Attestatsiya bilimlar sinovimi yoki omadlar sinovi?
Yaqinda navbatdan tashqari tashkil etilayotgan attestatsiyada qatnashdim. Yetarlicha balni to‘plab, oliy toifaga o‘tdim.
Test o‘tkazilishi belgilangan manzilga bordim. Hammaning maqsadi bitta — testdan o‘tib olish! Ana, tanish hamkasbim ham ko‘rindi. Unga omad tilab, testga kuzatgandim. Bilimi zo‘r, tajriba keragidan ham ortiq. O‘quvchilari fan olimpadasi, turli tanlov va tadbirlarda doim ilg‘or. Men uning bilimiga juda ishonardim. Afsus, opa bugun tushkun kayfiyatda. U ikki yildan beri navbatdan tashqari attestatsiyada oliy toifaga da’vogarlik qilardi.
Nihoyat, guruhimiz nomi o‘qildi. Nazorat-u tekshiruvlardan o‘tib, xonaga kirdik. Kompyuter qarshisidaman, lekin opaning gaplari miyamda aylanaverdi: “Bilim emas, omad kerak ekan!”. Test yakunlandi. Eh, qanday soz! Omadim kuldi! Tashqariga otildim. Kim-kimni qutlamoqda, kimlardir daldaga muhtoj... Sevinchim ichimga sig‘may davraga qo‘shildim. “Kitob o‘qimadim, faqat test yodlab, 1-toifaga o‘tdim”, deydi yoshroq bir o‘qituvchi.
Attestatsiyaga tayyorlanish jarayonida deyarli 1–4-sinfning barcha darsliklari bilan tanishib, qayta-qayta o‘qib chiqdim. Shunday kunlarda bir hamkasbim “Ma’rifat” gazetasi qachondan chiqa boshlagan?” deb mendan so‘rab qoldi. Eh, ustoz, gazeta o‘qiganingizda, qo‘lingizga olib sahifalarini varaqlaganingizda, bilar edingiz-da! Darhaqiqat, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun attestatsiya test sinovlarida aynan shu savol har yili qo‘yiladi: “Ma’rifat” gazetasi nechanchi yildan chiqa boshlagan?”
Shu o‘rinda yana bir gap. O‘qituvchi gazeta o‘qishi kerak, ayniqsa, “Ma’rifat”ni!
“O‘qituvchini toifaga ajratish kerak emas”, deb qoldi bir hamkasbim. Ammo men bu fikrga qo‘shilmayman. Aslida o‘qituvchi emas, ularning bilimi toifaga ajratilyapti. Raqobat bor joyda sifat bo‘ladi. Ayniqsa, bugungi kun o‘qituvchisi o‘z ustida ko‘p ishlashi kerak. Bir necha yil avval attestatsiya test sinovidan o‘tolmadim. Mutaxassis toifasiga tushib qoldim. O‘zimni kechirolmadim. Yiqilgan kurashga to‘ymas, deganlaridek, tinimsiz o‘qidim, izlandim, kurashdim. Oldimga qo‘ygan maqsadimga erishdim. Aytishadi-ku, izlagan imkon topadi. Siz ham izlaning, imkon toping, omadingiz qo‘lingizda!
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi