“Boshlang‘ichlar” va “Yuqorilar” o‘rtasida tortishuv
Aksariyat hollarda maktabning boshlang‘ich hamda yuqori sinf o‘qituvchilari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Mavzu bitta — yuqori sinf o‘quvchilarining asosiy fanlardan yaxshi o‘zlashtira olmasligi va bunga kim aybdorligi.
Boshlang‘ichdan yuqori sinflarga o‘tgan ayrim o‘quvchilar matematikadan oddiy masalalarni ham yecha olmaydi, hatto ko‘paytirish jadvalini yaxshi bilmaydi. Ona tilidan bayon va insho yozishda reja tuzib, o‘sha asosida jo‘yali fikr yozolmasligi bir muammo bo‘lsa, imlo xatolaridan daftarlar “lolazor”ga aylanishi yana bir og‘riqli nuqta. Nutq yo‘q, tarix, adabiyot, geografiya kabi fanlardan darslikdagi mavzularni aqalli ravon o‘qib berolmaydi. Har holda, bu gaplar o‘qituvchilar xonasida o‘tirgan yuqori sinf ustozlarining tanaffusdagi suhbatlariga o‘xshaydi, shunday emasmi?
Xo‘sh, bunga sabab nima?
Yuqori sinf o‘qituvchilarining da’vosi:
Boshlang‘ich sinflarda asosiy fanlarga jiddiyroq yondashilmaydi. Dars ichida o‘yin ko‘p, guruhlarga bo‘lib musobaqa qilishadi. Rag‘bat, maqtov, olqish, hammasi ofarin-u yulduzchali “5”lar. Hamma xursand, vaholanki, a’lochi deb maqtagan o‘quvchilarda ham hozir oqsash bo‘lyapti.
Boshlang‘ich sinf ustozlarining raddiyasi: Men o‘qitgan paytim bolalarim karra jadvalini 100% bilishardi. Masala va misollarni ham qiynalmay yecha olardi. Yozuvlari chiroyli edi. O‘qishlari zo‘r edi. Qanday qilib endi 6-7-sinflarga o‘tib hammasi qoloqqa aylanib qoldi? Gap shundaki, boshlang‘ichda asosiy fanlarni bir ustoz o‘tadi. O‘quvchilar shunga o‘rganib qoladi. Yuqori sinflarga borgach esa har bitta fandan boshqa-boshqa o‘qituvchi kiradi. Kirgan har bir o‘qituvchi har xil xarakter, turli olam. Xafa bo‘lishmasin-u, yuqori sinflarda ayrim fan o‘qituvchilari 45 daqiqa darsini o‘tib chiqib ketsa bo‘ldi.
Ikki tomon ham o‘zicha haq ekan, u holda ayb kimda?
Insof bilan aytganda, har ikki tomonning fikrlarida jon bor. Boshlang‘ich sinf ustozlari ham, yuqori sinf fan o‘qituvchilari ham qaysidir jihatlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yishmoqda. Buning oqibatida esa har bir sinfda 30–35% gacha bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar yig‘ilib qolmoqda. Bu qachongacha davom etadi?
Bunday nuqsonlarni bartaraf etish kerak-ku.
Bu muammolarning oldini olish uchun esa…
Balkim ushbu g‘oyam shahar joylardagi maktablarda o‘zini oqlamas, ammo sinfdagi o‘quvchi soni 20–25 yo undan kam bo‘lgan barcha maktablarda sezilarli samara berishiga umid qilaman. Demak, biz bunday holatning oldini olish uchun bir loyiha ishlab chiqqanmiz va buni o‘z maktabimizda qo‘llay boshlaganmiz. Endi buni o‘zimning maktabim misolida tushuntirsam.
“Qabul qilish — topshirish”
Maktabimizda parallel sinflar yo‘q hisobi. Sinflarda o‘rtacha 20–22 o‘quvchi bor. Bu yil men 4-sinfni chiqaraman. Yuqori sinflarga matematikadan dars beruvchi uch nafar o‘qituvchi ishlaydi. Ona tili ustozlari esa ikki nafar, xolos. Shularni yanvar oyidan boshlab fursat topib, darslarimni kuzatishga undayman. Oz bo‘lsa-da kirib turishadi. Dars o‘tishim sifati hamda o‘quvchilarimning real vaqtdagi bilimlari bilan qiziqib borishadi. Qolaversa, shu 4-sinf o‘quvchilarim 5-6-sinflarga o‘tganda qiynalmasliklari uchun hozirdanoq nimalarni chiniqtirib borishim lozimligini belgilab berishadi. Bu narsa menga kerak. Kelajakda “darsni yaxshi o‘tmagansan” deb ta’na qilmasliklari uchun. O‘quv yili oxirida esa asosiy ishni amalga oshiramiz. Bu biz bilgan sinfdan sinfga o‘tish uchun olinadigan bosqichli nazorat emas. Men 4-sinf bitiruvchilarimni yuqori sinf matematika va ona tili ustozlariga topshiraman.
Matematika
Aytaylik, 28-may kuni matematika ustozlarini sinfga jamlab, ularning ko‘z o‘ngida 20 o‘quvchimning barchasi navbat bilan kirib, o‘z bilimlarini ko‘rsatadi:
1. Karra jadvalini to‘liq yod aytib beradi.
2. Ko‘p xonali sonlarni yozma qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish va bo‘lish.
Biletlardan birini oladi va doskada ishlaydi. M:
263 076 + 98 328 = 1 449 x 503 =
891 350 – 309 475 = 49 010 : 65 =
3. Doskada bitta tenglama yechib berish.
4. Bir dona masala yechish.
Eslatma: Misollarni yuqoridagi ustozlarning o‘zlari bilet shaklida qilib, 4-sinf darsligi miqyosida tuzib keladi. Biletlar menga ham ko‘rsatilmaydi.
Taxminan 2–2,5 soat vaqt ichida 20 nafar o‘quvchimni yuqori sinf matematika ustozlariga shu yerning o‘zida topshiraman. Ular ham o‘z e’tiroflari, balki e’tirozlarini shu yerning o‘zida bildirishadi, tamom. Keyin o‘quvchilarim to 11-sinfni bitirgunlaricha hech kim menga ta’na-yu dashnom qila olmaydi.
Ona tili va o‘qish
29-may kuni esa ona tili ustozlari bilan birga ishlaymiz. Ular ham sinov shartlari uchun biletlar tayyorlab kelishadi.
1. Diktant (60 ta so‘zli).
Bu uchun matnni ular berishadi, men esa umumiy tarzda diktant yozdiraman. Asosan husnixat va to‘g‘ri yozishga e’tibor qaratiladi.
2. Gap bo‘laklari, so‘z turkumlariga oid 2 tagina savol.
Har bir o‘quvchim alohida kirib bilet tortadi va og‘zaki javob beradi.
3. Notanish matnni o‘qitib ko‘rish.
Matnlar ham bilet usulida tortiladi. Hajmi 30–35 ta so‘zli.
Ushbu loyihadan olinadigan foydalar
1. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining 4 yil mobaynidagi faoliyatiga o‘zining guvohligida haqqoniy baho beriladi.
2. Yuqori sinf o‘qituvchilari oldida uyalib qolmaslik uchun tizimli ravishda unumliroq mehnat qiladi.
3. Boshlang‘ich ustozlar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘ladi.
4. Yuqori sinf ustozlari ham bundan manfaatdor bo‘ladi. Qabul qilgan o‘quvchilarining bilimi yaxshi bo‘lsa, qiynalmay o‘z mavzularini o‘taveradi.
5. “Boshlang‘ich” va “yuqori” ustozlar ahil va hamkor bo‘ladi.
6. Ta’lim sifati ijobiy tomonga o‘zgarsa, bundan butun jamiyat yutadi.
Aziz mushtariy, sizga tanishtirmoqchi bo‘lgan loyihamiz shu edi. Albatta, buni amalga oshirishda maktab rahbariyatining roli muhim bo‘ladi. Jarayon ularning nazorati ostida kechadi.
Abdulla XOLBO‘TAYEV,
Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-maktabning oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi