PIRLS xalqaro tadqiqotlariga tayyorlanishda Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS va PISA xalqaro tadqiqotlari oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan mazkur jarayonlatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Anjumanda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov, Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim sifati monitoringi boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulov ishtirok etdi.
— Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, 2020-yilda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot hamda fan o‘qituvchilarining malakasini oshirishga qaratilgan 30 dan ortiq, jumladan, 5 ta xalqaro seminar tashkil etildi, — deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov. — Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida joylashgan 348 ta tayanch maktablar bazasida 200 dan ortiq onlayn va offlayn o‘quvlar o‘tkazildi.
2001-yildan buyon har besh yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan PIRLS tadqiqoti 4-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini xalqaro darajada baholashga qaratilgan. 2016-yil natijalariga ko‘ra, 50 ta mamlakat ichida Rossiya, Singapur, Gongkong, Irlandiya va Finlyandiya mamlakatlari yuqori natijalarni qayd etgan. Shu sababli Rossiya Federatsiyasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Ta’lim inspeksiyasi tashabbusi bilan 2019-yilda Rossiya ta’lim akademiyasi Ta’limni rivojlantirish strategiyalari instituti o‘rtasida kelishuv imzolandi. Buning natijasida, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Jahon bankining REDS dasturi doirasida bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkiloti tomonidan tashkil etilgan PISA tadqiqoti esa 2000-yildan buyon har uch yilda o‘tkazilib, 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha savodxonligini baholaydi. 2018-yilgi tadqiqotlarda 79 davlatdan 600 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi va eng yuqori o‘rinlarni Xitoy va Singapur egalladi.
Mutasaddilar istiqboldagi rejalarga ham to‘xtaldi. Jumladan, O‘zbekiston “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida 30 ta ilg‘or mamlakat qatoriga kirishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, respublikamiz maktablari PIRLS–2021 hamda PISA–2022 dasturlari doirasidagi xalqaro tadqiqotlarda qatnashadi. Joriy yilda PIRLS dasturida 60 dan ortiq davlatlar qatorida ilk marotaba mamlakatimiz o‘quvchilari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA