Attestatsiya o‘qituvchi uchun imkoniyatmi yoki adolatsizlik?
Shu kunlarda o‘qituvchilar uchun eng dolzarb mavzu — attestatsiya. Navbatdan tashqari sinovlarda ishtirok etgan va sinov oldida turgan pedagoglar telegram tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida mavzu doirasida rosa bahslashishdi. E’tiborlisi, har bir o‘qituvchining bu borada o‘z yondashuvi, shaxsiy munosabati va taassurotlari bor.
Muyassar ABDURAIMOVNA, o‘qituvchi:
— Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari attestatsiyasida ustozlarning ahvolini ko‘rib ham xo‘rligim keldi, ham uyaldim. Sho‘rlik ustozlar to‘p-to‘p bo‘lib qo‘lida o‘quvchilar uchun berilgan darsliklarni ko‘tarib olishgan. Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida faqat o‘qishmoqda. Ba’zilari esa ichkaridan kimdir chiqsa, yugurib borib, atrofini o‘rab “Qanday savollar tushdi?” deb so‘raydi. Ana shu jarayonga qarab turib, ustozlarni manziliga olib kelayotgan taksichilardan uyaldim. O‘qituvchilar u yoqdan bu yoqqa zir yugurib, o‘tirishga joy topsa o‘tirib, bo‘lmasa tik turib kimdir shpargalka, yana kimdir duo o‘qigan, yana kimdir ichkaridan chiqadiganlarni umidvor kutgan... Jamiyatning eng hurmatli kishisiga aylantirishga urinilayotgan, xalqning bolasini ilmli qiluvchi kasb egalarini bu holatda ko‘rish juda achinarli. Pedagogni shu ahvolda ko‘rgan odamlar farzandi kelajakda o‘qituvchi bo‘lishini xohlaydimi? Yana bir masala, attestatsiya topshirayotgan pensiya yoshiga yetib qolgan ustozlarning muammosi yoshlarnikiga nisbatan yanada og‘ir. Ular shu attestatsiyadan o‘tolmasa, maoshi kamayib ketadi(chunki ko‘pchiligi 1-toifali pedagoglar). Keyin o‘sha ozayib qolgan oylik maosh bilan pensiyaga chiqsa, pensiya miqdoriga ta’siri bor. Nima uchun umrining yarmidan ko‘pini maktabga, ta’limga sarflagan, kamida 20–25 yillik pedagogik stajga ega o‘qituvchilar attestatsiyadan o‘tishi shart? Yosh, hali asablari joyida, xotirasi ham tiniq bo‘lgan pedagoglar uchun testlarda tushadigan savollarning javobini yod olish qiyinmas, ko‘rinib turibdi-ki, attestatsiyadan o‘tgan ustozlarning ko‘pchiligi yoshlar. Ana endi birgina attestatsiya uchun umrini maktabga fido qilgan ustozlar nima uchun pensiyaga ketish jabhasida 1-toifa yoki oliy toifadan “tushib” ketishi kerak?
Muzaffar ISMOILOV, Andijon tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qituvchi abituriyent emas. Hech qachon yiqilmaydi. Uni yiqitishadi. Attestatsiya o‘qituvchining obro‘sini to‘kib yuboradi. Yaponiya, Singapur, Finlandiya ta’limida test attestatsiyaning o‘zagimi? O‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham ilm o‘rganish o‘rniga test yodlayapti. Test attestatsiya degani emas. O‘qituvchini abituriyentga aylantirib qo‘yishyapti. Toifani belgilashda ish staji ham hisobga olinishi lozim. Hozirgi attestatsiya o‘qituvchi oyligini pasaytirishga qaratilgan. Besh yuz ming o‘qituvchi nega bu masxarabozlikka chidab kelyapti?
Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM o‘qituvchisi:
— Tasavvur qiling, 45–50 yoshli o‘qituvchilar attestatsiya yaqinlashgan sari uyida, ishida halovatsiz bo‘lib qoladi. Kuchli stress, xavotir, depressiyani boshdan kechiradi. Oila, uy yumushlari, darsni samarali tashkil qilishga urinishlar va harakatlar bir chetga suriladi. Faqat test. Darhaqiqat, u hayot-mamotga aylanadi go‘yo. Chunki buning ortida shaxsning qadr-qimmati, g‘ururi, agar o‘tolmasam, nima degan odam bo‘laman, degan andisha turadi. Yosh o‘qituvchilarda esa bunday tug‘yonlar bo‘lmaydi. Ularda bilim bordir, ammo bolalar, ota-onalar bilan ishlash tajribasi yo‘q. Katta yoshli ustozlarda esa tajriba bor-u, xotira pasayishi tabiiy.
Gulnora YANGIYEVA, Buxoro shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— 17 yil 1-toifa o‘qituvchisi edim, o‘tgan yili ba’zi sabablarga ko‘ra 2-toifaga tushib qoldim. Har majlisda toifa haqida gapirishganda menga qarab qo‘yishadi. Atigi bitta test savoli mening 27 yillik pedagogik faoliyatimni hal qildi. O‘tgan darslarim, qancha-qancha yutuqlarga erishib kelayotgan o‘quvchilarim, xullas, hamma-hammasi tugaganday go‘yo, ahamiyatsizdek endi hammasi. Yoshingiz o‘tgach xotira pand berar ekan.
Sarvinoz SUNNATOVA, G‘ijduvon tumanidagi 47-maktab o‘qituvchisi:
— Attestatsiya haqida ko‘p va xo‘p gapirildi. Navbatdan tashqaridagisi juda yosh o‘qituvchilarni oliy toifaga chiqarib qo‘ydi. Lekin nafaqaga yaqinlashib qolganlarning testdan o‘tolmay, toifasi tushayotganligi achinarli. Fanlar bo‘yicha test yechish muammo emas. Chunki hammasi darslikdan. Bechora boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga qiyin. Nimani o‘qishni bilmaydi. Boshlang‘ich degan DTM testi yo‘q, darslik yo‘q. Qo‘liga tushganini o‘qiyveradi. Ularga test sal osonlashtirilsa, yaxshi bo‘lardi. Har gal attestatsiya boshlanganda maktabimizdagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga rahmim keladi. O‘zim tilshunosman. Variant, darsliklarni o‘qiyman. Bizga nimadan
tushishi aniq.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Attestatsiyadan o‘tish — faqatgina testdan yuqori ball olish degani emas. Bugun esa ana shu “yuqori ball” trendda.
Laylo XUDOYOROVNA, Urganch tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 1–4-sinflarning 30 ga yaqin darslikni o‘qib chiqishi zarur bo‘lib qoldi. Bu bilan ularni avval bu darsliklarni o‘qimagan deb bo‘lmaydi. O‘qishgan, darsda shu mavzularni o‘tishgan. Ammo “Bahor”’ she’ri hamma sinfda bor, mualliflari boshqa-boshqa. Yoki falon matndagi qahramonlar degan savollarda ismlarni chalkashtirish hech gapmas. Har bir hikoyaning qahramonini eslab qolish uchun miya kompyuter bo‘lishi kerak. Yoki har bir viloyatning aholi soni, tasviriy san’at, texnologiyadan atamalar so‘ralyapti. Bu ma’lumotlarni yosh o‘qituvchilar yodlaydi, ammo 25–30 yillik stajga ega tajribali ustozlar-chi? Bir fidoiy, mahoratli, tajribali ustozni bilaman, chalg‘ituvchi savollar sabab attestatsiyadan o‘tolmadi.
Azzatjon AZIMOVA, Xonqa tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi:
— “4-sinf “O‘qish” darsligi qaysi bo‘limdan boshlanadi?”, “1-, 2-, 3-, 4-sinf “O‘qish” darsligining har qaysida qanchadan bo‘lim bor?” degan savollar bor. Har yili darsliklar yangilanib turgan bo‘lsa, texnologiya, tasviriy san’at, metodikalar… xullas attestatsiya savollari bo‘yicha xulosa qilsak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining xotirasi kompyuternikiday bo‘lishi kerak. O‘zi shundog‘am dars soatlari qisqarib, oylik maoshi kamayib ketgan boshlang‘ich sinf hamkasblarimning toifasi tushib kontrakt, kreditdan ortmayotgan maoshlarining yanada qisqartirilishini oqlamayman.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumani 31-IDUM o‘qituvchisi:
— Attestatsiyada 2017-yilgacha eng murakkab savollar berilgan. Hozir yildan yilga faqat darslikka oid savollar berilyapti. Darslik bo‘yicha savollar esa o‘qituvchiga qiyinlik tug‘dirmasligi kerak. Texnologiyadan dars o‘tmasligimizni bahona qilolmaymiz, chunki mutaxassisligimizda bor. Yoshi katta ustozlarning ham toifa oshirayotganini ko‘p kuzatganman. Yoshlar orasida ham toifa testidan o‘tib, mehnat samaradorligi yetarli bo‘lmagani uchun toifa ololmaganining guvohi bo‘lganman. Tizim to‘g‘ri tashkil etilgan. Hatto 100 ball to‘plab toifa oshirayotgan ustozlar anchagina. Faqat testga qarab toifa berlmayapti. Mehnat samaradorligi ham alohida ball bilan baholanib, keyin toifa berilmoqda. O‘qituvchi xalqi orasida har doim norozilar topiladi. Oldin qog‘ozbozlikdan nolib yurganlar uchun konspekt yozish olib tashlandi. Keyin konspekt yozish zarur edi, bekor olib tashlandi, deb e’tiroz bildirililayotganidek. Inspeksiyaga faqat bitta e’tirozim bor. Texnologiya, tasviriy san’at, musiqa fani o‘qituvchilari amaliy jihatdan baholanib, shunga ko‘ra toifa berilishi kerak. Chunki necha yillik ish staji bo‘lib ham qo‘lidan oddiy belkurakni dastalash kelmaydigan yoki umrida tikuv mashinasiga o‘tirmagan texnologiyachi, notani bilmaydigan musiqachi mo‘yqalam ushlamagan kadrlar faqat nazariy savollar bilan toifa oshirishiga qarshiman. Duradgorlik qo‘lidan kelmaydigan texnologiyachi 1-toifa olgan. Ammo tikuvchilik ustasi bo‘lgan, hatto uyidagi tikuv mashinasini maktabga olib kelib dars berayotgan katta yoshdagi texnologiya o‘qituvchisi xotirasi pand berib, kasb-hunar kollejlarida o‘tiladigan mavzularga asoslangan nazariy savollardan o‘tolmagan.
Ozoda JANGIROVA, Buxoro tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi:
— Ustozlar uchun navbatdan tashqari toifa olish imkoniyati berilganini ham qadrlash kerakmi, deyman.
Keyingi 5 yilni kutib, sarson bo‘lmay, tezgina toifasini oshirayotganlar buning qadrini bilishar(men ham shular qatoridaman). Testlar darslikdan va zamon talablariga mos mantiqiy fikrlashga asoslangan topshiriqlardan tuzilgan. Bilimi bor ustozlar ularni bemalol yechishyapti. Men bilan kirgan 51 yoshli ustoz 92,5 ball oldi. Qoyil, mana davr talabidagi ustoz. Garchi oliy toifaga yetarli ball olgan bo‘lsam ham shu ustozga havas qildim...
Toifani faqat xotirasi kuchli, test yodlay oladigan yosh ustozlar emas, balki o‘z mutaxassisligini kuchli biladigan, bugungi yoshlardan qolishmaydigan, katta tajribaga ega ustozlar ham olishyapti. Bu haqiqatni tan olishimiz kerak.
Xullas, testlar bilimi bor ustozlar uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Faqat biroz takrorlab, bilimimiz ustida ishlasak bas.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— Men testda yuqori natija ko‘rsatib kelaman, lekin unga qarshiman. Ba’zi yuqori ball olayotganlarga faniga oid yozma ish berib ko‘ring, fikrini og‘zaki va yozma ifodalashini imtihon qilib ko‘ring, nechtasi ko‘ngildagidek bajara olarkan?
Biz testdagi quruq yodlashlar tufayli badiiy asarni his qilish, qahramonlar bilan yashash, ular bilan g‘oyibona bahslashish, o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rish kabi tuyg‘ularni “o‘ldirdik”.
Zilola MADATOVA tayyorladi.