O‘qituvchilar malakasini oshirishda Janubiy Koreya tajribasi
Koreyada o‘qituvchining staji oshgani sayin har yili maoshi ham ko‘payib boradi (o‘rtacha har yili 200–300 dollargacha qo‘shiladi), ish barqaror, oylik belgilangan vaqtda to‘lanadi, shuning uchun pedagog bo‘lib ishlashni xohlovchilar juda ko‘p. Maktabga endi kelgan yosh mutaxassisga 3000 dollar oylik maosh to‘lanadi.
Boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari pedagogika universitetlarida, o‘rta va yuqori maktablar o‘qituvchilari pedagogik fakultetlari bor universitetlarda tayyorlanadi. Asosiy boshqaruv organi Ta’lim vazirligi hisoblanadi.
Koreyada boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarining darajasi universitetlardagi o‘qituvchilar darajasiga tenglashtirilgan. Keyingi paytlarda boshlang‘ich maktablar pedagoglarining soni ham kamayib bormoqda. O‘rta va yuqori maktablar o‘qituvchilarining soni boshlang‘ich maktablar o‘qituvchilariga nisbatan 10 barobar ko‘p.
Boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlovchi universitetlar mamlakat bo‘ylab 13 ta bo‘lib, ulardan 10 tasi aynan boshlang‘ich maktab pedagoglarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi. O‘rta va yuqori maktab o‘qituvchilari 50 foiz OTMlarda tayyorlanadi.
Malaka oshirish markazlashgan holda Ta’lim vazirligining o‘zida hamda hududlardagi standartlashtirish boshqarmalarida amalga oshiriladi.
O‘qituvchilikka o‘qish davrida 4 yil davomida 140 kredit yig‘ish kerak (shu jumladan, 72 kredit mutaxassislik bo‘yicha). Mutaxassislik krediti majburiy hisoblanadi, qolgan 68 kreditni talaba o‘zi tanlaydi. 72 kreditning 50 krediti majburiy mutaxassislik fanlari bo‘lsa, qolgan 22 kredit umumta’lim majburiy fanlaridir.
Boshlang‘ich maktabda jami 69 ta fan bo‘lib, ana shu fanlar o‘qituvchilari majburiy 50 kreditning 8 kreditini pedagogik mahorat bo‘yicha to‘plashi zarur, 68 kredit barcha pedagoglar bilishi kerak bo‘lgan fanlar hisoblanadi. Masalan, baholashni o‘rgatadigan, ma’ruza tayyorlashni o‘rgatadigan fanlar va h.k. (4 soati pedagogik mahorat, 60 soat volontyorlik).
Barcha kreditlarni to‘plagandan so‘ng o‘qish yakunida 2-darajali diplom beriladi. Bitiruvchi diplomni olgandan keyin biror maktabda to‘liq shtatda ishlashi uchun maxsus imtihondan o‘tishi kerak. Imtihon hududiy byurolarda tashkil etiladi. So‘nggi paytlar hududlardagi imtihonlarning saviyasi pasayib ketdi, natijada markazlashtirildi.
1-bosqichda imtihon biletidagi savollarga javob beriladi.
2-bosqichda byuro a’zolari (fan liderlari) oldida ochiq dars o‘tiladi.
2-darajali diplom bilan 3 yillik stajdan so‘ng 90 soatlik malaka oshirish kursiga borib, undan muvaffaqiyatli o‘tsa, 1-darajali diplom oladi. Shundan so‘ng asosiy shtatga ishga kirishi mumkin bo‘ladi.
O‘qituvchilar uchun 4 ta toifa mavjud: 2-, 1-, oliy va yuqori toifalar. Har bir toifani olish uchun maxsus malaka oshirish kursidan o‘tish kerak. Yuqori yoki oliy toifani olish uchun har yili 60 soatlik maxsus malaka oshirishdan o‘tish shart. Malaka oshirish onlayn tarzda yoki joyiga borib o‘tiladi.
Har yili har xil dastur bo‘yicha o‘qitiladi. Malaka oshirish hududlarda standartlashtirish byurolari tomonidan amalga oshirilgan, bugungi kunda Ta’lim vazirligi zimmasida.
Koreyada NISE elektron tizimi mavjud, uning ichidan o‘qituvchi o‘ziga
kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarni topishi mumkin.
Hududiy byurolar tomonidan chekka joylardagi o‘qituvchilar yetishmasligi muammosi quyidagicha hal etiladi: boshlang‘ichda muammo yo‘q, o‘qituvchi yetarli. Agar chekka hududlarda biror fandan o‘qituvchi yo‘q bo‘lsa, boshqa bir maktabdan ikkinchisiga yuborish orqali hal qilinadi, yoki 50 majburiy mutaxassislik fanlari kreditini o‘qiganlarga shu fandan ham dars berishga ruxsat etiladi.
Janubiy Koreya tajribasi O‘zbekistonda ham maktablarga joriy qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Tuman (shahar) XTBlardagi fan metodistlari fan liderlari bo‘lishi kerak.
Akbar ALIMOV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i, Xalq ta’limi fidoyisi