Poydevor eski bo‘lsa, islohot samara bermaydi
Mustaqillikka erishganimizdan buyon ta’lim sohasi bir necha bor isloh qilinganiga qaramay, “yangi qadamlar” joyidan siljimayapti. Maktabni bitirib ham eng oddiy bilimlarni o‘zlashtirmay qolayotgan yoshlarimiz ko‘paymoqda.
Har qanday ijtimoiy tuzum o‘zining falsafiy poydevoriga ega. Shuning uchun ham islohotlar zamirida, avvalo, ilmiy-falsafiy asos bo‘lishi muhim. Shuning uchun ham 30 yil davomida ta’lim sohasidagi islohotlar poydevori qanday ilmiy-falsafiy asoslarga, metodlarga qurilganligini aniqlash muhim bo‘lib qoldi. Chunki shu vaqtgacha bu islohotlar ishlamadi, o‘z mevasini bermadi. Sababi, islohotlar ta’limdagi eski poydevor asosiga qurilayotgandi.
Sobiq tuzum davrida dialektik materializm g‘oyasi o‘laroq o‘quvchiga obyekt sifatida qaraldi va bu hozirgacha davom etmoqda. Ta’limda bolalarning rivojlanish jarayonini nazorat qilish emas, natijani ko‘zlash muhim sanaldi. Shu bois o‘quvchilar uchun bilimning mohiyati yoki o‘zi bajara olgan ish natijalari emas, balki baho olish asosiy maqsadga aylandi. Ijtimoiy hayotga tayyor bo‘lish, qiyinchiliklarni salohiyati orqali yengish, olgan bilimlarini amalda qo‘llay olish malakalari deyarli rivojlantirilmadi.
Xo‘sh, bugungi kunda ta’limga qanday mazmunda yondashish talab etilmoqda?
1998-yili qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturida komil insonni voyaga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. Kerakli ilmiy-falsafiy asos bo‘lmagani uchun bu vazifani qanday bajarishning ilmiy-metodologik asoslari yoritilmadi va rejalar o‘z joyida qolib ketdi. Vaholanki, komil inson g‘oyasi Sharq falsafasida muhim o‘rin tutib kelgan.
Shu bilan birga Sharq falsafasining Ovrupo madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyos. Zero, insoniyat olamini o‘rganishda bu falsafaning poydevori hali ham o‘z o‘rnida mustahkam turibdi. Shu sababli G‘arbda boshqa fanlar qatori pedagogika va psixologiya ham amaliyoti bilan birgalikda rivojlandi. Sharq falsafasida inson masalasi muhim o‘rin tutgani uchun ta’lim-tarbiya, o‘quvchiga munosabat, unga taqdim etiladigan barcha pedagogik instrumentariylar(darslik, metod va h.k.) o‘quvchining o‘zi uchun xizmat qilishga qaratilgan. Ya’ni, shaxsga subyekt sifatidagi munosabat bosh bo‘g‘inni tashkil etgan.
Ta’kidlab o‘tilganidek, har qanday tub islohotlar zamirida, avvalo, ilmiy-falsafiy asos bo‘lishi muhimdir. Shu jihatdan ham ta’lim tizimi, mazmuni obyekt emas, subyekt sifatida shaxsga bo‘lgan har tomonlama munosabat(bu munosabatlarga o‘quvchiga taqdim etilayotgan o‘quv dasturlari, darsliklar, qo‘llanmalar va shularni to‘g‘ri taqdim etishga o‘rgatadigan metodikalar kiradi), ana shu munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oladigan, shaxsning inson sifatida har tomonlama uyg‘un ravishda rivojlanib borishiga, bugungi 7 yoshli bola o‘n yildan so‘ng ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topa olishiga yordam bera oladigan, malakali pedagog kadrlarni tayyorlashning ilmiy-falsafiy tizimini ishlab chiqish zarurligiga ehtiyojimiz bor.
Lekin bizning bankimizda faqat dialektik materializm falsafiy yo‘nalishi saqlanib qolganligi ta’lim sohasida qanchalik islohotlar qilinmasin, aytib o‘tilganidek, samarali natija bermaydi. Ta’limda o‘quvchiga subyekt sifatida qaralmas ekan, hech qachon maqsad amalga oshmaydi!
Biz chet el tajribalarini tushunar-tushunmas tatbiq etamiz. Vaholanki, Sharq falsafasida muhim o‘rin tutgan tasavvuf ta’limoti aynan Ovrupo madaniyati, taraqqiyotining beshigi bo‘lgan desak, yanglishmaymiz. Tasavvuf ta’limoti Ovrupo pedagogika fani amaliyotining, ruhshunoslikning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Hozirgi vaqtda jahonga mashhur R.Shteyner(Valdorf pedagogikasi) maktabi tasavvuf ta’limoti asosida yuzaga kelgan.
Komil inson — aslida gumanizm g‘oyasidir. Biz ko‘p narsamizni boy berib qo‘ydik. Ana shu g‘oya ustun bo‘lmagani uchun ham jamiyatimizda zo‘ravonlik ustun, insonning qadr-qimmati cho‘kib boryapti. Shuning uchun ham hozirda darsliklar, dasturlar, avvalo, Sharq falsafasiga asoslanib, ilmiy-falsafiy poydevorni yaratishi zarur.
Yulduz AMIRJONOVA