Internet o‘zbekchani biladimi?
“Yoshlik” jurnalining 1986-yil 10-sonida Chingiz Aytmatov bilan “Литературная газета”ning o‘sha yilgi 33-sonida berilgan “Yo hayot, yo mamot” sarlavhali suhbat tarjimasi bosilgan edi. Unda millat ma’naviyati, milliylik mavzusida bahs yuritilib, yozuvchi o‘sha davrdagi amalparast demagoglar mahmadonaligi sabab milliy til kamsitilayotganini tanqid qiladi. “Toki til mavjud ekan — xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini — tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimizning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchini ado etgan bo‘lamiz”, deydi yozuvchi.
Mustabid tuzum davrida milliy til muammosini bu tarzda dangal muhokama qilish uchun Chingiz Aytmatov bo‘lish kerak. KPSS siyosatiga mos tushmaydigan har qanday fikrni ta’qib qilgan sovet senzurasining Aytmatovni qaychilashga jur’ati yetmagan. Turkiy xalqlar iftixori bo‘lgan adib SSSR xalq deputatlarining birinchi syezdida ham xuddi mana shu ohangda so‘zlaydi. Adib ittifoqdosh respublikalarda milliy tilga davlat tili maqomini berish masalasida kechayotgan qizg‘in jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi va qat’iy qilib, mahalliy xalqlarning tili davlat tili bo‘lishi kerak, deydi.
Qayta qurish, oshkoralik davrida ham shahar-u qishloqlarda oddiy odamlar turli majlis va yig‘inlarda xijolatdan terga tushib, “O‘zbek tilida gapirsam maylimi?” deya aybdordek yelka qisganini hali ko‘pchilik esdan chiqargani yo‘q.
Til — millat ko‘zgusi, ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros, bobolarimizning noyob madaniy merosi va qadriyatlarini avloddan avlodga yetkazuvchi vositadir. Til — milliy o‘zlik, dunyodagi hech bir millat milliy tilisiz mavjud bo‘la olmaydi.
UNESCO hisob-kitobiga ko‘ra, dunyoda mavjud 7 mingga yaqin tilning yarmi XXI asrda o‘zining oxirgi sohibidan ajralishi mumkin. Ba’zi farazlarga qaraganda asr oxiriga kelib mavjud tillarning 95 foizi o‘lik tilga aylanadi. Har oyda dunyo miqyosida ikkitadan til o‘layotganligi esa dahshatli hodisa! UNESCOning 2017-yil 15-iyundagi xabariga ko‘ra o‘lim yoqasida turgan 2,5 ming tildan 15 tasi Markaziy Osiyo xalqlariga to‘g‘ri keladi. Jumladan, O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo arablari tili, Buxoro va Samarqand yahudiylari tili, Markaziy Osiyo lo‘lilari (paryo) tili. Qolgan 2 tasi Qozog‘iston va Qirg‘izistonda (dungan, oyrot), 1 tasi Turkmanistonda (truxman), 9 tasi Tojikistonda (voxon, ishkomish, sanglich, roshorv, shug‘on, bartang, rushon, yazg‘ulob, yag‘nob).
Globallashuv asrida tillarning yashab qolishi ko‘proq axborot kommunikatsiyalari sohasida, internet tizimida qo‘llanish darajasi bilan bog‘liq. Qaysi til internet tili emas ekan, bu tillarning ro‘parasida o‘lim xavfi turaveradi.
Internet tili haqida so‘z ketar ekan, o‘zbek tili internet tili emasmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘zbek tilida ham internet sahifalarida ma’lumotlar berilmoqda, yozishmalar amalga oshirilmoqda, tilimizda ish olib boradigan sayt va portallar, ijtimoiy tarmoqlar kundan kunga ko‘payib borayotir. Zohiran, tilimiz internet va axborot-kommunikatsiya sohalarida cheklanmagan darajada qo‘llanayotgandek. Aslida ham shundaymi?
Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter tilshunosligida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Agar kompyuter tilni “tanir” ekan, tilning kompyuter tili, internet tili ekanligi haqida so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi.
Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, tahrirlashi, matnni qayta tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Umuman olganda, sun’iy intellektning to‘la ma’nodagi muloqot vositasiga aylanishi uning tilni “bilishi” va “tanishi” asosida sodir bo‘ladi. Xullas, XX asrning buyuk kashfiyoti bo‘lgan kompyuter texnologiyalari til sohasi uchun katta vazifalarni vujudga keltirdi va tillarning taraqqiyoti hamda yashab qolishi uchun hal qiluvchi omilga aylanib qoldi.
Tilning internet, kompyuter texnologiyalari tiliga aylanishi matematik tilshunoslik, uning davomi bo‘lgan kompyuter tilshunosligining shakllanganligi va rivojlanish darajasi bilan bog‘liq.
Ayniqsa, sun’iy intellekt uchun tabiiy tillarni modellashtirish kompyuter lingvistikasining asosiy, pirovard vazifasi hisoblanadi.
Dunyo miqyosida sun’iy intellektlar yaratish asosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘zbek tili misolida hali ochilmagan qo‘riq.
Tilning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning yozuvlariga, ko‘p sonli so‘zlashuvchilarga (100 mingdan ortiq), davlat tili maqomiga va axborot-kommunikatsiya, internet tizimida qo‘llanish xususiyatiga hamda so‘zlashuvchilarning muhabbatiga egaligidan tashqari, ziyolilarning tillarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida qayg‘urishlari va mutasaddilarning esa bir yoqadan bosh chiqarib tashkiliy yo‘l bilan kurashishlari juda ham zarur.
Amir Alisher Navoiy XV asrdayoq o‘zbek tili maqomi uchun kurashgan edi. XX asrda esa ona tilini saqlash masalasi yana asosiy masalalardan biri sifatida maydonga chiqdi. Bu borada amalga oshirilgan harakatlarning ayrimlari haqida eslab o‘tdik. Kurashdan ko‘zlangan maqsad qonun edi. Biz unga intiq edik, erishdik. Yillar o‘tgani sari zavqimiz so‘nib, hissiyotlarimiz cho‘g‘i o‘chdi. Chunki ko‘ngil to‘q – qonun bor-da. Ammo qonun bizdan ortda qoldi. Biz yillarga qo‘shilib undan o‘zib ketdik. O‘ttizga borib o‘tin bo‘lgan qonun bilan bugun kimning nima ishi bor? Sinchi ziyolilar aytayotganidek, endi o‘zbek tilini nafaqat ruscha so‘z va iboralardan, balki Ovro‘paning turli tillari tahdididan, xususan, ingliz tili ta’siridan himoyalash vazifasi paydo bo‘ldi. Agar sizda jinday ishtiboh bo‘lsa, ishga yo bozorga borayotganingizda bekatmi, yo do‘kon, tamaddixona-yu sartaroshxona, mehmonxona-yu yana turli …xonalar peshtoqiga, ko‘cha-mavzelarimizni bezab turgan reklama va e’lonlar taxtasiga birrov ko‘z tashlasangiz, bas.
O‘zbek tili mavqeyi uchun kurash tarixi ana shundan iborat, barcha millatparvarlar “shuytib” murod-maqsadiga yetibdi, deya ertakmonand yakun qilsak ham bo‘lardi. Lekin o‘zingiz bilgan o‘sha gap: til ham tirik jon ekan, uning yashab qolishi erkin nafas olishi uchun kurash aslo to‘xtamaydi. Bu zafarli yurishning so‘nggi bekati, rivoyatlardagidek xotimasi yo‘q. Nega shunday? Til, bir tasavvur qiling, minib yurgan mashinangizning oynasi. Siz yomg‘ir-qorda, chang-g‘uborda oynani bir lahza tozalamang-chi! Rahmat, oyog‘ingiz beixtiyor tormozga boradi. Yo‘ldan chetlab ketganingizni sezmay qolasiz. Ona tilimiz ana shunday: betinim mehr-muhabbatga, qarov-ardoqqa muhtoj.
Munojot BAYMANOVA, Toshkent tumani XTB ona tili va adabiyot fani metodisti