O‘quvchilar bilan bog‘liq baxtsiz xodisalar kamaysin!
Termiz shahridagi 13-maktabda o‘quvchi-yoshlarning yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilimini oshirish, bu orqali ular ishtirokida yo‘l harakati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni ta’minlash maqsadida targ‘ibot tadbirlari tashkil qilinmoqda. Unda yo‘l harakati qoidalari, yo‘l belgilari, qoida va belgilarga amal qilishning ahamiyati haqida tushunchalar berilmoqda. 2-sinfda o‘tkazilgan “Yo‘l qoidasi — umr foydasi” mavzusidagi tadbir ham bolajonlarda yo‘l harakati xavfsizligi borasida ko‘plab bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam berdi. Tadbir o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun ertak qahramonlari ishtirokida sahnalashtirildi. O‘rmondan shaharga kelgan tulki, bo‘ri, quyon va ayiqlar yo‘l qoidalarini buzadilar. Ularga yordamga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi, svetofor keladi va yo‘l qoidalarini o‘rganishda amaliy yordam berish uchun o‘quvchilar oldiga olib boradi. O‘quvchilar bilan birgalikda o‘rmondan kelgan hayvonlar yo‘l qoidalarini o‘rganadilar. Tadbir yakunida olingan bilimlarga doir savol-javoblar o‘tkaziladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan mehmonlar va o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari haqida eslatmalar topshiriladi.
Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yo‘llarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning asosiy qismini tashkil etayotgan yoshlarimizga yo‘lda to‘g‘ri harakatlanishlari uchun muhim ma’lumotlarni sinfdirishda juda asqotadi. Zero, farzandlarimiz yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishlari, kundan-kunga ko‘payayotgan ular bilan bog‘liq baxtsiz xodisalarning oldini oladi.
Zulfiya TURDIYEVA,
Termiz shahridagi 13- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi