Ilg‘or tajribalarni o‘rganish — muvaffaqiyat garovi
Farg‘ona tumanidagi 53-sonli umumta’lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan amaliy seminar o‘tkazildi. Ushbu seminar tuman miqiyosida bo‘lib, unda Farg‘ona tumani XTB ona tili va adabiyot fani uslubchisi M.Eraliyeva hamda mazkur tumandagi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari qatnashdi.
Seminarda tajribali pedagoglar N.Jalolova, M.Tursunova va yosh, izlanuvchan o‘qituvchilar I.Hatamova, H.Dehqonovalarning dars o‘tish mahoratlari o‘rganildi. Tuman uslubchisi M.Eraliyeva o‘tilgan darslar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Darslar yaxshi tashkil etilgani, yangi, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanganligi va o‘qituvchilarning ish tajribasini tuman miqyosida ommalashtirishni ta’kidladi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari shoir Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan “Doimo qalbimizdasiz Muhammad Yusuf” nomli tadbirga taklif etildi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi O‘.Otaxonova hamda maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi M.Rahimovlar boshchiligida tayyorlangan tadbir kelgan mehmonlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ayniqsa, maktab o‘quvchisi Obidjonova Durdonaning o‘z ijodidan o‘qigan she’rlari, Yahyobek G‘aniyev ijrosidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir so‘nggida Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu roman haqida S.Otaxonov, O‘.Otaxonovalar o‘z fikrlarini bildirishdi. Taqdimot davomida muallif bilan ham videokonferensiya orqali muloqot o‘rnatildi. Muloqot davomida yozuvchi ushbu asar o‘quvchilarga manzur bo‘lib , uning taqdimoti o‘tkazilayotganligidan xursandligini aytib, muxlislariga minnatdorchik bildirdi.
Ushbu kechaga yana bir yosh ijodkor Hayotjon Abdullayev o‘zining ijodidan namunalar o‘qib berdi. Tadbir yakunida shoirning “Yomg‘irga aylansam” nomli she’riy to‘plami kelgan mehmonlarga taqdim etildi.
O‘.OTAXONOVA, Farg‘ona tumanidagi 53-maktab o‘qituvchisi,
M.RAHIMOV, maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi