“Yiqilishni uddaladim!”
Attestatsiya ham o‘tdi. Rosti bu yilgi test savollari judayam oson ekan.
Ayniqsa, tarix fanidan. Turli telegram guruhlarida repetitsion testlar olib borilganligi natija berdi. Test sinoviga kirgan ko‘pchillik o‘qituvchilar topshiriqlarni uzog‘i bilan 10–15 daqiqada ishlab chiqishdi. Navbatim uchinchi smenada edi. Tumanimizdan kelgan o‘qituvchilar orasida mendan 7-8 yosh katta, fidoyi, mehnatkash bir ustozga ko‘zim tushdi. Oldingi attestatsiyada ham test sinoviga birga kirgan edik. O‘shanda men oliy toifaga o‘tgan bo‘lsam, ustoz birinchi toifaga tushib ketgan edi. Ustoz besh yil oldingi holatidan ham ancha o‘zini oldiribdi, xiylagina keksaygan.
— Nafaqaga chiqqanlarning toifasi saqlanadi, bekorga ovora bo‘libsiz-da, ustoz, — dedim.
— Direktorga endi dam olishga ketaman, toifa kerak emas, desam, “Maktabning reytingi uchun kerak” deb ko‘nmadi, — javob berdi ustoz.
U nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizda ham sanoqli maktab muzeylaridan birini tashkil etishga umrini bag‘ishlagan, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa ham deputatlikka saylanib, kengashlarda faol ishtirok etib kelayotgan inson.
Ustozning navbati ikkinchi smenada ekan. O‘zimga qanday savollar tushishini emas, ustozning qanday natija bilan chiqishini kutyapman...
...Ustoz sinovdan allaqanday bir kayfiyatda bo‘shashib chiqdi. O‘tolmabdi...
Bir haftacha avval, “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida attestatsiya haqidagi bir tortishuvdan so‘ng, bir test kam ishlab toifamni ramziy ravishda tushirish niyatim borligini yozgandim. Ko‘pchillik guruhdoshlar bunday qilmaslikni maslahat berishgandi. 8–10 daqiqada testlarni bir sidra ko‘rib chiqdim. 39 test aniq. Bitta murakkab testning ikki noto‘g‘ri javobini chiqardim, ammo qolgan ikkitadan bittasini chiqarishda xotira pand berdi. O‘zim bilan kurashishni boshladim. Bir ko‘nglim “Bo‘ldi, 97,5 ball ham yetadi, testni yakunla, deydi, biri esa “72,5 balga ko‘nolmasang, maqtanib nima qilarding” deydi. Bu vasvasadan qutulish uchun, sherigimga 10–15 ta testini ishlashga yordamlashib yubordim. Baribir vasvasani yenga olmadim. Ba’zi testlarning javobini noto‘g‘ri belgilay boshladim. Shu tariqa 10 ta testni xato ishladim. Testni yakunladim. Monitorda 72,5 ball ko‘ringach nihoyatda yengil tortdim. “Men buni uddaladim!”.
Qushday yengil his qildim o‘zimni. Nihoyat birinchi toifaga tushdim. Umrini ta’limga bag‘ishlagan, mahoratli, tajribali, ammo bitta yoki ikkita testni xato yechgani uchun quyi toifaga tushib ketgan va “bilimsiz” deya kamsitilib keladigan ustozlar bilan bir safda bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldim. Go‘yo yelkamdan tog‘ quladi... Ha-ya, bugun direktorimizning, ilmiy bo‘lim mudirining fig‘oni falakka chiqdi. XTBdagilar ishonmay qo‘ng‘iroq qilishdi... Men esa go‘yoki naq 10 yoshga yoshardim.
Amir Temur tavallud ayyomiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazdim. O‘quvchilarimga “Faxriy yorliq”lar, sovg‘alar ulashdim. Tadbir o‘tkazilgan sinfda ota-onalar majlisini tashkil qildim.
Direktorimiz “Endi 1-toifaga tushdim deb bo‘shashmang” dedi. Bo‘shashadigan ahmoq yo‘q. Hayot davom etadi. Yangi o‘quv yilini, fan olimpiadasining respublika bosqichini intiqlik bilan kutyapman. O‘quvchimning bilimini Prezident maktablarida, ijod maktablarida o‘qiydigan o‘quvchilarning bilimi bilan solishtirib ko‘rishim kerak.
Test natijalari bilan o‘rtoqlashganimdan so‘ng, telegramdagi aksariyat guruhdoshlar tomonidan mening bu ishim tanqid qilindi.
“O‘zingizga ziyon qilibsiz, oila budjetiga zarar qilibsiz” deyishdi. Ammo baribir yengil tortdim. Test natijalari tufayli toifasi tushib ketgan ko‘plab mahoratli, tajribali ustozlar oldidagi xijolatdan qutuldim.
Normamat ESHONQULOV, Oltinsoy tumanidagi 63-maktab tarix fani o‘qituvchisi