Samarqand shahridagi barcha maktab va bog‘chalar 27-apreldan boshlab onlayn tizimga o‘tadi
Samarqand shahridagi barcha maktab va bog‘chalarda 27-apreldan boshlab onlayn ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish ko‘rsatkichi keyingi kunlarda bir necha barobar oshib borayotgani bois shahar hokimligi huzuridagi Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, shahardagi barcha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida 14 kunlik karantin joriy etiladi.
Shu sababli o‘quvchilarga 27-apreldan boshlab onlayn ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
“Muassasalarga kirib-chiquvchilar orasida karantin davrida koronavirusni yuqtirib olish holatlari kuzatilmasa ta’lim berish tizimi an’anaviy yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi xabarda.