Maktablar lug‘at bilan ishlashga tayyor emas
Bugun darsliklardagi xatoliklar haqida ko‘plab fikr bildirilmoqda. Ayniqsa, ona tili darsliklarida tuzatilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar yetarlicha. Afsuski, bildirilayotgan fikrlar inobatga olinmayotgandek, tanqidlar mutasaddi xodimlarning nazariga tushmayotgandek.
8-9-sinf darsliklari garchand yangi, takomillashtirilgan bo‘lsa-da, muhokamali mavzular bisyor. Misol uchun, 9-sinf “Ona tili” darsligida qo‘shma gaplar, ularning turlari, ichki bo‘linishlari kabi mavzular o‘rin olgan. Bilamizki, bu mavzular murakkabligi bilan ajralib turadi. Ularni o‘quvchilarga tushuntirish oson kechmaydi. Albatta, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi ham murakkab jarayon. Qo‘shma gap hamda ularning turlari eng samarali usullardan foydalangan holda o‘tilsa ham, bir sinfda atigi 5 yo 6 o‘quvchi mazkur mavzularni o‘zlashtiradi, qolgan o‘quvchilar tushuncha hosil qilmasdan ko‘chirib qo‘ya qoladi.
Bir kuni 9-sinfga darsga kirib, “Ergashgan qo‘shma gaplar” mavzusini obdon tushuntirdim. So‘ngra o‘quvchilarga topshiriq berib, vazifani bajarishini kuzatdim. Bir o‘quvchimning hech narsa yozmayotganini ko‘rib, yoniga bordim va sababini so‘radim, u esa tushunmaganligini, hayotda bu mavzular qanday asqotishi mumkinligini so‘radi. Achinarlisi, hech narsa deya olmadim, faqatgina, har holda, senga keraksiz bo‘lgan narsani darslikka kiritmaydi-ku, dedim xolos. Bunga o‘xshash voqealarga ko‘p duch kelmoqdamiz. Natijada o‘quvchilar darsliklardagi mashqlar yuzasidan e’tiroz bildirmoqda. Qolaversa, yangi darsliklardagi ayrim topshiriqlarning mazmunan takroriyligi va bir xilligi o‘quvchilarning qiziqishi so‘nishiga sabab bo‘lmoqda.
Lekin yangi darsliklar bilan ishlash yaxshi, ayrim mavzular osonlashtirilgani quvonarli. Qolaversa, “Lug‘atlar bilan ishlash” mavzusi joylashtirilgani ona tilimizni yanada chuqurroq egallash, so‘zlarning ma’nosini teran anglashda foydali. So‘z boyligi oshadi. Biroq bir savol meni qiynaydi: “Haqiqatan ham, maktablar lug‘atlar bilan ishlashga tayyormi, maktab kutubxonalari lug‘atlar bilan ta’minlanganmi, qachon biz lug‘atlar bilan ishlaymiz?” Bunga o‘xshash savollar boshqa hamkasblarimda ham bisyor deb o‘ylayman. Darslikda mavzu bo‘lsa-yu, manba bo‘lmasa, bundan ne naf? To‘g‘ri, shahar maktablari o‘quvchilarining foydalanish uchun uyali aloqa vositalari mavjuddir, ammo chekka hududlardagi maktab o‘quvchilari nima qilsin? Uyali aloqa vositasi yo‘q, bo‘lsa ham internet sifati yaxshi emas, kutubxonada manba mavjud emas. Xo‘sh, o‘quvchilar vazifani qaysi manbadan foydalangan holda bajaradi?
8-sinf o‘quvchilariga ona tili darsida “Lug‘atlar bilan ishlash” mavzusiga kelganda so‘zlarning ma’nosini to‘laroq yoritib berishga harakat qilaman. Ammo darslikda lug‘atlarni topib ma’nosini izohlash o‘quvchilarga topshiriq sifatida berilgan. O‘quvchilarimning “Nega bizning kutubxonada lug‘at kitoblar yo‘q?”, “Boshqa maktab kutubxonalarida lug‘atlar mavjudmi?”, “Qachon har birimiz alohida lug‘at bilan ishlaymiz, balki ungacha maktabni ham bitirarmiz?” degan savollariga nima deb javob berishni ham bilmayman. Chunki haqiqatan ham maktablar lug‘atlar bilan ishlashga tayyor emas. Ushbu mavzular darslikka kiritilishidan oldin maktab kutubxonalari lug‘at kitoblar bilan ta’minlanishi kerak emasmidi?
Gulniso TOLIBOVA, G‘ijduvon tumanidagi 30-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi