“Bolamni Ro‘zixon o‘qitsin”
Ro‘zixon Karimova 1987-yili Andijon pedagogika bilim yurtini tugatgach, Marhamat tumanidagi 26-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ish boshladi. Yo‘lamatol qishlog‘idan Yangiqishloqqa kelin bo‘lgan ustoz endi tumandagi 6-maktabda o‘qituvchilikni katta mahorat bilan davom ettirdi. Birin-ketin 3 farzand ko‘rdi.
Kutilmagan hayot sinovi 1995-yili Ro‘zixon opa hayotini larzaga soldi. Turmush o‘rtog‘i kasallik tufayli olamdan o‘tdi. O‘g‘li 5, qizi 3 yosh, kenjasiga esa homilador edi. Farzandlariga ham ota, ham ona bo‘lish, maktabda o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berish — bularning hech biri oson kechmagan. Sabr-jasorat kerak bo‘lgan.
Sabrli ustoz belini mahkam bog‘ladi. Oilani oyoqqa turg‘azish uchun ikki maktabda ikki smena yugurib-yelib ishladi. Darsdan bo‘sh vaqti fermer xo‘jaligida ishchi ham bo‘lib, farzandlari bilan dehqonchilik qildi.
Ustozning bilim salohiyatiga tan bermaslikning iloji yo‘q. 1-sinfga qabul davrida aksar ota-onalar farzandini faqat Ro‘zixon opa o‘qitishini xohladi. Ammo buning iloji yo‘qligidan, “ko‘pchilikning ko‘nglini ololmadim-a”, derdi mehribon muallima.
Ha, ota-onalar ta’kidlaganidek, qahramonimiz o‘qitgan sinfda bola o‘zgacha muhitga tushib qoladi: shirin suhbatlar, temir intizom, psixik vaziyatlar orqali bolalar teran fikrlaydigan, dunyoqarashi keng va jiddiy fe’l-atvorli bo‘lib shakllanadi.
Fidoyi muallima darsini kuzatgan har bir o‘qituvchi bir savol beradi: “30 dan ortiq bolaning diqqatini birdek jamlashga, darsga to‘liq kirishib ketishiga va puxta o‘zlashtirishiga qanday erishasiz?” Ustoz uchun bu oddiy hol: “Bo‘lmasa, qanday qilib dars o‘taman?”.
Yillar davomida ustozning tajribasi tumanda, bir necha bor viloyatda ommalashtirildi. Jonkuyar muallimaga ko‘p marotaba VXTB va TXTBning faxriy yorliq, tashakkurnomalari, qimmatbaho sovg‘alari taqdim qilindi.
Sobiq o‘quvchilari esa bugungi kunda turli jabhalarda halol mehnat qilmoqda: biri rahbar, biri tadbirkor, biri ustoz, biri hunarmand. Qutlug‘ bayram kunlari shogirdlari yo‘qlaganda har gal opaning ko‘ziga yosh keladi. Ustozni biror unvonga tavsiya qilish uchun oliy ma’lumotli emasligi to‘siq bo‘ldi. Ammo bu u uchun armon emas. Ustoz uchun eng katta rag‘bat — bu shogirdlar kamoli, ularning tashakkuri.
Bugun mehribon ayol bir qizini uzatgan, kelin oldi. To‘rt nabira qurshovida. Ayollik baxtini mehnatda, kasbida, farzandlari kamolida, shogirdlar quvonchida, savob ishlar va sabrda topgan Ro‘zixon opadek onalarni zamonamiz quyoshlari degim keladi.
Yorqinoy MAMATISOQOVA, Marhamat tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi