Isroil Tillaboyev: “PISAda past ball olsak kerak”
”Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangiz! Oradan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar!” degan edi Mahmudxo‘ja Behbudiy. Darhaqiqat, ta’lim yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlansa, imtiyozlar yaratilsa davlat ham, xalq ham manfaatdor bo‘ladi. Bugun boshqa sohalarda bo‘lgani kabi xalq ta’limi tizimida ham o‘qituvchi xalqining dardini baralla aytib chiqayotgan, mavjud muammolarni yuzalantirib, mutasaddi-rahbarlarni chin ma’noda “uyg‘ota olayotgan” jurnalist va blogerlar jamiyatning eng faol qatlamiga aylanib bormoqda. Suhbatdoshimiz – o‘qituvchi-bloger Isroil Tillaboyev.
— Isroil aka, sizningcha Behbudiy bobomizning vasiyatini bugun hukumatimiz to‘kis ado eta olyaptimi? Shuningdek, mamlakatimizda o‘qituvchilar zimmasidagi mavjud qaysi yuklamalarni hali ham ortiqcha, asosiy maqsaddan chalg‘itadi, deb hisoblaysiz?
— Ta’lim tizimi davlatning taqdirini belgilaydi. Bir paytlar o‘qituvchilar ta’limdan boshqa ishlarga jalb qilingani sabab o‘zining asosiy ishini bajarishga vaqti yetmadi, hafsalasi ham qolmagan edi. Esimda, shu darajaga borgan edikki, tuman hokimi majlislarning birida “Falon maktabga borsam, o‘qituvchilar dalaga chiqmay maktabda o‘tiribdi”, degan edi. Tasavvur qilavering, qanchalar ayanchli ahvolda ishlashga majbur bo‘lgan o‘qituvchilarimiz. Bunday byurokratik munosabatdan so‘ng ommaviy tushkunlik, alamzadalik kayfiyatida berilgan ta’lim haminqadar, yuzaki bo‘lishi tabiiy. Buning ta’siri ko‘pchilik o‘rta yosh toifadagilar bilimida sezilib turadi.
Mayli, “hechdan ko‘ra kech” deganlaridek, o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘sini oshirish harakati boshlandi, majburiy mehnatdan ozod qilindi, qog‘ozbozlikdan qutuldi. Endi ta’limning sifat bosqichi haqida maqsad qilinsa bo‘ladi. 2010-yillarda 18 ta, 2016-yilda 6 ta, 2018-yilda 3 ta, va nihoyat, 2020-yilda 1 dona hujjat – jurnal to‘ldirilsa kifoya bo‘ladigan bo‘ldi. O‘qituvchi uchun bu katta qadam!
Ammo ta’limda o‘qituvchilar yurgizadigan hujjatlar tugatilgani bilan ta’lim sifatiga javob beruvchi O‘IBDO‘, MMIBDO‘ va psixologlarning hujjatlari o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Keyingi qadamda shu masala so‘rovnomalar bilan optimallashtirilsa yaxshi bo‘lar edi.
— Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov “O‘qituvchilarning maoshi, toifasini inobatga olgan holda 2024-yilga kelib 1000 dollarga yetkaziladi” deb ta’kidladi. Sizningcha, buni amalga oshira olishadimi?
— Vazir o‘rinbosari, ayniqsa, moliyaviy masalalar bo‘yicha javob beruvchi o‘rinbosar aniq iqtisodiy rejalar bilan gapirsa kerak, deb o‘ylayman. Buning ustiga, bu xususda shaxsan Prezidentning o‘zi ham ko‘p ta’kidlab kelmoqda. Oddiy o‘qituvchi sifatida bu juda qiyin ishdek tuyuladi menga, ayniqsa, chuqur karantindan chiqqan davlat uchun ikki yil ichida bunday ishni amalga oshirish oson bo‘lmaydi, menimcha. Lekin yuqori doiradagilar aytgani uchun ham umid qilamiz va kutamiz.
— Isroil aka, ikki yil avval aytgan konspekt yozmaslik darajasiga yetamiz degan gapingiz bugun amalga oshdi. Ta’limning yaqin kelajagida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana ba’zi ehtimollarni taxmin qilolasizmi?
— Avvalo, yaqin kelajakda o‘qituvchilarning bilim sifati chuqur tahlil etilish ehtimoli katta. Ta’lim islohotlarini bilimi kuchli, salohiyati yuqori o‘qituvchilar yuzaga chiqarib bera oladi. Shuning uchun o‘quvchilar bilimini oshirishdan avval, o‘qituvchilarning bilimi oshirib olinishi zarur deb o‘ylayman. Malaka oshirish tizimi o‘zgarmoqda, bu tizimni ham hanuz to‘la tushunib olganimiz yo‘q. O‘z iziga tushib olsa, malaka oshirish majburiy emas, balki pedagoglar o‘zlari xohlab boradigan tizimga aylansa kerak.
Yana bir taxminim borki, bu balki pessimistik qarash bo‘lishi mumkin, ya’ni O‘zbekiston 2022-yilda Xalqaro baholash dasturlarida qatnashadi. Bu tadqiqot mamlakatimiz uchun debocha bo‘ladi va shu imtihonda, PISAda shok holatga tushsak kerak, ya’ni — past ball olsak kerak, deya taxmin qilyapman. Mabodo shunday bo‘lsa ham bu fojea emas deb bilaman. Birinchi qadamni qachondir bosib o‘tishimiz kerak-ku, baribir. Bu bilan O‘zbekiston ta’lim tizimining dunyo ta’limida qanday o‘rinda ekani, nimalarni tuzatishimiz kerakligini, xatolarimizni bilib olamiz va to‘g‘rilaymiz.
Taxminlarimdan yana biri, maktabda o‘quvchilarga o‘zlari istagan fanlarga qatnashish imkoniyati berilishi ehtimoli bor. Buning dastlabki elementlarini variativ o‘quv usullarida ko‘ryapmiz. Shu yo‘nalish kuchaytirilsa kerak, deb o‘ylayapman.
Direktorlarni saylash masalasi ham hali katta muammolar va turli gap-so‘zlarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki yangi tartibda direktorlarni deputatlar saylaydigan bo‘ldi.
— Xalqimizda ajoyib maqol bor: “Qo‘rqsang aytma, aytsang qo‘rqma”. Shubhasiz, har bir ko‘tarib chiqayotgan muammo va tanqidlaringiz ortidan sizning qalamingiz tig‘i qaratilgan ayrim mutasaddilar, javobgar taraflar tinch turishmaydi. Raddiya berish, oqlab chiqish yo‘llarini taklif qilishga yoki sizdan ustunroq odamlar orqali “silliqlash”ga urinishadi. Bunday hollar tez-tez uchrab turadimi? Va bu faoliyatingizga qanchalik ta’sir o‘tkazadi?
— Albatta, ko‘p uchraydi. Axborot erkinligiga o‘tayotgan davrimizda bu kutilgan holat deb o‘ylayman. Iltimos qilganlarga to‘g‘ri tushuntirishga harakat qilaman, do‘q-po‘pisalar ham ko‘p bo‘ladi, xayriyatki, bizda, ko‘z tegmasin, bunday holatlar uchun qonun yaxshi ishlamoqda.
— Yaqinda Prezidentimiz Farg‘onaga tashrifi chog‘ida jurnalist va blogerlarga qarata “Men sizlarni yutug‘imizni ham, kamchiliklarimizni ham xalqimizga adolatli qilib yetkazayotgan kuch deb bilaman, ortingizda Prezident turibdi” deya yana bir karra ishonch bildirdi. Bu motivatsiyadan so‘ng ta’lim sohasidagi qaysi og‘riqli nuqtalarni olib chiqishni istagan bo‘lardingiz?
— Ta’limda hali isloh etilishi kerak bo‘lgan minglab muammolar mavjud. Eh-he, bularning deyarli hammasi iqtisodga bog‘liq. Masalan, maktablarning to‘liq bir navbatda ishlashi, sinfda 20-25 bola o‘qishi, fanlarni bo‘lib o‘tish masalasi, stavkaning pasayishi... Lekin baribir, ta’limni “kemirayotgan” og‘riqli nuqtamiz bu — korrupsiya, mana shu illatni yo‘qotmas ekanmiz, maktabda ham, boshqa tashkilotda ham yaxshi kadr o‘z munosib o‘rnini topmaydi, ta’lim sifati biz o‘ylagan cho‘qqiga yeta olmaydi.
— Raqobat — rivojlanish va o‘sishning muhim ijtimoiy belgisi. Sizningcha, bugun sohangizdagi blogerlar o‘zaro raqobatdosh bo‘lib qaysidir ma’noda bir-birining o‘z ustiga ishlashiga, o‘sishiga turtki bo‘la olyaptimi?
— Blogerlarning deyarli barchasi bilan do‘stman (bloger deganda tik-tokchilarni nazarda tutmayapman, albatta). Bizda o‘zaro hamfikrlilik, bilmagan narsalarini bir-biridan so‘rab o‘rganish jihati kuchli. Har bir bloger o‘ziga xos yo‘nalish va uslublarga egaligi tufayli ham birining kamini boshqasi to‘ldirishga, sohasidan kelib chiqib maslahatlar berishga intiladi. Bu jihatlar bugun o‘zbek blogosferasi rivojlanishida katta rol o‘ynamoqda.
— Youtube va tiktok blogerlari haqida nima deysiz?
— Youtube bizda hali egallanmagan auditoriya, to‘g‘risi o‘zim ham youtube blogerlarini kuzatib bormayman. O‘zgacha bir shovqinli dunyoga o‘xshataman uni. Sifat keyingi o‘rindaligi tufayli youtubedagi videolarni bir-ikki minutdan ortiq ko‘rolmayman. “Shok xabar” deb ochilagan videolar esa ta’bimni xira qiladi. Youtubeda o‘z fanimga doir videodarslarimni joylagan edim, 2 yilda 300 ta obunachi ham yig‘ilmagan, darslarim esa eng ko‘pi 1500 marta ko‘rilgan xolos. Aslida, matematikaning har bir mavzusiga video-darslar olib joylaganman. Auditoriya talabi “shok xabar”larga o‘ch ekan, nima ham derdik.
— Xalq ichidan otilib, el dardini baralla ko‘tarib chiqish oson ish emas. Buning uchun alohida salohiyat, jasorat va matonat talab etiladi. Shuncha mashaqqatga yarasha blogerligingiz ortidan qanchalik foyda topdingiz?
— Shaxsiy moddiy foydamni aytayotgan bo‘lsangiz, biror marta blogerlik orqasidan pul ishlashni xayolimga keltirmaganman, shunchaki bu – hobbim. Lekin blogerligim orqasidan bir katta foydamni aytmasam bo‘lmaydi, ya’ni postlarim orqasidan qishlog‘im ichimlik suvi bilan ta’minlangani eng katta foyda bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman.
— Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Yangi tarkibga ko‘ra, sizni jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari etib saylashdi. Bu yanada katta mas’uliyat degani. Endilikda maqsadlaringiz ko‘lami qanday?
— Bu men uchun juda katta mas’uliyat. Norasmiy jamoatchilik vakilligidan rasmiy jamoatchilik vakilligiga o‘tish o‘ziga yarasha jiddiy harakat va e’tiborni talab etadi. Ushbu Jamoatchilik kengashi tarkibi oddiy o‘qituvchidan tortib senatorgacha, kuchli potensialli soha vakillaridan iborat bo‘ldi. Galdagi maqsadim, kengash a’zolari bilan maksimal darajada hamkorlik qilib, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni hal etishda o‘z takliflarimizni vazirlikka taqdim etib borish va xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilishdan iborat. Shu bilan birgalikda, soha bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz. Bu borada bizga keng jamoatchilikning fikrlari muhim sanaladi. Tizimga oid takliflarni @XTVjamoat botida kutamiz.
— Suhbatimiz so‘ngida xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan hamkasblaringizga tilaklaringiz?
— Pedagog bu – yetaklovchi degani. Har qanday jamiyatda nafaqat bolalarni, balki o‘sha jamiyat kishilarini ham yetaklay oladigan kasb. Shuning uchun o‘qituvchilar hamma davrda ham ilg‘or ziyolilar hisoblab kelingan. Hatto, sobiq sovet davrida hokimlar ham “bu ziyoli, bilimi kuchli” deya o‘qituvchilardan hayiqib turgan. Hozir ham shu obro‘-e’tiborni saqlab qolish yo‘lida ustozlarimiz tinimsiz mehnat qilishi, jamiyat va o‘z hayotiga befarqlikni yo‘qotishi, mustaqil fikrini ochiq ayta olishi, shuningdek, o‘zi tarbiyalayotgan o‘quvchilarni ham qoliplarsiz, mustaqil fikrli shaxs qilib tarbiyalashi kerak bo‘ladi. Mana shu mas’uliyatli ishda barcha hamkasblarimga sihat-salomatlik va omad tilayman!
O‘zJOKU talabasi
Nafisa ORTIQOVA
suhbatlashdi.