9 yil nemis tili o‘rgangan o‘quvchilarga endi ingliz tili o‘qitilyapti
Qorako‘l tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida uzoq yillar o‘qituvchi va rahbar bo‘lib ishladim. 2017-yildan buyon nafaqadaman. Ta’lim tizimidagi 50 yillik ish faoliyatim davomida sochim-soqolimgina emas, suyagimni ham oqartirgan maorifning haqiqiy ma’nodagi askariman. Doimo shogirdlarim mendan ham o‘zib ketishlarini, maktabim haqiqiy ziyo maskani bo‘lishini istab, kunlarni tunga ulab mehnat qildim.
Ammo bir narsa ko‘nglimni xira qilmoqda. O‘zim faoliyat yuritgan 6-maktabga uch yil burun qo‘shni tumandan ishga kelgan Sanjar Ahmedovning “tashabbusi” bilan maktabning ham, jamoaning ham tinchi buzildi. Ajablanarlisi, bu kishi Xalq ta’limi haqida qabul qilingan qator qaror va farmonlarda ko‘rsatilgan talab va me’yoriy hujjatlar bir chetda qolib, ikkita xorijiy til o‘qitilayotgan maktabda 2 nafar mutaxassis bo‘lmasa ham 3-xorijiy til o‘qitilishini yo‘lga qo‘ydi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida maktab xorijiy til o‘qituvchilarining vakolatli tashkilotlarga yozgan ariza va murojaatlariga tuman xalq ta’limi bo‘limi ham, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ham yetarli e’tibor bermadi.
Axir xalq ta’limi kim nima istasa qiladigan tizim emas-ku? Boshlang‘ich sinflar bo‘yicha ilmiy bo‘lim mudiri va direktorning ma’naviyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan S.Ahmedov o‘z mutaxassisligi bo‘yicha geografiya o‘qituvchisi. Bir keksa pedagog sifatida aytamanki, bu kishi boshlang‘ich ta’lim metodikasini bilmaydi. U boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisiga yoki endi maktabga kelgan bolajonlarga qanday metodik yordam beradi? Bu ishni
tajribali boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri bajarsa nur ustiga nur bo‘lishini, nahotki, rahbar tushunmasa?
Maktabda qirq yildan beri o‘qib kelingan nemis tili fanining to‘xtatilishiga yetarli, jiddiy asos bormi? U nemis tili fani o‘qituvchisi va meni haqoratlagani sababli Qorako‘l tuman ma’muriy sudida jarima jazosiga tortildi. Ish shu darajaga yetsa-da, negadir tuman, viloyat XTB rahbarlari muammoga e’tibor berishmayapti. Bundan ruhlangan S.Ahmedov esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashkil qilingan 2 ta chet tili xonasining (1 ta xona 1–4-sinflar uchun, ikkinchisi 5–11-sinf o‘quvchilari uchun) 1 tasini
majburan maktabdagi yangi til — ingliz tili xonasi qilib berdi. Shu kungacha nemis tili o‘qib kelgan 9–11-sinf o‘quvchilari ham 1–4-sinflarga mo‘ljallangan partalarda majbur 45 minut o‘tirib ingliz tili o‘qishi shart bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012-yil 10-dekabrdagi qarorida esa xuddi mana shu muammolarga barham
berish uchun “...chet tillarni o‘rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to‘liq javob bermayapti. Ta’lim asosan an’anaviy uslublarda olib borilmoqda. Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash yanada takomillashtirilishini taqozo etadi” deyilganligiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Prezidentning ushbu qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2013-yil 8-maydagi qarori va Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyruqlariga ko‘ra ham yoshlar o‘rtasida chet tillarini o‘rganish qaysi tilni bilishga qiziqishi bilan amalga oshirilishi joizdir. Shuning uchun,
“...umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan boshlab chet tillar ta’limini uzluksiz joriy etilishini, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida uning davomiyligini nazarda tutuvchi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtlarining yangi o‘quv rejalari va dasturlari tasdiqlanishini ta’minlasin” deyilgani ham bejiz emas. Barobarida har bir maktabda xorijiy til fan kabinetlari bo‘lishi, har bir fanni o‘qitish uchun malakali mutaxassis o‘qituvchilar zaxirasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bu qaror talabi mazkur maktabda nega buzilishi kerak?
Oynazar BOBOYEV,
“El-yurt hurmati” ordeni sovrindori,
nafaqadagi o‘qituvchi