A’lochi bolalar taomnomasi
O‘n ikki yoshli Sardorning karra jadvali, formula va qoidalarni yodlashda qiynalib, bilim olishga loqayd qarayotgani ota-onasini tashvishlantirdi. Sinf rahbari ham uning mashg‘ulot payti uyqusirab o‘tirishi, tanbehdan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga jahl qilishidan norozi bo‘ldi. Bundan xabar topgach, Sardorning onasi darhol pediatr va psixolog huzuriga shoshdi. Shifokor bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, organizmida gemoglobin miqdori tushib ketgani, oqsil va yod yetishmovchiligini aniqladi.
Ha, chindan ham bunday holatlarda ota-ona hushyor bo‘lmog‘i kerak. Chunki bolalarning asosiy vaqti uydan tashqarida — maktab va to‘garaklarda o‘tadi. Shuning uchun ota-onalar farzandlari ovqatlanishi uchun qo‘liga pul tutqazishadi. Ammo barcha ham o‘g‘il-qizlarining fiziologik va aqlan yaxshi rivojlanishi uchun kaloriyali taomlar iste’mol qilishi zarurligini bilavermaydi. Natijada o‘quvchilarda xotira susayishi, darsni yaxshi o‘zlashtira olmaslik, tez charchash va natijada, bilim olishga ishtiyoq pasayishi kuzatiladi.
Mutaxassislar bolaning aqliy faolligini oshirib, xotirasini mustahkamlash uchun unga erta tongda to‘rt dona yong‘oq berish kerakligini uqtirishadi. Bundan tashqari, baliq bola miyasi uchun noyob ozuqadir. Uning tarkibida yengil o‘zlashtiriluvchi oqsil, fosfor, yod moddasi va boshqa mikroelementlar mavjud. Shu bois, haftada bir marta baliqni dimlab pishirgan holda yeyish kerak. Tuxum sarig‘ida esa xotirani mustahkamlaydigan xolin elementi bor.
1-sinfdayoq “Ovqatlanish gigiyenasi” mavzusi o‘tiladi. 2-sinfda esa “Vitamin va ularning salomatlik uchun ahamiyati” haqidagi darslar bor. Yuqori sinflarda esa sog‘lom ovqatlanish qoidalari, qo‘shimcha ozuqalarning tarkibi va xususiyatlari o‘rgatiladi. Bu ham bejiz emas. Farzandlarimizning ovqatlanish menyusiga jiddiy e’tibor berib, mahsulotlarning vitamin va minerallarga qanchalik boy ekanini hisobga olish zarur. Ular ertalab badantarbiya mashqlarini bajarib, kaloriyali bo‘tqa va sutli mahsulotlar bilan tamaddi qilishlari kerak. Sut tarkibida A, D, V vitamini, foliy kislotasi, temir kabi 30 ga yaqin minerallar mavjud. Ye va V darmondorilariga boy suli yormasi bola uchun eng yaxshi ozuqa hisoblanadi. Ikkinchi nonushtada mevali va mayizli non mahsulotlari va vitaminli sharbatlar, kunning ikkinchi yarmida esa tvorog iste’mol qilish foydali. Tushlikda temir va ruh manbayi hisoblangan go‘sht tanovul qilinishi kerak. O‘quvchilar, odatda, loviya, no‘xat, ko‘katlardan solingan garnirlarni qo‘shimcha sifatida tamaddi qilishlari lozim. Kunduzi ko‘pchilik bolalar maktabda bo‘lishadi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinfda ta’lim oladigan o‘g‘il-qizlarga bu paytda e’tiborli bo‘lish talab etiladi.
Fast-foodlarni “o‘lik ovqat” hisoblovchi shifokorlarning ta’kidlashicha, aqliy mehnat jismoniy mehnatga nisbatan ko‘proq kaloriyali taomlar, suyuqlik va vitaminli sharbatlar ichishni taqozo etadi. Tibbiyotda ma’lumki, bosh miya quruq massasining 40 foizga yaqini oqsillardan iborat. Shuning uchun bolalar uch yoshgacha sutkada 55 g , 4–6 yoshida 72 g , 7–9 yoshida 89 g , 10–12 yoshida 100 g , 13–15 yoshida esa 106 g oqsilga ehtiyoj sezadilar. Xotiraning yaxshilanishi, diqqatni jamlash layoqati shakllanishi va a’lochi bo‘lishda oqsildan so‘ng uglevodlar muhim ekanligini ta’kidlanadi.
Aziz onalar, farzandingizning a’lo baholarga o‘qishini istasangiz, fursatni boy bermay “A’lochilar menyusi”ga kiritilgan quvvatga boy mahsulotlardan taom tayyorlang. Zero, bolalarning sog‘lom va zukko bo‘lib ulg‘ayishi uchun o‘z vaqtida mustahkam poydevor qo‘yish kerak.
Farhod ORZIBOYEV,
Sirg‘ali tumanidagi 305-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari