Faxriy yorliq pulli, gul esa o‘zimizdan...
Yaqinda bir tanlovning yakuniy bosqichi bo‘ldi. Unda rus tili o‘qituvchilarining iqtidori sinovdan o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi. Bilishimcha, bu tanlov vazirlik miqyosida tashkil etilgan. Tadbirning metodik ishlari bilan namuna ko‘rsata olgan mahoratli pedagoglarni rag‘batlantirish qismi boshlandi.
Meni hayron qoldirgani shu bo‘ldiki, g‘olib ustozlar uzoqdan qo‘llarida gul bilan kirib kela boshladi. Avvaliga ularning nega taqdirlangandan keyin emas, oldin gul bilan kelishayotganiga qiziqdim. Keyin bilsam, tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar o‘zi uchun bir dasta gul olib kelishi bir kun avval aytilgan ekan.
Boshqa bir tadbir bahonasida xuddi shu holatga yana guvoh bo‘ldim. Nufuzli tanlovning tuman bosqichida faol ishtirok etgan fan o‘qituvchilari taqdirlanishi kerak edi. Tadbir tashkilotchisi qo‘lidagi ro‘yxat yozilgan qog‘oz bilan pedagoglardan uch ming so‘mdan pul yig‘ish taraddudida edi. Angladimki, faxriy yorliq berilayotgan o‘qituvchilar ro‘yxatida kimning familiyasi bo‘lsa, u o‘sha xarajatni qoplashi kerak. Bir qog‘oz va rang miqdorida qadrlanmagan ustozlar keyingi tanlovlarda tuman yo shahar bosqichiga chiqish uchun intilishmaydi-da.
Bunday noqulay vaziyatdan hayratlandim: nahotki iqtidorli deya tan olingan ustozlar xalq ta'limi bo‘limlari tomonidan bitta sovg‘aga arzimaydi?! Axir pedagogning obro‘sini oshirish haqidagi tavsiyalar, hujjatlardagi qarorlar kimga xizmat qilayapti?!
Muhayyo BOYMURODOVA, Yashnobod tumanidagi 153-maktab o‘qituvchisi