Malakali muallimlar maktabga qaytdi
Jahondagi ko‘pgina rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. Buning sababi, maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Tumanimizda o‘tgan yili investitsiya dasturi asosida 534 million so‘mlik hajmdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Ana shu mablag‘ hisobiga 5-umumta’lim maktabining Yuqori Boybo‘ta qishlog‘idagi 60 o‘rinli filiali binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bu ta’lim dargohiga o‘quv jihozlari ham yetkazib berildi. 47-umumta’lim maktabi esa inqirozga qarshi davlat investitsiya dasturiga tushdi. Qurilish ishlari uchun respublika budjetidan 3 milliard 604 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, yana bir maktabda kapital ta’mirlash, boshqasida rekonstruksiya ishlari bajarildi. Maktablarga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 60 million so‘mlik parta va stullar yetkazildi.
Ayni paytda tumanimizda 56 ta maktab va 1 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar 28 ming 250 nafar. Savol tug‘iladi. O‘qituvchilarning malakasi qay darajada?
Bu boradagi ko‘rsatkichlarimiz maqtanarli darajada bo‘lmasa-da, faoliyatimizni qoniqarli baholash mumkin. Jami pedagog xodimlarimiz 2609 nafar. Ularning 84,6 foizi oliy ma’lumotli, 2,8 foizi tugallanmagan oliy ma’lumotga ega kadrlardir. Bundan tashqari, 331 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlarimiz ham bor. Bu barcha o‘qituvchilarning 12,6 foiziga to‘g‘ri keladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bunday o‘qituvchilarning aksari nafaqa yoshiga yaqinlashib qolgan kadrlardir. Ulardan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishni talab etish yoki ma’lumoti sabab ishdan ozod qilish insoniylik qoidalariga, milliy mentalitetimiz talablariga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, bunday o‘qituvchilarda malaka, ko‘nikma, tajriba yetarli.
Oliy toifali o‘qituvchilarimiz 70 nafar, birinchi toifalilari 242 va ikkinchi toifalilar 695 nafar. Mutaxassis toifasidagi o‘qituvchilarimiz ko‘pchilik — 1203 nafar.
Ish haqi kamligidan, qishloq maktabida o‘qituvchi mehnatiga, obro‘siga e’tibor sustligi bois ta’limdan bezib, boshqa sohalarda ishlayotgan bir qancha malakali muallimlarimiz yana maktablarda ishlay boshladi. Shuningdek, 122 nafardan ortiq nafaqa yoshidagi o‘qituvchi yana qadrdon maktabiga, sevimli o‘quvchilari, shogirdlari yoniga qaytdi.
Tumanda faqatgina ijtimoiy jabhada emas, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar, to‘planib qolgan muammolar va ularning yechimini, barcha ijobiy o‘zgarishlarni birinchi galda maktab bilan bog‘lash adolatli bo‘ladi. Negaki, hech bir sohani maktabsiz tasavvur qilolmaymiz. Davrimizning eng ilg‘or kishilari, olim-u fuzalolari, rahbarlik lavozimida ishlayotganlar-u yetuk mutaxassislarning barisi ana shu maktablardan bilimlar dunyosi sari parvoz etishadi.
Bilamizki, yaqin yillarda ham “urf”da bo‘lgan majburiy mehnat o‘qituvchi obro‘siga putur yetkazgandi. O‘qituvchilaru o‘quvchilarimiz paxta yig‘im-terimiga va boshqa mavsumiy ishlarga, hatto ko‘cha supurishgacha jalb qilinardi. Bunday tutum natijasida ta’lim sohasi jar yoqasiga kelib qoldi. O‘z qadrini bilgan ko‘pgina bilimdon o‘qituvchilar maktabni tashlab, boshqa sohalarga o‘tib ketishdi.
Faqat 2019-yilga kelib, xalq ta’limidagi ishlar qayta jonlandi, joylarda yangi ta’lim koshonalari bunyod etishga, ularda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yetarli sharoitlar yaratishga kirishildi. O‘qituvchining qadri oshdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olg‘a surilgan besh tashabbus yoshlarimiz hayotida muhim o‘rin tutadi. Tashabbuslar yoshlarimizni ko‘zlangan maqsadlar sari boshlaydi, barcha jabhalarda erishilishi lozim bo‘lgan muvaffaqiyatlar yo‘llarini ko‘rsatadi. Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr vva san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish bo‘yicha umumta’lim maktablarida 419 ta to‘garak tashkil etildi, ularga 5521 nafar o‘quvchi jalb etildi. Shuningdek, madaniyat markazlarida va umumta’lim maktablarida 38 ta teatr studiyalari tashkil etilib, bu studiyalarda 418 nafar o‘quvchi shug‘ullana boshladi.
Ikkinchi tashabbus bo‘yicha umumta’lim va sport maktablari yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida qobiliyatlarini namoyish etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Tashkil etilgan 526 sport to‘garagiga 7826 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etildi.
Tashabbuslarning har biri bir-biridan muhim ekanligi bilan ahamiyatli. Masalan, uchinchi tashabbus maqsadi aholi, xususan yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga qaratilgan. To‘rtinchi tashabbus esa yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini o‘z ichiga olgan.
Maktablarimizda ularning birortasi e’tibordan chetda qoldirilmayapti. Doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydigan, hamisha bilimlarini oshirib borishga harakat qiladigan o‘qituvchilarimiz o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishning zamonaviy usullarini faoliyatlariga tatbiq etmoqdalar. Zero, maktab ta’lim va tarbiyaning poydevori ekan, uning asoschisi, ijrochisi albatta, o‘qituvchi bo‘lib qoladi.
Surayyo ORTIQOVA, Oqdaryo tuman hokimining ta’lim va tarbiya ishlari bo‘yicha maslahatchisi (tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri)