Sinfxonada kimlarni yetishtiryapmiz?
Bir kuni o‘zim rahbarlik qilayotgan 11-sinf o‘quvchilari bilan kelajakdagi orzu va rejalari haqida davra suhbati tashkil qildim. Aksariyati allaqachon turli oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishni o‘z oldilariga maqsad qilishganidan quvondim. Zarnigor musiqashunoslikni, Setora va Shohsanam shifokorlikni, Oydina dinshunoslikni tanlabdi. Birma-bir sanasam, har biri kishini quvontiradigan, jamiyatga kerakli kasb egasi bo‘lishni maqsad qilishibdi.
Suhbat davomida Zarnigor “Ustoz, o‘zingiz nega o‘qituvchilik kasbini egallagansiz, agar sizga qaytadan kasb tanlash imkoniyati berilsa, qaysi kasbni tanlagan bo‘lardingiz?” deb so‘rab qoldi. Men hech ikkilanmasdan: “Albatta o‘qituvchilikni-da! Axir bundan ham sharafliroq kasb bormi dunyoda?!”, deb javob berdim.
To‘g‘ri, o‘qituvchilik – juda og‘ir va mas’uliyatli kasb. Ayniqsa, bugunning yoshlarini tarbiyalashdek muhim vazifa yuklanayotgan bir paytda ta’lim-tarbiya berish o‘qituvchidan katta kuch va mahorat talab qiladi. Hayotning qaynoq qozoni – sinfxona. Zero, bu qozonda huquqshunos, shifokor, olim-u yozuvchi ham birdek qaynab yetiladi.
Maktabda kimyo va biologiya fanlarini juda mukammal o‘qiganman. Shu bois boshqa maktabdoshlarim qatori shifokorlik kasbini egallasam bo‘lardi. Yo‘q! Men unday qilmadim. Sababi, otam o‘qituvchi bo‘lgan, butun qishloq bolalariga murabbiylik qilgan. Shogirdlari juda ko‘p. Otam rahmatli shogirdlari kamolini ko‘rganda juda faxr va iftixor tuyg‘ularini tuyardi. Har kuni ularni duo qilib, maqtab o‘tirardi. Dunyoda bundan ham lazzatli lahzalar bo‘lishi mumkinmi? Axir inson hayotining mazmuni — odamlarga yaxshilik qilish, ilm o‘rgatish-ku!
O‘tgan o‘quv yili yakunida maktabimizning 80 nafar o‘quvchisi respublikamizdagi turli oliy o‘quv yurtlariga talabalikka qabul qilindi. Jahongir Xoliqov, Asadbek Qo‘chqorov va Rahimjon O‘rmonjonov kabi o‘nlab o‘quvchilarimiz eng yuqori balni qo‘lga kiritib, tibbiyot institutiga qabul qilindi. Bular maktabimizning kimyo va biologiya to‘garaklariga qatnashish bilan birga boshqa fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirgan eng faol o‘quvchilar edi.
O‘qituvchi o‘quvchi ko‘z oldidagi qahramondir. Pedagoglar yosh avlodga sadoqat, adolat, ma’rifat, halollik va oqibat kabi oliy tushunchalarni singdirish uchun, avvalo, o‘zlari ham shu qadriyatlarga amal qiladigan inson bo‘lmog‘i kerak. Shifokor bo‘lish uchun o‘quvchilarga repetitorda tayyorlanishning o‘zi yetmaydi. Balki ularda insoniylik, millatparvarlik, so‘zga sadoqat, olijanoblik kabi oliy fazilatlarni shakllantirish lozim.
Yoshlarimiz orasida sharafli kasb egasi bo‘lish ishtiyoqi tobora ortib bormoqda. Birgina men rahbarlik qilayotgan sinfda ham shifokorlik kasbini egallamoqchi bo‘lgan o‘quvchilar talaygina. Shohsanam Habibullayeva maktabda tashkil qilingan “Yosh biologlar” to‘garagining faol a’zosi. U bugungi kunda kimyo va biologiya, rus tili va adabiyoti, tarix va matematika kabi fanlarning sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Shohsanam kelajakda yaxshi shifokor bo‘lishi uchun barcha o‘qituvchilar birdek jon kuydiradi. Bunday iqtidorli o‘quvchilarimga kelajakda o‘zlari orzu qilgan sohalarning yetuk kadrlari bo‘lib, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilishiga chin qalbimdan ishonch bildiraman.
Shohista MADRAHIMOVA, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktabining biologiya fani o‘qituvchisi