Alifbo umriboqiy bo‘lishi kerak
Lotin yozuviga asoslangan amaldagi o‘zbek alifbosidan foydalanish jarayonida uni takomillashtirish kerakligi ma’lum bo‘la bordi. Chunonchi, o‘zbek alifbosi 28 ta harf (shulardan uchtasi harflar birikmasi), bitta tutuq belgisidan iborat edi. Amalda foydalanish davomida o‘ va g‘ harflarini ifodalaydigan ko‘chish belgisi o‘ylab topildi. Ц tovushi s va ts harflari bilan ifodalanadigan bo‘ldi. Natijada s harfi alifboda ko‘rsatilmagan holda ham s tovushini, ham ц tovushini bildira boshladi. Is’hoq kabi so‘zlarda s’h sh deb o‘qilmasligi uchun ikki harfiy belgi orasiga tutuq belgisi qo‘yish tavsiya qilindi, ya’ni o‘zbek alifbosi qoidalarida avvalboshdan ko‘zda tutilmagan til hodisalari aks eta boshladi. O‘ va g‘ harflari ikki harf o‘rnini egallaydigan bo‘ldi: ko‘chish belgisi harf yonidan bir harf kabi mustaqil joy oldi.
Yuqoridagi holatlar amaliyotda muayyan qiyinchiliklarni tug‘dirayotgan edi. Buni aniq his etgan tilshunoslar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish g‘oyasini ilgari sura boshladi. Ma’lumki, alifboning islohi ma’lum sarf-xarajatlar bilan amalga oshadi. Shunga ko‘ra ham isloh masalalariga o‘ta mas’uliyat bilan qaraldi.
Nihoyat, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida lotin yozuviga asoslangan 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat yangi o‘zbek alifbosi taklif etilmoqda. Asosiy o‘zgarishlar quyidagi harflar bilan bog‘liq:
G‘ => Ḡ ḡ
O‘ => Ō ō
Sh => Ş ş
Ch => Ç ç
Taklif qilingan o‘zgarishlar o‘zbek alifbosini ixchamlashtirish, amaliy jihatini kuchaytirish imkonini berishi aniq. Lekin bu alifbo ham mukammal emasdek ko‘rinadi. Sababi, birinchidan, o‘zbek tilining lug‘at tarkibidan mustahkam o‘rin egallagan ц tovushi yozuvda s va ts harflari bilan yozilib, ko‘plab chalkashliklarga (biri o‘rnida ikkinchisini yozish) duch kelayotgan so‘zlar isloh qilinmay qolib ketmoqda, ikkinchidan, yuqoridagi to‘rt harfning belgilarida kirill yozuvidan foydalanganda uchraydigan qiyinchiliklar takrorlanmoqda, ya’ni unifikatsiyani (bir xillikni) ta’minlashga muhtoj, uchinchidan Ḡ ḡ va Ō ō harflarida belgi shu harflar ustiga to‘g‘ri chiziqcha tarzida qo‘yilganki, o‘qish payti to‘g‘ri chiziqchani tezda tanish qiyin, to‘rtinchidan, Ş ş va Ç ç harflarida belgi shu harflar ostidan joy olgan. Bu holatlarning hammasi qabul qilinajak yangi o‘zbek alifbosining qusurli bo‘lishiga o‘rin qoldiradi. Bu qusurlar borib-borib yangi o‘zbek alifbosini yana bir bor isloh qilish g‘oyasini o‘rtaga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Vaholanki, bu gal qabul qilinadigan yangi alifbo umriboqiy, abadiy bo‘lishi kerak.
Yuqorida sanalgan kamchiliklarni birma-bir ko‘rib chiqaylik.
O‘zbek tilining lug‘at tarkibidan mustahkam o‘rin egallagan ц harfi ishlatiladigan so‘zlarda o‘rniga qarab s yoki ts harfi va harf birikmasi bilan yozish kerakligi yangi o‘zbek alifbosida ko‘rsatilmas ekan, alifboning nomukammalligiga o‘rin qoldiradi. Alifboda s harfi faqat s tovushini anglatadi, deb belgilanadi. Lekin uni ц o‘rnida ham qo‘llash lozimligi alifboda aks etmagach, alifbo yana nomukammallik kasb etadi. Bunday bo‘lmasligi uchun alifboga yana bir harf-tovush kiritish lozim ko‘rinadi: C c harfi. Natijada amaldagi alifboda o‘zi alohida olinganda tovush anglatmaydigan harfiy belgi o‘ziga munosib nom oladi.
Isloh qilish taklif etilayotgan to‘rt harfning suratida bir xillik yo‘q: Ḡ ḡ va Ō ō harflarida belgi (to‘g‘ri chiziqcha) shu harflar ustiga qo‘yilgan, Ş ş va Ç ç harflarida belgi shu harflar ostida. Birinchidan, harf ustidagi to‘g‘ri chiziq ingichka va ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan bo‘lgani uchun bugungi globallashgan, axborotlashgan davrda o‘qish tezligining yuqori bo‘lishiga imkon bermaydi. O‘qiyotgan odam belgini aniq ko‘rish uchun bir soniya bo‘lsa ham, to‘xtashga majbur bo‘ladi. Harf ostidagi belgilarni yozuvda ifodalash qiyinchiligi bor. Belgilar harflar tepasiga qo‘yilganda esa kitobxon bir xil harakatga odatlanadi, natijada o‘qish sur’ati yuqori bo‘ladi. Lekin harf ustidagi to‘g‘ri chiziqchadan ko‘ra yoysimon chiziq ma’qulroq: kirill yozuvida ў va й harflarini tanish tezligi ular ustidagi chiziqchaning yoysimonligi bilan ta’minlanganini eslasak, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham shu yo‘ldan borgan yaxshi. Bunda kompyuterda mavjud bo‘lgan quyidagi yoysimon belgili bosma harflardan foydalanish mumkin: Š š, Č č, Ŏ ŏ, Ğ ğ.
Takliflarimiz o‘zbek alifbosining umriboqiyligini ta’minlash uchun xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz. Takliflarimizni umumlashtiradigan bo‘lsak, ular quyidagilar:
Ц ц tovushi uchun C c harfini kiritish;
Ḡ ḡ va Ō ō harflari ustidagi to‘g‘ri chiziqli belgini yoysimoni bilan almashtirish: Ŏ ŏ, Ğ ğ.
Ş ş va Ç ç harflaridagi belgilarni harf ostidan harf ustiga olish va belgi sifatida yoysimon belgidan foydalanish: Š š Č č.
Shu mazmunda isloh qilinganda, alifboda quyidagi harflar kiritilishini taklif etamiz:
G‘ => Ğ ğ
O‘ => Ŏ ŏ
Ts => C c
Ш => Š š
Ch => Č č
Shunda, bizningcha, yangi o‘zbek alifbosi 29 harf, bir tutuq belgisidan iborat bo‘lib, mukammallik kasb etadi, amaliy ahamiyati ta’minlanadi.
Rustam YO‘LDOSHEV, pedagogika fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi