
2. Vijdon va vijdonsizlik.
3. Iymon va e’tiqod.
4. Nafs va qanoat.
5. Ma’rifat va ilm.
6. Halol va harom.
7. Havas va hasad.
8. Kamtarlik, g‘urur va kibr.
9. O‘ziga va o‘zgalarga hurmat.
10. Chidam: sabr va toqat.
11. Hilm va shirinsuxanlik.
12. Fidoyilik va jonkuyarlik.
13. Muhabbat va sadoqat (Olloh,
tabiat, inson, millat va yurtni sevish, ardoqlash).
14. Farosat va farosatsizlik.
15. Samimiyat va ikkiyuzlamachilik.
16. Zarurat va hashamat.
17. Ibo va andisha.
...
Bu kurs ta’limi iloji boricha bog‘chadan oliy ta’limgacha tizimli olib borilishi kerak. Til va ma’naviyat muammolarining tizimli (semantik tahlildan leksikografik talqinlargacha bo‘lgan) tadqiqi bilan shug‘ullanadigan, bugungi kunda mamlakatimizda ilk tamal toshlari qo‘yilayotgan sof milliy tilshunoslik yo‘nalishi — lingvoma’naviyatshunoslik taraqqiyoti rag‘batlantirilishi lozim. Zero, mavjud tarbiya, ma’naviyatga doir kurslar ko‘p hollarda tizimlilikdan begona, mantiqsiz va mazmunsiz, shaxs hayotidan uzilib qolganligi va ularda rasmiyatchiliklar ustuvorlashib ketganligi buni taqozo etayotir.
Ma’naviyatsiz shaxs bilan kelajakni qurib bo‘lmaydi. Bugungi kunda asosiy muammolarimiz — ekologik xavf, oila buzilishlari, korrupsiya, jinoyatchilik, ilmning qadrsizlanishi, kasbga xiyonat, mas’uliyatsizlik, ichiqoralik, buzg‘unchilik, kadrlar savodsizligi, boshqalarga nafrat, muqaddas tushunchalarning kamayib ketayotganligi, dinning niqob bo‘lib qolganligi, riyokorlik, ikkiyuzlamachilik, haromdan hazar qilmaslik, tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, hashamat “musobaqalari”, to‘qlikka sho‘xlik kabi illlatlarning zamirida birgina sabab — ma’naviyatsizlik yotadi. Inson(iyat)ga zarar keltiradigan har qanday narsa — ishlab chiqarish ham, mahsulot ham, xatti-harakat ham, korrupsiya ham, kerak bo‘lsa, siyosat ham — ma’naviyatli shaxsga begona bo‘lishi, u nafratlanadigan va qarshi kurashadigan hodisaga aylanmog‘i lozim.
Baxtiyor MENGLIYEV, professor