Tushovlangan xalq ta’limi
Bolaligimdan eng sevgan mashg‘ulotim hosildan bo‘shagan dalada qo‘y boqish edi. Qishloq bolalari jamoa xo‘jaligi dalasida mol-qo‘ylari, eshaklarini boqishardi. Maktabdan keliboq bir burda non va yana meva-chevalardan olib qo‘y boqish uchun ishtiyoq bilan dalaga shoshardim. Qo‘y boqish ham o‘ziga yarasha maroqli ish, lekin meni dalaga chorlaydigan ohanrabo bu — eshaklar poygasi edi. Qishloq xalqi eshak qochib ketmasligi uchun jonivorning old oyoqlarini tushovlab dalaga qo‘yib yuborishardi.
Men va tengdoshlarim uchun dunyodagi eng qiziq mashg‘ulot mana shu tushovlangan eshaklarni minib poyga qo‘yish bo‘lardi. Jonivor lo‘killab, sakrab-sakrab yugurganligi sababli uning ustidagi chavandoz muvozanatini saqlay olmay eshakdan qular va bu holatni kuzatib turgan bolalar qotib-qotib kulishardi. Garchi u yer-bu yerimiz oz-moz shilinsa-da, baribir bolalarga qo‘shilib maza qilib kulardik va bu hunarimizni hech qo‘ymasdik. Hali ham beg‘ubor bolaligimni eslaganda tushovlangan eshaklar poygasi yodimga tushib, yuzimga tabassum yuguradi. Bolaligimdan shuni anglaganmanki, tushovlangan eshakni har qancha niqtamang, baribir foydasi yo‘q, ko‘zlagan manzilingizga yeta olmaysiz, aksincha, yiqilib biror yeringizni jarohatlashingiz mumkin.
2020-yil 22-oktabr kuni umumta’lim maktablarining reytingi e’lon qilinishi va natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati, ushbu tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Unda ta’kidlanishicha, 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat ishlarida jami 22 769 nafar o‘quvchi qatnashdi va ularning 56,1 foizi ona tilidan diktantdan va 11,97 foizi matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi. Ta’kidlab o‘tish lozimki, bu ko‘rsatkich aynan bir hududga tegishli emash. Maktablar respublikamizning turli hududlaridan tasodifiy tarzda tanlangan bo‘lib, ularning ichida o‘qitish sifati yuqori va o‘qish sifati o‘ziga yarasha bo‘lgan maktablar ham bor.
Bu nimadan dalolat beradi? Respublikamizda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning bilimi shu darajada pastmi yoki davlat ta’lim standartlarining talablari imkoniyatdan yuqori qilib belgilanganmi? Demak, o‘z ona tilimizdan savodimiz zo‘rg‘a uch bahoga arzir ekan yoki Beruniy va Xorazmiylar avlodlarining matematika fanidan bilim darajasi ikki bahoga ham tortmaydimi?
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra 2030-yilga kelib Xalqaro miqyosda o‘quvchilarning baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishga erishish mo‘ljallangan. Yuksak marralarni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, lekin ta’lim tizimining ahvoli haminqadar bo‘lsa, kelgusida Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi bo‘yicha o‘quvchilarimizning bilim darajasi baholanganida 11,97 foizli “milliy sharmandaligimiz” “Xalqaro sharmandalik”ka aylanib qolmaydimi? O‘zining “faloniylar” avlodi ekanligi bilan faxrlanadigan millat farzandlarining intellektual salohiyati juda past ekanligi dunyo miqyosida ma’lum bo‘lib qolsa, davlatimizning xalqaro imijiga salbiy ta’sir qilmasmikan?
Ijtimoiy tarmoqlarda va hatto davlat telekanallari orqali turli soha vakillari xalq ta’limi tizimiga nisbatan har xil, ko‘pincha salbiy fikr bildirishmoqda. Xo‘sh, nega bunday? Yoki xalq ta’limi rostan ham shunchalik abgor holdami?
To‘g‘ri, tizimda muammolar yetarli darajada, lekin bu muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q va buning uchun aynan kimnidir ayblash fikridan yiroqman. Shunchaki, tashkil qilinganligiga yuz yillar bo‘lgan tizim o‘zi inqilobiy o‘zgarishlarga muhtoj. Kommunistik tuzum, u tayangan mafkura va kommunistlar tomonidan yaratilgan ko‘plab narsalar barbod bo‘ldi, faqat ta’lim tizimidan tashqari. Bizning ta’lim tizimimiz mazmunan kommunistik, shaklan zamonaviy G‘arbiy Yevropa ta’lim tizimiga o‘xshashga harakat qilayotgan mutant jonzotga o‘xshab qolyapti.
Bugungi kundagi xalq ta’limi tizimiga XX asrning 20-yillarida sho‘rolar tomonidan asos solingan bo‘lib, uning maqsadi avomni savodli qilish bo‘lgan. O‘sha davrda na oliy ta’limga jalb qilish va na qanaqadir xalqaro baholash tizimi talablariga javob beradigan darajadagi kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilmagan. Mana, yuz yil bo‘libdiki, xalq ta’limi tizimi o‘ziga yuklatilgan vazifani matonat bilan bajarib kelmoqda. Hozirgi kunda respublikamizdagi maktab yoshidagi deyarli barcha bolalar va o‘smirlar ta’lim jarayoniga qamrab olingan, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar ham. Pedagog sifatida shuni aytishim mumkinki, xalq ta’limi tizimida o‘z vazifasiga sadoqat va yuksak mas’uliyat bilan yondashib kelayotgan fidoyi ustozlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ishlash uslubimiz va yaratilgan imkoniyatlar eskicha-yu, bizga qo‘yilgan talablar yangicha bo‘lyapti. Davr bizdan nafaqat o‘quvchiga bilim berishni, uning savodini chiqarishni, balki uni xalqaro darajada raqobatlasha oladigan kadr qilib tarbiyalashni talab qilmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja “…maktablar ojiz bo‘lganligi uchun repetitorlik biznesi gullab-yashnaydi, agar maktablar kuchli bo‘lganida repetitorga ehtiyoj qolmasdi” degan edi.
Taassuflar bo‘lsinkim, bugungi kunda xalq ta’limi tizimini tashqaridan kuzatayotganlarning ko‘pchiligining fikri shunday. Talablar esa yuqori. Bu aslida tushovlangan ot mingan chavandozdan otlar poygasida g‘olib chiqishni talab qilishday gap.
Maktablarning “ojiz”ligi ulardagi pedagoglarning salohiyatiga bog‘liq emas. Buning sababi ikkita:
– birinchidan, maktab o‘qituvchisi qiziqishlari, xohish-istaklari turlicha bo‘lgan bolalarni o‘z faniga qiziqtirishga, agar qiziqish bildirmasa turli usullar bilan ularni o‘qishga majburlashga mahkum etilgan.
Repetitorga esa ma’lum bir fanni chuqur o‘zlashtirishni xohlaydigan o‘quvchilar borishadi. Va albatta, bunday guruh bilan ishlash ancha osonroq, ta’lim sifati ham shunga yarasha yuqoriroq bo‘lishi tabiiy;
– ikkinchi sababi esa bu muammoning moliyaviy tomoniga borib taqaladi. Masalan, repetitor o‘rtacha har oyda kishi boshiga 200 ming so‘m olsa, bu 30 kishilik guruhdan 6 million so‘m daromad qiladi degani. Maktab o‘qituvchisi esa agar omadi kelib to‘liq bir stavka dars olishga muvaffaq bo‘lsa, ko‘pi bilan 2,5 million so‘m pul olishi mumkin.
Bugungi kunda o‘quvchi bilimini baholashning eng samarali usullaridan bo‘lgan test tizimi “sovetlardan qolgan” ta’lim tizimiga halokatli zarba bergan omillardan biridir. Chunki oliy ta’limga qabul uchun testlar shu paytgacha uchta fandan olingan. Bu o‘quvchi uchun maktabda o‘qitiladigan qolgan 20 ta fanning ahamiyatini yo‘qqa chiqaradi. Eng yomoni, o‘quvchida fanni o‘zlashtirish uchun ichki ishtiyoq, intilishning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. O‘qituvchilar esa quloqsiz bolalarni o‘qishga jalb qilish uchun “an’anaviy va yuqori samarali” usul bo‘lgan “shapaloq” metodidan foydalanishadi. Ta’limda o‘quvchilarni darsda ushlab turish muammoga aylangan bo‘lsa, bu ta’lim tizimining halokatidan dalolatdir.
Dono xalqimizda “baliq boshidan sasiydi” degan gap bor, buning isbotini bugungi xalq ta’limi tizimining holatidan bilish mumkin. Sobiq xalq ta’limi vaziri U. Inoyatov rahbarligining oxirgi yilida ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida harakat boshlangandi, afsuski umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktori lavozimiga kadrlar zaxirasini(“dublyor” direktor) shakllantirish g‘oyasi qog‘ozlarda qolib ketdi. Ma’lum bir maktabda ta’lim sifatining yuksalishi uchun adolatli boshqaruvning ahamiyati benihoya katta. Shu sababdan rahbar kadrlarni o‘z o‘rniga qo‘ya bilish xalq ta’limi tizimi uchun hayotiy muhim masala bo‘lishi lozim.
Maktab boshqaruvi yuqoridan pastga qarab, vertikal asosda qurilgan bo‘lib, bunda aksariyat hollarda maktab rahbarining vazifasi, shaxsiy tashabbus ko‘rsatish, maktabni rivojlantirish o‘rniga, yuqoridan keladigan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, yuqoriga ma’qul tushishga qaratilgan. Maktab rahbari lavozimga tayinlanar ekan, ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatish muddati ko‘zda tutilmaydi. Agar hammasi bir maromda ketsa, bemalol nafaqagacha “akang direktor” deb, savlat to‘kib yuraverishi mumkin. Bugungi kunda ko‘pchilik rahbarlarimiz ta’lim sifati uchun yonib-kuyishdan ko‘ra, “bir maromda” ishlashni afzal ko‘rishadi. Bunday rahbarning asosiy o‘y-xayoli-yu muammosi mansab kursisini saqlab qolish bo‘lib qoladi. Mansab dardiga chalinib qolgan rahbarlar uning, “Benazir aql-zakovat sohibi” ekanligini e’tirof etadigan maddohlar-u, qarindosh urug‘, oshna-og‘aynilaridan iborat jamoani shakllantirishga harakat qiladi. Bunday muhitda o‘qituvchidan bilim va pedagogik mahoratdan ko‘ra ko‘proq rahbarga ma’qul kelish talab qilinadi.
Respublikamiz bo‘yicha nafaqaga chiqqan bo‘lishiga qaramay bir necha yillardan buyon rahbarlik qilib kelayotgan kadrlar mavjudligini qanday izohlash mumkin? To‘g‘ri, bu masalada uzoq yillik tajriba, xarizmatik qobiliyat, liderlik salohiyati haqida balandparvoz gaplarni gapirish mumkin. Shuni unutmaylikki, lider vaziyatning mahsulidir. Har bir odamda liderlik sifatlari bor, lekin ayrim vaziyatlar ayrim shaxslarning o‘zlarini ko‘rsatishlari, lider bo‘lishlari uchun qulay hisoblanadi.
Haqiqat shuki, maktab rahbari lavozimiga tayinlanishida uning rahbarlik qilish muddati aniq belgilanmaganligi, ota-onalar va pedagogik jamoaning bevosita ovoz berishi bilan saylanmasligi tizimda korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikning rivojlanishiga va oxir-oqibatda ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘ladigan omil hisoblanadi.
Maktab rahbarini saylov orqali lavozimga tayinlash tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Rahbar bilan doimiy muloqotda bo‘ladiganlar, asosan, pedagog xodimlar va ota-onalardir. Shu sabab maktab rahbarini tanlashda mana shu ikki toifa xohish-irodasini inobatga olish kerak. Maktab direktori va uning o‘rinbosarlari har to‘rt yilda, ota-onalar va maktab pedagogik jamoasi tomonidan saylanishi, ish faoliyati jarayonida rahbarning vazifasiga salohiyatsizligi ko‘zga tashlanganda uning lavozimidan ozod qilinishini kafolatlaydigan tizim yaratilishi zarur.
Mustaqilligimizning o‘tgan qisqa davri ichida xalq ta’limi tizimi og‘ir inqilobiy o‘zgarishni boshidan o‘tkazdi. Kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish, ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir. Chunki kirill yozuvi orqali savodi chiqqan ota-onalarning aksariyati farzandlarining ta’lim olishini yetarlicha nazorat qilolmaydi.
Shu o‘rinda kuni uzaytirilgan guruhlarning tugatilishi xalq ta’limiga berilgan zarbalarning eng halokatlilaridan biridir. Aksariyat ota-onalar hatto 4-sinf matematikasi, rus tili va chet tillarini tushunmaydi, uyga vazifani bajarishda farzandiga tushuncha yoki biror-bir usulda yo‘nalish bera olmaydi, chunki ota-onalarning o‘zlari lotin yozuvidagi matnni o‘qishga qiynaladi.
Ta’limning sifati ko‘p jihatdan ta’lim beruvchining ruhiy va jismoniy holatiga ham bog‘liq. Maktab o‘qituvchisi qora qozonining qaynab turishi uchun hech bo‘lmaganda to‘liq stavkada ishlashi kerak. To‘liq stavka haftasiga 20 soatni tashkil qilsa, bir kun metodik kun sifatida ajratiladigan bo‘lsa, bu o‘qituvchi har kuni to‘rt soat dars o‘tib, javrashi kerak degani. Eng mohir notiqlar ham agar har kuni to‘rt soatdan ma’ruza qilsa, holdan toyib qolishi tayin. Dars stavkalarini kamaytirish kerak, toki o‘qituvchi holdan to‘ygunicha dars bermasin. Ishdan bo‘sh vaqti o‘z ustida qo‘shimcha ishlasin, gazeta o‘qisin, internet orqali o‘zi uchun foydali ma’lumotlarni izlasin. Ma’naviy hordiq chiqarsin va ishga tetik, bardam holda kelib, ko‘tarinki ruhiyat bilan ta’lim bersin.
Joriy o‘quv yilida amalda bo‘lgan tayanch o‘quv rejani ko‘rib qiziq bir holatga duch kelasiz. 5-, 6-, 7-sinflarda bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan informatika faniga 1 soat ajratilgani holda texnologiya(mehnat) faniga 2 soat ajratilgan. Agar bo‘linish bilan hisoblasak, bu haftasiga 4 soat texnologiya fani o‘tiladi degani. Ba’zan o‘ylanib qolaman, ta’lim tizimimizning maqsadi ishchilar yetishtirib berishdan iboratmi?
Yoki boshlang‘ich sinflarda tasviriy san’at faniga 1 soat, texnologiya faniga ham 1 soat ajratilgan. Bu fanlarni o‘zaro ixchamlab, buning o‘rniga o‘quvchining yosh va psixo-fiziologik imkoniyatlarini inobatga olgan holda o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini oshirishga e’tiborni qaratsak yanayam samaraliroq bo‘lardi deb o‘ylayman. Axir o‘quvchilar bilimini xalqaro baholash dasturlari shu fanlar asosida tuzilgan-ku.
Keyingi yillarda xalq ta’limi tizimida ilgaridan mavjud bo‘lgan qog‘ozbozliklarga chek qo‘yilib, o‘qituvchilarning ko‘kragiga shamol tegdi. Bunday ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etgan holda, quyidagi takliflarimni bildirib o‘tishni lozim deb hisoblayman.
Ma’lumki, o‘qituvchini moddiy rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida, o‘rnak ko‘rsatgan, fidoyi o‘qituvchilarga ustama belgilanadi. Bunda fidokorona mehnat bilan birga yostiqdek papka tayyorlash ham talab qilinadi. Bundan tashqari, pedagog malaka toifasini olishi uchun ham xuddi shunga o‘xshagan papka tayyorlashi shart. Eng alamlisi, bir yoki bir necha yillardan keyin nazorat-taftish boshqarmasi yoki boshqa bir tashkilotdan kelganlar, go‘yoki favqulodda o‘ta xavfli iqtisodiy jinoyatchilarni aniqlayotgandek papkalarni titib, kamchilik topib, bechora o‘qituvchining olgan daromadini tortib olishga harakat qilishadi.
O‘qituvchini rag‘batlantirishning yangi tizimini ishlab chiqish kerak. Rag‘batlantirish uchun yo‘nalishlar belgilanib, shu yo‘nalishlar bo‘yicha yil davomida rag‘batlantirib borish lozim. Masalan, o‘quvchisining fanlar olimpiadasi yoki bellashuvlarda yuqori ball olishi, ish tajribasining ommalashuvi, tashqi monitoringda o‘quvchilar bilimining yuqori ko‘rsatkichi uchun yoki ommaviy axborot vositalarida ta’limga oid chiqishlari va hokazolar ko‘rinishida. Bunda o‘qituvchidan yostiqday papka talab qilinmasdan, nima sababdan rag‘bat belgilanganligi bayonnomasi va maktab direktorining buyrug‘i talab qilinsin, toki o‘qituvchining vaqti papka to‘ldirish bilan o‘tmasin.
Xalqaro, respublika yoki viloyat fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga kelajakda kim bo‘lasan deb savol bersangiz, aksariyati o‘qituvchilik kasbini tanlamaydi. Bunga sabab bitta, bu ham bo‘lsa masalaning moddiy jihati. Oqibatda millatning yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘ladigan yoshlari daromadi yaxshiroq sohalarni egallashga harakat qilishadi, xalq ta’limida esa men kabi o‘rtamiyona kadrlar qoladi. To‘g‘ri, pedagoglik salohiyati yillar davomida shakllanadigan jarayondir va bunda zo‘r o‘quvchi zo‘r pedagog bo‘la olmasligi ham mumkin. Lekin yuqori salohiyatli yoshlarning ta’limga yo‘naltirilishi kelgusida ta’limni rivojlantirish orqali mamlakatning rivojiga sabab bo‘lishi mumkin.
So‘zim so‘ngida shuni aytib o‘tmoqchimanki, iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarning oldingi saflarida, sifatli ta’lim tizimiga ega davlatlar turadi.
Elyor QAYIMOV, tarix fani o‘qituvchisi