Yangicha tashabbuslarni tatbiq etish har bir muallimdan izlanish va intilishni talab etadi
“Maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu — maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir”. Prezidentimizning ana shu hayotiy e’tirofi asosida mamlakatimizda ta’lim tizimiga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Yosh avlodni har jihatdan yetuk, ilm-u ma’rifatli, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi bo‘la oladigan insonlar sifatida kamol toptirish yo‘lida, tizimdagi yangilanishlar va islohotlar qamrovi tobora ortib bormoqda.
Buning ifodasini sohada zamonaviy pedagogik texnologiyalar, rivojlangan davlatlar tajribasi keng qo‘llanayotgani, ta’lim-tarbiya jarayonlari innovatsion yondashuvlar asosida olib borilayotgani, axborot-kommunikatsiya vositalari, multimedialardan oqilona foydalanilayotgani, xalqaro miqyosda ham ta’lim va tajriba almashuv jarayonlari izchil rivojlanib borayotgani kabi istiqbol odimlarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, keng ko‘lamli chora-tadbirlar va tashabbuslar izchil davom etmoqda. Bu borada ma’naviy-axloqiy tarbiya yo‘nalishidagi amaliy jarayonlar alohida ahamiyat kasb etadi. Binobarin, ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan hikmatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, har bir bolaning oqil va komil inson bo‘lib ulg‘ayishida ta’limga uyg‘un tarbiyaning ahamiyati katta. Bu ta’limni tarbiya bilan uyg‘un va chambarchas bog‘liq holda olib borishni anglatadi.
Shuning uchun ham ta’kidlab o‘tganimizdek, bugungi islohotlar jarayonida xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2020-2021-o‘quv yilidan 1–9-sinflar uchun “Vatan tuyg‘usi”, “Odobnoma”, “Milliy g‘oya”, “Dunyo dinlari tarixi” kabi fanlarni birlashtirgan holda yangi “Tarbiya” fani joriy etilgan edi. 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab mazkur fan 10-11-sinflarga ham tatbiq etiladi. Ushbu fan darsliklari an’anaviy darsliklardan farqli ravishda zamonaviy yondashuvlar asosida, o‘quvchilarning psixologik rivojlanishini inobatga olgan holda tayyorlangani bilan ahamiyatli. Zotan, shiddatkor davr odimlari, taraqqiyot mezonlari, yangicha-zamonaviy yondashuvlar o‘quvchi e’tiborini jalb etish barobarida uning qalbiga, ong-u shuuriga ma’naviy-axloqiy fazilatlarni singdirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda yana mutafakkirlardan iqtibos keltirar ekanmiz, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi muallimdir” degan ta’kidi ta’lim va tarbiyada, farzandlarimiz kamolida o‘qituvchining o‘rni, zahmatli mehnati qanchalar ahamiyatli ekanini yaqqol namoyon etadi.
Binobarin, bola bir nihol bo‘lsa, muallim uni kamolot sari yetaklovchi kelajak bog‘boni.
Aynan shu nuqtayi nazardan sohaning bugungi faoliyatida bola tarbiyasi va kamolida katta mas’uliyatni zimmasiga olgan sinf rahbarlari va maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada ish samaradorligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar, ya’ni ortiqcha hisobotlarni qisqartirish hamda qog‘ozbozlikni bartaraf etish maqsadida sinf rahbarlari tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni 10 tadan 2 taga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari tomonidan shu kunga qadar yuritib kelinayotgan hujjatlar soni 19 tadan 4 taga qisqartirilganini alohida ta’kidlash joiz.
Istiqbol odimlarida yoshlar hayoti va kamoliga uyg‘un soha faoliyati Prezidentimizning doimiy e’tiborida ekanligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunga juda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Birgina dalil, 2021-yil 19-yanvar kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining videoselektor majlisida davlatimiz rahbari ta’lim sohasiga, ma’naviyat va tarbiyaga, umuman, yoshlar hayoti bilan bog‘liq barcha jihatlarga alohida e’tibor qaratib, muhim va ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi. Mazkur videoselektor majlisining 3-sonli bayonida keltirilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 5-sinfdan boshlab yagona sinf rahbari faoliyatini tashkil etish tizimi joriy etildi.
Bu shubhasiz, o‘qituvchining o‘quvchi bilan ishlashda, uning qalbiga yo‘l topib, qiziqish va intilishlaridan boxabar holda kamolotga yetaklashida muhim o‘rin tutadi.
2020-2021-o‘quv yilining III choragidan (2021-yil 11-yanvardan) boshlab respublikamizdagi mavjud barcha 10008 ta umumta’lim maktabiga hududlardagi taniqli shoir va yozuvchilar, ijodkorlar, jurnalistlar, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari 0,5 shtat birligi asosida biriktirilgani ma’rifat dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar qamrovi ortishida yangi bosqich bo‘ldi.
Mazkur lavozim egalari, avvalo, badiiy adabiyot orqali o‘quvchilar qalbida milliy ruh, vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash, kitobxonlikni rivojlantirish, ijodiy qobiliyatga ega bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash, saralash, to‘garaklar tashkil etish hamda reja asosida mahorat saboqlarini olib borgan holda ertangi kunimiz egalaridagi iqtidor va qobiliyatni yuzaga chiqarish borasida faoliyat yuritmoqdalar.
Inson kamoli va istiqbolini ma’naviyat va tafakkur belgilaydi. O‘g‘il-qizlarimizning fikri teran, tafakkuri keng, o‘z nuqtayi nazari va dunyoqarashiga ega insonlar bo‘lib ulg‘ayishi esa, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nechog‘li ahamiyatli ekanligi sir emas. Yurtboshimiz, “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi”, deya ta’kidlaganidek, bu boradagi
odimlar maktabdan boshlanadi. Shuning uchun ham tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini muntazam yuksaltirib borish maqsadida tizimda faoliyat olib borayotgan 15 mingdan ziyod ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha umumta’lim maktabi direktorining o‘rinbosarlari faoliyatini hududiy, ya’ni tuman va shaharlardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha alohida tizim joriy etildi.
Ushbu tizimga asosan 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha umumta’lim maktablari direktorlarining o‘rinbosarini lavozimga tayinlash tuman(shahar) ma’naviyat-ma’rifat markazi tavsiyasiga asosan amalga oshiriladi, hamda yil yakuni bo‘yicha tuman(shahar) ma’naviyat-ma’rifat kengashiga hisobot berishi va hisobot natijasiga ko‘ra uning faoliyatiga baho berib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlab o‘tganimizdek, ta’lim va istiqbol yo‘lidagi odimlarda ilg‘or xorijiy tajribalarni ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimiga joriy etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda yurtimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar (UNODC, UNICEF, UNESCO) bilan hamkorlikda o‘quvchilarni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy ongini rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan turli xil video va multiplikatsion materiallar tayyorlanib tizimga ommalashtirib borilmoqda.
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan turli to‘garaklar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga jami 3,9 mln. nafar o‘quvchi qamrab olingan. Mazkur to‘garak va mashg‘ulotlar yozgi ta’til kunlarida samarali faoliyat olib bormoqda.
Farzandlarimiz ertangi umidimiz, ozod O‘zbekistonning istiqboli bunyodkorlari. Shunday ekan, sohaga yangicha tashabbuslarni tatbiq etish soha vakillaridan, tizimdagi har bir ustoz-muallim, murabbiydan hamisha, har daqiqa izlanish va intilishni talab etadi. Ana shunday tashabbuslar samarasida davlat va nodavlat tashkilotlar, ota-onalarning o‘zaro hamkorligida har haftaning dushanba kuni “Ertalabki saflanish”, juma kuni “Ma’naviyat kuni” va 1-soatda “Sinf soati”, har oyda muhim sanalarga bag‘ishlangan “Ma’naviyat haftaligi” pedagog xodimlar uchun har oyning oxirgi juma kuni “Ma’naviyat soati” tadbirlari tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan.
Ertangi kun egalari oldida Vatanga munosib bo‘lish yo‘lidagi burch va mas’uliyat haqida gap ketar ekan, bu boradagi barcha-barcha ezgu maqsadlarni jamlagan holda “Nimaiki qilsang tilak, bariga o‘qish kerak” degan satrlarni keltirish o‘rinli.
O‘quvchi-yoshlar, farzandlarimiz, ertamiz egalari butun diqqat-e’tibori, o‘y-maqsadini ana shu ezgu ahd ro‘yobiga qaratishi yo‘lida mamlakatimiz ma’rifat sohasi, xalq ta’limi tizimidagi sa’y-harakatlar, izlanishlar, yangilanishlar davom etadi.
Zero, biz maorifchilar Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga butun ilm-u salohiyatimiz, tafakkurimiz, tajriba va mahoratimiz bilan salmoqli va samarli hissa qo‘shishga ahd qilganmiz.
Bu yo‘lda esa tafakkur qanot, ma’naviyat yuksak cho‘qqilar va parvozga undovchi asosiy mezon bo‘ladi.
Vahobjon RAJAPOV,
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari