Maktab psixologi o‘z faoliyatini qanday tashkil qilishi kerak?
Ta’lim sohasida islohotlar boshlanishi barobarida umumta’lim maktablarining amaliyotchi psixolog vazifasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, maktabdagi o‘quvchi soniga qarab shtat birligi oshirilgani va amaliy psixologlar maoshi ko‘tarilgani juda yaxshi bo‘ldi. Bu umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixologlardan katta mas’uliyat talab qiladi.
Xo‘sh, maktab psixologi o‘z faoliyatini qanday tashkil qilishi kerak? Uning vazifalari, majburiyatlari va huquqlari bir qancha me’yoriy hujjatlar asosida mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday ekan biz bunga javoban o‘z ishimizni qanchalik vijdonan va mas’uliyat bilan bajaryapmiz?
Psixolog maktabda sog‘lom muhitni shakllantirishi, imkon boricha o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri yo‘naltira olishi, mashg‘ulotlarning o‘z vaqtida o‘tilishini nazorat qilishi kerak. U o‘qituvchi va o‘quvchi, o‘quvchi va ota-ona, o‘quvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi vositachidir. Munosabatlarni tartibga solish, o‘quvchilarning ruhiyati, muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish borasida muntazam ish olib borishi darkor. O‘g‘il-qizlarning qobiliyatini kashf qilish va yo‘naltirish ham maktab amaliy psixologining zimmasidagi eng mas’uliyatli vazifalardan biridir. Qolaversa, o‘quvchilarning kelajakka katta maqsadlar bilan kirib borishlari, o‘zlarini jamiyatga kerakli shaxs sifatida his etishlarida amaliy psixologning motivatsion mashg‘ulot-treninglari muhim rol o‘ynaydi.
Inson ongi va qalbida nima bo‘lsa, aynan o‘sha narsani nurlantiradi. O‘zimizda yo‘q narsani birovga berishga qodir emasmiz. Vazifamiz ziyo tarqatish ekan, avval ziyoni o‘zimizda shakllantirib olaylik, so‘ng uni o‘quvchilarimizga ulashamiz. Demakki, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassisning vazifasi ta’lim-tarbiya berish, o‘quvchini yo‘naltirish bilan birga tinimsiz o‘z ustida ishlash va izlanish,
bilimlarini oshirib borish hamdir.
Alimardon SAFAROV, Chiroqchi tumanidagi 21-maktab amaliy psixologi