ADOLATLI MAOSH QANCHA BO‘LADI?
yoki vazifadorlarni kamaytirish kerak
Obro‘li xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, o‘qituvchining maoshi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lsa, o‘sha joyda ta’lim tizimi izdan chiqadi. Eng yuqori maoshni 20 million so‘m(garchand, bundan yuqoriroq bo‘lsa ham), eng kamini 500 ming so‘m deb olganimizda, o‘rtacha miqdor 10 million so‘m atrofida to‘xtaydi. Demak, Prezident va’da qilgan ming dollar mantiqiy adolatli maosh ekanligi ma’lum bo‘ladi. Biroq masalaning eng muammoli tomoni shundaki, bugungi holatda davlatimiz xazinasi barcha muallimlarga bu miqdorda oylik berishga qodir emas. Shu bois, menimcha, bunda boshqacha yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi. Avvalo bu borada samarasiz ishlayotgan boshqaruv apparatini keskin qisqartirish kerak. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, bo‘limlari tugatilib, o‘rnida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nazoratidagi ixcham va halol ishlaydigan kam kontingentli ta’lim departamentlari tashkil etilishi lozim. Tizimda korrupsiyani urchitayotgan har xil: mudir, boshliq, bo‘lim boshlig‘i, ekspert, monitoringchi, nazoratchi, taftishchi, o‘rinbosar, uslubchi, iqtisodchi, hisobchi, yordamchi singari foydasidan zarari ko‘proq tegadigan vazifador(funksioner)lar sonini kamaytirib, asosiy e’tiborni amaliy pedagogika bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga qaratish lozim. Ayniqsa, oliy toifali muallimlarning mehnatini qadrlab, hazrat Mahmudxo‘ja Behbudiy iborasi bilan aytganda, boshlarini silash zarur. Ana shunday qilinganda, ham o‘qituvchilar, ham maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti paydo bo‘ladi va ta’lim tizimini tushib qolgan inqiroz botqog‘idan xalos etadi deb aniq ishonaman. Bu borada qilinadigan uchinchi asosiy ish: turli shakldagi ta’lim muassasalarini ko‘paytirish va ularga mustaqil faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib qo‘yish kerak. Mayli, gimnaziyalar, litseylar, kollejlar, IDUMlar, xususiy maktablar, Prezident maktablari, ijod maktablari ko‘payaversin. Har bir tumanda vazir maktablari, har bir qishloqda hokim maktablari tashkil etilsin. Ular bir-biri bilan raqobat qilsin. Xitoyliklar aytganidek, ming xil gul ochilib, ming xil maktab saboq bersin.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
faxriy pedagog