Har qanday mutaxassis o‘qituvchilik qilavermasligi kerak
Yaqin kunlarda “Keyingi o‘quv yilidan boshlab, nopedagogik mutaxassislikda o‘qiyotgan talabalar ham bemalol maktabda ishlashi mumkin”, degan xabar juda ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. Ayrimlar bu tizimni ijobiy deb baholayapti, ayrimlar esa salbiy. Mening oddiy bir fuqaro sifatidagi shaxsiy fikrim hali ham o‘zgargani yo‘q.
Bu tizim joriy qilinishi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblayman.
Bundan roppa-rosa bir yil oldin abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati aniqlanishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida aytilgandi.
Buni qarangki, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham nazarda tutilgan ekan. Mazkur qarorning 4-bandida pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish jarayonida abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
Anglagan bo‘lsangiz, Prezidentning bu qarorida hamma ham o‘qituvchi bo‘lavermasin degan mazmunni tushunish mumkin. Ya’ni, oliy ta’limning pedagogika yo‘nalishiga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarning ham o‘qituvchilikka qobiliyati bor yoki yo‘qligini sinovdan o‘tkazib, keyin o‘qishga qabul qilinishi nazarda tutilyapti.
Agar mazkur qarorda berilgan topshiriq amalga oshsa, quyidagi tartiblar joriy qilinadi:
Abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqatini aniqlash 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab 5-iyundan 5-iyulga qadar Xalq ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligining qarorlari (buyruqlari) bilan hududlar hamda oliy ta’lim muassasalarida tuziladigan Maxsus komissiyalar tomonidan bajariladi.
Maxsus komissiyalar quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish jarayonida abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash uchun ekspertlar tarkibini tasdiqlash;
abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash uchun savollar bazasini shakllantirish;
pedagogik layoqatni baholash bo‘yicha tasdiqlangan savollar bazasi asosida variantlangan savollar to‘plami(biletlar)ni tasdiqlash;
abituriyentlar suhbatga jalb etiladi, jadvallar tasdiqlanadi va e’lon qilinadi.
Xullas, bu qarorda asosan mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashga qodir bo‘lgan faqat professional pedagog kadrlarni yetkazib berish maqsad qilingan. Yangi o‘quv yilidan esa “o‘qituvchilik qonida bo‘lsa bo‘ldi, pedagogika yo‘nalishida o‘qimagan bo‘lsa ham mayli” deb umuman pedagogika yo‘nalishiga aloqasi bo‘lmagan oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarga ham o‘qituvchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat berib yuborishmoqchi.
Bundan maqsad esa kadrlar yetishmovchiligining oldini olish ekan. Bu masalani birgina hudud sharoitidan kelib chiqib hal qilmaslik kerak. Juda ko‘p tumanlarda 7-8 soat dars uchun ishlab yurgan o‘qituvchilar bor. Dars yo‘qligidan majburan uzoq hududlarga borib, ijarada turib ishlayotganlar bor. Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan o‘qishini ko‘chirib kelgan, sirtqi ta’limda o‘qiyotgan talabalar bor. Hozir universitetlar ilgarigiga nisbatan 3-4 barobar ko‘p talabalarni o‘qityapti. Uzog‘i bilan ikki yilda ularga ish topib berishning o‘zi katta muammoga aylanadi.
Bir narsani tushunishimiz kerak. Hech kim nomutaxassis kadrlarni tayyorlaydigan barcha filiallarni birdek nazorat qilib, u yerdagi korrupsion holatlarning oldini ololmaydi. Hamma tizimning o‘z ishlash prinsipi bor. Uni buzmaslik kerak. Yangilik olib kiraman deb, keyin afsuslanadigan ishlarni qilmaylik. Kollejlar tizimi bunga yaqqol misol bo‘ladi. Boshqa har qanday sohada tajriba o‘tkazib ko‘rish mumkin, lekin ta’lim tizimida hushyor bo‘lib, yetti o‘lchab bir kesishimiz kerak. Ta’lim tajriba quyonchasi emas, o‘rtoqlar.
P.S.: Kimningdir o‘qituvchilik qilish “qonida” bo‘lsa, marhamat qilib, pedagogika yo‘nalishiga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga topshirsin.
Ulug‘bek PO‘LATOV, pedagog-bloger