1-sinf o‘quvchilari uchun Musiqa darsligi tayyorlandi
Milliy o‘quv dasturi asosida 2021/2022-o‘quv yili uchun yaratilayotgan 1-sinf Musiqa darsligining maketi tayyor bo‘ldi. Darslik mazmun, dizayn va interaktivlik hisobiga avvalgisidan tubdan farq qiladi.
Amaldagi darslikda o‘quvchilar o‘rganishi kerak bo‘lgan kuy-qo‘shiqlarning notalari ham berilgan edi. Bu yoshda o‘quvchilar harf va notalar bilan tanish bo‘lmagani bois, ushbu materiallar ular uchun murakkablik qilgan. Shu bois yangi darslikda ushbu notalar o‘qituvchi kitobiga o‘tkaziladi. Biz endi 1-sinf Musiqa darsligiga notalarni harf va sonlar kabi eng oddiy, mayda elementlar vositasida kiritilganini ko‘rishimiz mumkin.
Ahamiyatli yana bir jihati, darslik uchun kompozitor Nadim Norxo‘jayev tomonidan o‘quvchida tinglash faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan bir nechta xalq kuylari notaga olinib (fortepiano uchun moslashtirilib), klavir varianti tayyorlandi.
Qo‘llanib kelinayotgan darslikdagi fototasvir va illyustratsiyalar ham qayta nashrlar davomida o‘zining sifatini yo‘qotib bo‘lgan edi. Yangi darslik dizayni esa xalqaro tajribalarga suyangan holda mutlaqo yangicha uslubda yaratildi. Endilikda o‘quvchilar boshlang‘ich nota elementlarini qiziqarli illyustratsiyalar yordamida o‘rganadi.
Yangi musiqa darsligi fanlararo integratsiya qilindi va «STEAM» ta’limiga asoslandi. Aytaylik, o‘quvchi Science darsi orqali bahor gullarini tasviriy san’at darsida chizsa, musiqa darsida u haqida kuylaydi.
Shuningdek, darslikda o‘quvchini amaliy faoliyatga yo‘naltiradigan va mantiqiy fikrlashga undaydigan o‘quv topshiriqlari berildi. Musiqa darsligi uchun o‘quvchi ish daftari, o‘qituvchi kitobi, media ilova ham yaratilgani darslikdagi katta o‘zgarishlardan biridir.
1-sinf darsligiga jamoa bo‘lib kuylash uchun 17 nomda, musiqa tinglash faoliyati uchun 18 nomda turli mavzudagi kuy-qo‘shiqlar kiritilgan bo‘lib, ularning audio variantlari ilk marotaba AR to‘ldirilgan borliq tizimiga joylashtirildi.
Agar smartfon darslik muqovasiga tutilsa, darslikka va mashq daftariga kiritilgan kuy-qo‘shiqlarning audio variantini tinglash mumkin. Shuningdek o‘quvchilar bu tizim orqali qo‘shiqlarni karaoke shaklida ham kuylay oladi. Bu esa darslikning imkoniyatlarini bir necha barobarga kengaytiradi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA