O‘qituvchi xushmuomala bo‘lishi kerak!
O‘qituvchi faoliyati o‘z mohiyatiga ko‘ra ijodiy xarakterga ega. Ma’lumki, inson oldida biror muammo turgandagina ijodkorlikka ehtiyoj tug‘iladi. Pedagogik faoliyat o‘quvchi dunyoqarashi, e’tiqodi, ongi, xulq-atvorini shakllantirishdek umumiy maqsadga bo‘ysungan son-sanoqsiz masalalarni yechish jarayonidir. O‘qituvchi faoliyatidagi ijodkorlik ana shu masalalarni yechish usullarida, ularni hal qila olish yo‘llarini qidirib topa olishida ifodalanadi.
Mahoratli o‘qituvchi o‘quvchilar ruhiyatini, bilim va kamolot darajasini hisobga oladi, o‘zini o‘quvchining o‘rniga qo‘ya oladi, dars materialini bayon etish jarayonida o‘quvchilarning qanday o‘zlashtirayotganini payqab, zarur hollarda bayon qilish usulini o‘zgartiradi.
Tarbiya jarayonida o‘quvchiga pedagogik ta’sir ko‘rsatish u yoki bu yuksak axloqiy sifatlarning mohiyatini anglatish demakdir. Har bir shaxsga ta’sir etish tarbiyachining pedagogik mahorati va obro‘siga bog‘liq. Bunda:
- o‘quvchining ijobiy xatti-harakatlariga to‘sqinlik qilmasligi;
- talab aniq va tushunarli bo‘lishi;
- qo‘yilgan talab va vazifalarning natijasini bilish;
- talab o‘quvchilarning yoshi, bilim saviyasiga mos bo‘lishi, o‘quvchilarga kesatish, luqma, minnat qilish bo‘lmasligi lozim.
O‘quvchilar jamoalarini tashkil qilishda o‘qituvchidan turli-tuman usul va vositalardan mahorat bilan foydalanish talab qilinadi. Jumladan:
1. O‘qituvchi jamoa a’zolarini yangi sharoitga moslashtirish jarayonida ularga ishonch, hurmat, xushmuomalalik talablarini to‘g‘ri qo‘yish, o‘quvchini tushunish va eshita bilish mahoratiga ega bo‘lishi kerak.
2. O‘quvchilar jamoasidagi yetakchi kuch — tayanch o‘zagini tanlash.
3. Jamoa a’zolarining har birining kuchiga, qobiliyatiga qarab topshiriqlar berish.
4. Jamoada yangi an’ana, qonunqoidalarning dastlabki kurtagini yaratish va unga amal qilish.
5. Jamoa istiqbolini davr talabi bilan moslashgan holda belgilash talab qilinadi.
Har bir pedagogning dunyoqarashi uning muomalasida namoyon bo‘ladi. Muomalaning asosiy vositasi tildir. Shunday ekan, tarbiyachi muomala jarayonida juda ehtiyotkor bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Haqiqiy o‘qituvchi bolalarning kayfiyati noxushligini darrov fahmlaydi.
O‘quvchiga qo‘pol muomala qilish o‘qituvchining faoliyatiga putur yetkazadi. “Tarbiya uch narsaga ehtiyoj sezadi: iste’dodga, ilmga va mashqqa” degan edi ulug‘ olim Arastu. Ana shu g‘oyalarga asoslangan holda tarbiyachilar quyidagilarga amal qilishi lozim:
- tarbiyada ulg‘ayayotgan inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bola, o‘smir va yosh
yigit-qizning betakror va o‘zigagina xosligini hurmatlash, uning ijtimoiy huquqiy erkinligini e’tiborga olish;
- milliylikning o‘ziga xos an’ana vositalariga tayanish, jahon madaniyatining ilg‘or tajribalariga asoslanish;
- o‘quvchilar faoliyatida tarbiyaviy jarayonning asosini tashkil qilish, qiziqarli, to‘laqonli bolalar yoshiga mos hayot iqlimini yaratish, mehnat, xayriya, ijtimoiy foydali, ko‘ngilochar va shunga o‘xshash tadbirlar tashkil etish lozimki, natijada o‘quvchilar o‘zlari xohlagan ishga qo‘l ursin, muvaffaqiyat hissini tushunib, o‘zlariga ishonchlari ortsin, axloqan barqaror bo‘lsin.
Demak, o‘qituvchi jamiyat hayotida yetakchi o‘rin tutuvchi, murakkab shaxs strukturasiga ega bo‘lgan insonning kasbiy qiyofasidir. Ijtimoiy turmushning barcha sohalarida erishilgan yutuqlarning zaminida uning mehnati yotadi. O‘quvchilarning pedagogik-psixologik tayyorgarligi va bilimlar integratsiyasi, muomala madaniyati, psixologik vaziyatlarni e’tiborga olish kabilar kuchli bo‘lishi kerak. Yuksak saviyali, zo‘r mahoratli o‘qituvchilargina xalq orzusidagi barkamol insonni tarbiyalay oladi.
Umida XUSHVAQTOVA, Shahrisabz tumanidagi 5-STMI direktori, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi