Teskari hikoya
Har kuni qovog‘ini solib, bir qoshini baland, bir qoshini past qilib turadigan direktor, “zavuch” va “zamdirektor” bugun ertalab ishga borsam, chehralaridan nur yog‘ilib, tabassumlari semiz yuzlariga, tepakal peshonalariga yoyilib, shirin kulimsirab kutib olishdi. Hayron bo‘ldim. Bir shumlikni boshlashmoqchi, shekilli. Har kuni baqir-chaqir, shovqin-suron, dag‘dag‘a, do‘q-po‘pisa bilan kutib olinishga o‘rganib qolganman.
Darrov konspekt o‘rnida yozayotgan tezislarni chiqarib, direktorga tutdim. Direktor kerak emasligini aytdi. Talmovsirab qoldim. Qo‘lbola ko‘rgazmali qurollarni zavuchga uzatdim. Zavuch ham insofga kelganmi bilmadim, bundan keyin ko‘rgazma yasash shart emasligini, shaxsiy pulimga sotib olib, maktab uchun foydalanib yurgan kompyuterim har qanday ko‘zgazma o‘rnini bosishini aytdi. Hayratdan yoqa ushladim.
Kecha plastik kartamga kam pul tushgandi. 100 – 200 ming so‘mni naqd yozib, o‘zlari unga-bunga, deb yeb ketishmoqchi-yov, deb tursam, “zavxoz” kelib, 200 ming so‘m naqd pulni berib ketdi.
Qanday dars o‘tganimni, bolalarga nima deganimni bilmayman. Bir mahal qarasam tuman XTBdan metodist va inspektorlar kelibdi. Demak, shularni chaqirib, ta’zirimizni berishmoqchi ekan-da, deb o‘yladim. Lekin ular hech qanday hujjat, davomat, forma tekshirishmadi, qanday yordam kerakligini so‘rashdi. Slayd namoyish etish uskunasidan ko‘proq kerakligini aytgandik, bir soatga qolmay olib kelishdi. Inspektor va metodistlar XTB jazo beruvchi, qo‘rqituvchi tashkilot emas, balki ustozlarga metodik yordam ko‘rsatuvchi muassasa ekanini, qanday muammo bo‘lsa, qo‘llaridan kelgancha hal qilishini aytib, ovqatga o‘tirmay ketib qolishdi.
Mansur QURBONOV, Xonqa tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi