Maktab yoshidagi imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning dars jarayoni qanday tashkil etiladi?
Mamlakatimizda jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj imkoniyati cheklangan bolalar uchun uyda yakka tartibda ta’lim berish usuli yo‘lga qo‘yilgan.
Uyda yakka tartibda ta’lim berishning asosiy maqsadi o‘quvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda ularning ta’lim olishlari uchun zarur sharoit yaratishdan iborat. Mamlakatimizda 2020-2021-o‘quv yilida 13 ming 868 nafar bola uyda yakka tartibda ta’lim oladi. Shulardan 5 ming 668 nafari qiz bolalarni tashkil etadi.
O‘quvchining uyda yakka tartibda ta’lim olishini belgilash uning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasiga asosan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
Ota-onalarning istagiga ko‘ra, o‘quvchiga jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) tomonidan uyda yakka tartibda ta’lim berish tashkil qilinishi mumkin.
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga esa aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi. Dars jadvali haftasiga kamida uch kunga moslab tuziladi. Dars mashg‘ulotlarining o‘qituvchilar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi hamda o‘quv dasturlarining to‘liq bajarilishi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan nazorat qilinadi. O‘qituvchilar darsi haftalik yuklamalariga qarab moliyalashtiriladi.
Uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar bir qator huquq va imtiyozlarga ega. Ular tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, o‘quvchida uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar (patologik holatlar) mavjudligi aniqlanganda, tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan «Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 2-ilovasiga muvofiq shaklda tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi. Tibbiy xulosa olti oy yoxud to‘liq o‘quv yiliga beriladi.
Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlarga ega bo‘lib, ularning ta’lim olishi davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA