Attestatsiya diplomdan kuchlimi?
2011-yildan keyin attestatsiya jarayoniga qiziqmay qo‘yganman. Sababi, o‘sha yili attestatsiyaning 1-bosqichida testdan o‘tib, 2-bosqich – suhbat uchun Farg‘onaga borganmiz. U yerda 7 kishidan iborat komissiya 50–60 betlik fayl(ish faoliyatim aks ettirilgan)ni ko‘rib chiqdi. Rosa maqtashdi, keyin esa arzimagan sababga ko‘ra oliy toifadan mutaxassis maqomiga tushirishdi. Shu bo‘ldi-yu, attestatsiyaga qiziqmay qo‘ydim.
2020-yil 10-yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 27-maktabga attestatsiyaga bordim. 40 ta mashq tushdi. Bajarish uchun 1 soat-u 30 daqiqa berildi. 30 ta mashq ishladim. Lekin yetarli ball to‘play olmadim. Eng qizig‘i, nomutaxassis maqomi berildi menga. Bu degani — attestatsiya diplomdan kuchli deganimi? Diplomda esa quyidagi so‘zlar yozilgan: “Umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi”. 36 yildan buyon maktabda ishlayapman. Jarayonning hammasini yaxshi bilaman. Yoshim 57 da, xotira pand bermoqda. Lekin dars jarayoniga alohida tayyorgarlik bilan kiraman.
Biz o‘qigan davrda pedagogika, metodika, psixologiya fanlari juda yaxshi o‘qitilgan. 3-kursda passiv amaliyotga chiqilgan, baho olmaganlar stipendiyadan qoldirilgan. 4-kursda aktiv amaliyotga 45 kun chiqilgan, baho olmaganlar diplom olishga qiynalishgan va hokazo…. Mustaqilligimizning ilk davrida 2 yil qiyinchiliklar bo‘ldi. Shunda ham maktabni tashlab ketmadik, chidadik, o‘shanda hozir toifasi borlar bozorga qochishgandi. Lekin hozir…Yana bir muammo ta’lim sifatini ko‘taraylik deb bong uryapmiz, lekin ta’lim sifati attestatsiya jarayoniga bog‘liq bo‘lsa, ular sifat tushishiga 100 foiz sababchidir. Isbot — men borgan 2-toifa olish uchun attestatsiya jarayonidagi holatni qarang. Maktabdan nazoratchi 5-6 nafar, IIB xodimlari, zalda 20 nazoratchi, men toifa uchun emas jarayonni kuzatish uchun bordim va ko‘rdim. Berilgan 40 ta mashqdan 2-3 tasi maktab dasturidan olingan, xolos, qolganlari esa oliy matematikadan.
Biz maktabda darslik bilan ishlaymiz, chunki davlat rejasi bor, bajarish shart! Agar o‘tayotgan darslik bo‘yicha test olinsa 90% o‘qituvchi 100% bajaradi.
1-taklif: Agar ta’lim sifatini ko‘tarish kerak bo‘lsa, attestatsiya jarayonini o‘zgartirish kerak. Boshlang‘ich sinflarda: savollar 1–4-sinflar darsligi bo‘yicha; yuqori sinflarda: 5–11-sinflar darsligi bo‘yicha tuzilsa, deyarli 90 % o‘qituvchi jarayondan o‘tadi va ta’lim sifati albatta ko‘tarilgan bo‘lardi.
Shunda ham attestatsiyadan o‘tganlar bor-ku dersiz. Kimlar o‘tdi? Repetitorlik qilayotganlar o‘tdi. Ular esa maktabda jamoat topshirig‘i bilan shug‘ullanmaydi, faqat o‘z ishini qiladi.
O‘qiyman, o‘qishga kirishim kerak degan o‘quvchilar repetitorga boryapti, dars payti boryapti, 6-7 soat dars o‘rniga 1 ta fanni o‘rganyapti. Repetitor faqat ta’limga javobgar, maktab o‘qituvchisi esa ta’limga ham, tarbiyaga ham. Tarbiya esa bugungi kunning muhim talabi bo‘lib qolmoqda. Repetitor faqat ta’lim bilan shug‘ullanadi. Maktab o‘qituvchisi tarbiya bilan birga bo‘shlig‘i bor o‘quvchi bilan ham shug‘ullanadi. Maktab o‘qituvchisining vazifasi ko‘p.
2-taklif: Qisqasi, attestatsiya jarayoni va toifalarning umuman keragi yo‘q. O‘qituvchilarga ish stajiga qarab ustama to‘lansin:
3–5 yil: 100 ming so‘m;
6–15 yil: 150 ming so‘m;
16–20 yilgacha: 200 ming so‘m;
20–40 yilgacha: 250 ming so‘m.
1. Bunda ham jarayon soddalashadi, ham juda katta mablag‘ iqtisod qilinar edi. Korrupsiyaning oldini olishga muvaffaq bo‘lamiz.
2. Stajga qarab ustama belgilash noto‘g‘ri bo‘lsa, I, II toifalarni TXTB, oliy toifani Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi berishini taklif qilaman.
3. Inspeksiya oliy toifa berish, kollej o‘qituvchilari attestatsiyasi, institut o‘qituvchilari attestatsiyasi bilan shug‘ullansin.
4. Agar huquq faqat Inspeksiyada qolsa, TXTB va VXTB xodimlari nima qilishadi, ular tomoshabinmi?
Mutaxassislikdan II toifaga o‘tishga ham Inspeksiya aralashsa, qiziq-da. Axborotnomadan tayyor testlarni dasturlashtirish TXTB xodimlarining ham qo‘lidan kelsa kerak. Bu faqat TXTB monitoringiga ishonchsizlik, xolos.
Bu gaplarim albatta kimlargadir yoqmaydi, xulosa chiqarishdan oldin maktabda bir kun 6 soat dars o‘tib bering, keyin meni tushunasiz.
3-taklif: maktabda o‘tilayotgan 10-11-sinf matematika darsligi bo‘yicha.
1. 10-sinf I kitobidagi 5-, 18-mavzular o‘quvchi uchun qiziq emas, bolalar zerikyapti.
2. Tenglamalarni taqribiy yechish mavzusi ham. O‘quvchi 10-sinfdan repetitorga boryapti. Demak, 10-sinf kitobidagi 15 ta mavzu va mashqlarni qo‘shish kerak.
3. 10-sinf darsligi II qismida “Ko‘rsatkichli va logarifmik funksiyalar yordamida modellashtirish” mavzusi o‘rniga boshqa mavzu kiritish kerak.
4. IV bobdagi 86-dan 91-gacha mavzularni o‘zgartirish lozim.
5. 10-sinf geometriya darsligi sifatida 1993-yilda chop etilgan A.V.Pogorelov muallifligidagi geometriya kitobini olish kerak.
11-sinf uchun algebra I kitobidagi 1-2-mavzularni almashtirish lozim. “O‘zgaruvchi miqdorlar”, “Orttirmalarning nisbati”. 29–32-mavzularni “Hosila yordamida modellashtirish”ga almashtirish kerak.
Algebra II kitob 57-mavzudan 85-mavzugacha qayta ko‘rib chiqish zarur. O‘quvchilar uchun qiziqarli mavzularni tanlaylik, chunki bolalar endi o‘rta maktabda o‘qimoqda.
11-sinf algebra darsligini 1977-yilda chop etilgan A.M.Kolmogorovning “Algebra va analiz asoslari” o‘quv qo‘llanmasidan foydalanib yozish kerak.
Oldinlari biz o‘qigan paytda nashr etilgan darslikda xatoliklar bo‘lsa, shu bo‘yicha tuzatishlar kelar edi, mana 2 yil o‘tdi, hech qanday tuzatmalar kelmadi.
Lekin darslikda xatoliklar juda ko‘p.
Xulosa: “Mutaxassis maqomiga loyiq emas” so‘zlarining o‘rniga “Diplom bo‘yicha o‘qituvchi” so‘zlari ishlatilsa, 4-5 yil institutda o‘qigan o‘qituvchilar kamsitilmagan bo‘lar edi!
Rustamjon SHERMATOV, Dang‘ara tumanidagi 26-maktabning matematika fani o‘qituvchisi