Bizda bir muallima bor
Har gal maktab-internatda hamkasbim – ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dilnoza Berdiyeva ochiq dars o‘tsa yugurib kiraman. Har bir harakatini diqqat bilan kuzatib, qirq besh daqiqa qanday o‘tganini sezmay ham qolaman va shunga amin bo‘lamanki, uning darslari o‘ziga xos, biri-biriga o‘xshamaydi.
Uning uslubi, avvalo, darsni boshlash jarayonida sinfda mavzuga mos muhit yarata bilishi, o‘quvchilar qalbini “ishg‘ol” qilib, diqqatini o‘ziga qaratishi, aqli va ongini bilim olishga chog‘lashi, yoqimli ovoz bilan tushuntirishi, notiqligi, she’rlarni chiroyli o‘qib berishi, o‘tayotgan mavzuga oid darslikda yo‘q qiziqarli ma’lumotlar keltirib, ularni hayot bilan bog‘lashi, bir so‘z bilan aytganda, o‘z fanini chuqur bilishi va fan asoslarini o‘quvchilarga yetkaza olishida namoyon bo‘ladi.
Bir gal u Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarini o‘tayotib, sinfxonada mavjlanib turgan dengizdan tortib, oppoq kemagacha, o‘rmon ichidan chiqib kelayotgan shoxdor ona bug‘udan tortib, dengizdan ko‘z uzmay turgan g‘amgin bolakay tasvirigacha ko‘rsata bildi. O‘quvchilar darsni nechog‘li o‘zlashtirganliklari o‘qituvchi savollariga javob berish uchun biri qo‘yib, biri qo‘l ko‘targanida ko‘rindi. Shu kuni u shogirdlariga otalariga xat yozishni topshiriq qilib berdi. “Otalaringiz uzoqda yoki uyingizda bo‘lishi mumkin. Xatda otangizga aytmoqchi bo‘lgan, aytolmagan gaplaringizni yozing. Men ham otamga xat yozaman, qani, qay birimiz mazmunli, bexato maktub yozamiz”, dedi.
Adabiyot faniga-ku qiziqtirish osondir, ko‘pchilik ona tili darsini zerikarli hisoblaydi. Ammo Dilnozaning ona tili darslariga kirgan kishi zerikmaydi, aksincha, nimadir olib chiqadi. Buni birgina uning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga o‘tib bergan “Qo‘shib yoziladimi yoki ajratib?” mavzusidagi mahorat darsi misolida ko‘rish mumkin. Dastavval u yangi nashrdan chiqqan 11-sinf ona tili darsligi afzalliklari, tilimiz imkoniyatlarini o‘rganish, ona tilida bexato yozish ko‘nikmalarini shakllantirishda ajoyib qo‘llanma ekanligini aytib o‘tdi. Darsni qiziqarli, mazmunli tashkil etish uchun noodatiy usullardan foydalandi. Masalan, darslikdagi “Cho‘li iroq” matni bo‘yicha gapirarkan, fikrini sahnaviy ko‘rinish tarzida shu musiqa bilan hamohang ifoda etdi. So‘ng qo‘shma so‘zlar imlosiga ko‘ra ikkiga bo‘linishi, qay birlari qo‘shib, qay birlari ajratib yozilishi, ayrim qo‘shma so‘zlarni qo‘shib ham, ajratib ham yozish hollari uchrashi va hokazolarni tushuntirdi. “Bu so‘z bizniki” bellashuvi orqali “Zebigardon” va “Tillaqosh” guruhlariga bo‘lingan tinglovchilar mavzuni ham takrorlashdi, ham nechog‘li o‘zlashtirganliklarini ko‘rsatishdi.
Xayolingizdan ochiq darslar, mahorat darslariga obdon tayyorgarlik ko‘riladi, yaxshi chiqishi tabiiy-da, degan fikr o‘tgan bo‘lsa ajabmas. Yo‘q, shoshmang. Dilnoza ochiq darslargagina emas, har doim darsga puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda keladi. Istagan paytingiz, istagan sinfdagi darsiga kiring, rohatlanasiz. Kimdir aytgan, bir soatlik yaxshi dars – yirik bir asar, degan hikmatni topganday bo‘lasiz. Chunki Dilnozada fantaziya, g‘oya bor, bu qobiliyatini har darsiga tatbiq etoladi. Darslarida ijodkorlik va ilmiylik chatishib ketadiki, beixtiyor kiroyi ustoz shunday bo‘lsa, deb qo‘yasiz.
Shuning uchun bugun Dilnoza Berdieva Kitob tumanidagi barcha adabiyot o‘qituvchilarining lideri, desam yanglishmayman. Ko‘pincha unga hazillashib, “Siz — brendsiz”, deb qo‘yaman. Chunki u tumanda allaqachon Dilnoza Berdiyeva bo‘lib tanilgan. Oliy o‘quv yurtiga kirish, olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rishni xohlovchilar uning ortidan chopib yuradi. “Chopib yuradi”, degan so‘zlarim biroz qo‘polroq chiqqandir, aniqrog‘i, undan tahsil olishni istaydiganlar ko‘p. Hatto ota-onalar faxr bilan farzandini adabiyotdan Berdiyeva tayyorlayotganini aytishadi. Berdiyeva tayyorlayaptimi, demak, bolasiga oliy o‘quv yurti bir qadam, ona tili va adabiyotdan yaxshi ball to‘playdi. Tumanda uning nomi ana shunday mashhur.
Mehnat qilgan — elda aziz, deyishadi. Mehnati Dilnozani ham aziz qilmoqda. Masalan, u 2017-yili “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida o‘z fani bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘sha yili “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng bilimli ayoli” nominatsiyasiga musharraf bo‘ldi. 2018-yilda esa respublika kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan “O‘z kasbining mohir egalari” tadbirida ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. O‘quvchisi Dilnoza Nu’monova 2019-yilda ona tili va adabiyot fanidan respublika olimpiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga imtiyozli o‘qishga kirdi.
Dilnoza amaldagi 8-sinf ona tili darsligining mas’ul muharriri, respublika ilmiy-metodik kengashi a’zosi, darslikning yaralish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan amaliyotchi o‘qituvchi. U hatto darslik bo‘yicha ayrim hamkasblari fikrlarini eshitib, “Sintaktik tahlil“ telegram kanali ochdi va darslikdagi mavzular bo‘yicha tushgan savollarga erinmay javob berdi. Dilnoza hamkasblari bilan faqat ijtimoiy tarmoq orqaligina emas, mahorat darslari va o‘quvlar orqali ham tez-tez tajriba almashadi.
— Universitet boshqa, maktab boshqa, — deydi shogirdlaridan biri, Kitob tumanidagi 2-IDUMI ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dildora Saidova. — Universitetni bitirib kelganimdan keyin ustoz deb Dilnoza opaning etagidan tutdim. Darslariga kirib o‘tirdim. Dorilfunundan olgan nazariy bilimlarimni ishga tatbiq etishimda u kishidan o‘rganganlarim menga asqotyapti.
Shu yil Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, ta’lim va tibbiyot xodimlari bilan uchrashganida Dilnoza Berdiyeva ham kitoblik o‘qituvchilar vakili sifatida qatnashdi. Prezidentimizga ta’limga oid o‘zining takliflarini bildirdi.
— Bugungi kunda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari zimmasidagi mas’uliyat juda katta, — deydi u. —Mamlakatimizda ona tilining davlat tili sifatida nufuzi oshmoqda. Ta’lim sohasidagi islohotlar o‘qituvchining bugungi kun talablariga mos bo‘lishi, tinimsiz izlanishi, ilg‘or pedagogik yangiliklarni faoliyatiga tatbiq etishini, o‘quvchiga ma’lum ilmiy qoidalarni yodlatish bilan cheklanmay, ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatish, ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarishni taqozo etmoqda. Bu borada hali rejalarim juda ko‘p va ularni albatta amalga oshiraman.
Dilnozaning rejalaridan biri “Maktabdan oliy o‘quv yurtigacha” loyihasi ustida ishlash hamda ona tili va adabiyot fanini oson o‘rganish imkonini beradigan darslik yaratish. Shuningdek, u sifatli ta’lim olishda hududlardagi nomutanosiblikni bartaraf etish maqsadida oliy ma’lumotli va malakali o‘qituvchilar yetishmaydigan olis va tog‘li hududlarga borib, mahorat darslari o‘tib, u yerdagi yosh o‘qituvchilarga ham o‘z tajribasini ulashmoqchi.
Dilnoza Berdiyevaning ayrim rejalari haqidagina to‘xtaldim. Muhimi, unga ishonsa bo‘ladi: bir ishni boshladimi, oxiriga yetkazadi, maqsad qildimi, ro‘yobga chiqaradi...
Gulnora SAIDOVA, Kitob tumanidagi 1-IDUMI o‘qituvchisi