Kutubxona — tafakkur o‘chog‘i
Mamlakatimizning ertangi kuni bo‘lgan yoshlarni kitob o‘qishga jalb etish yo‘li bilan intellektual salohiyatini oshirish — maktab kutubxonachilarining asosiy vazifalaridan biri. Yoshlarni yuksak ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishida kutubxona, axborot kutubxona markazlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham respublikamizda kutubxonachilarga juda katta e’tibor qaratilmoqda.
Maktabimizda ham bu borada ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda kutubxonamiz 92 nafar o‘qituvchi hamda 1328 nafar o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kutubxonamiz zamon talabiga mos jihozlangan bo‘lib, ish faoliyatimizni reja asosida olib bormoqdamiz. Hozirga qadar kitob fondimiz 23099 tani tashkil etadi. Shundan 20069 tasi ijara darsliklari bo‘lib, o‘quvchilar darsliklar bilan yuz foiz ta’minlangan. Shu bilan birga, 3040 tadan ortiq badiiy kitoblar, ijtimoiy-siyosiy va uslubiy qo‘llanmalar ham bor. 26 nomda gazeta va jurnallarning taxlamlari mavjud.
Faoliyatimiz samaradorligini oshirish maqsadida tuman Axborot kutubxona markazi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ko‘plab qiziqarli tadbir va tanlovlar o‘tkazib kelyapmiz. Xususan, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” ko‘rik tanlovining tuman bosqichida maktabimiz 10-sinf o‘quvchisi Alisherova Sadiya faxrli 2-o‘rinni, “Yosh kitobxon” tanlovining 15–19 yosh toifasida 9-sinf o‘quvchisi Boxodirova Rayxona 1-o‘rinni, 20–30 yosh toifasida CHYOT fani o‘qituvchisi Xolboyev Temur 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, maktabda “Kitob taqdimoti”, “Kitobxonlar bayrami”, “Xayriya marafonlari”, ertalabgi, peshingi saflanishda har bir sinf o‘quvchilarining bittadan kitob taqdimotini namoyishi ham o‘tkazilmoqda. Men kutubxonada yangi innovatsion g‘oyamni tashkil qildim, ya’ni kutubxonaga mikrafon olib keldim. Yaqinda maktabimiz direktori Yulduz opa Xamrayevaning tashabbusi bilan “O‘qigan maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi bo‘lib o‘tdi, marafonda nafaqat maktab o‘quvchilari, balki ularning ota-onalari ham ishtirok etdi. Ushbu marafondan tushgan kitob sovg‘alari bilan kutubxonamiz fondi 1004 taga boyitildi. Maqsadimiz, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini yanada oshirish, kitob inson kamoloti yo‘lida xizmat qilishini singdirishdir. Kutubxonachilarga shunday degim keladi: Hurmatli kasbdoshlar, kitob ko‘targan qo‘llaringiz tolmasin, yuragingiz qo‘ri so‘nmasin, mehnatingiz uchun kitobxonlaringizni keng quchoq ochib kelishi eng oliy mukofot bo‘lsin!
Ra’no QURBONOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 4-maktab kutubxonachisi