ATTESTATSIYA: maktab komissiyasi qo‘ygan baldan ko‘pchilik norozi
Attestatsiya:
maktab komissiyasi qo‘ygan baldan ko‘pchilik norozi
Bugun qaysi o‘qituvchi bilan gaplashmang — kun mavzusi attestatsiya! Erta-yu kech qo‘llarida kitob ko‘targan uztozlar go‘yoki o‘zlari uchun hayot-mamot sinovini yuklab olganday. Attestatsiya jarayoni bugun qaysidir ustoz uchun omad keltirdi, qaysidiri uchun tushkunlik.
Necha kundan beri halovati, uyqusi buzilgan, asablari charchagan, oila tashvishi, uy-ro‘zg‘or ishini chetga surib, fikr-u xayoli eson-omon attestatsiyadan o‘tib olishga bel bog‘lagan ustozlarning kayfiyati bugun qanday? Telegram guruhlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, ya’niki ustoz bor joyda muhokamali mavzuga aylanadigan attestatsiya haqidagi shov-shuvlar ham ba’zan ko‘ngilni zada qiladi.
Garchi bu jarayonda qatnashmasam ham berilayotgan test savollariga qiziqib ko‘rdim. Nazarimda, savollar osonday tuyildi. Yashirmayman, oliy toifa uchun besh yil kurashdim. 1–4-sinf darsligi bilan mukammal tanishdim. Shu o‘rinda buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning “Men bilmasligimning bilimdoniman. Bilishga intilmaslik — uyat” degan fikrlari yodimga tushdi. Darhaqiqat, attestatsiyaga tayyorlanish jarayonida izlandim, juda ko‘p narsalarni o‘rgandim, bilishga harakat qildim. Yaqinda bir hamkasbim oliy toifaga ega bo‘ldi. “Ustoz, biz o‘zimiz dangasamiz, o‘qishimish kerak ekan”, deb qoldi. Albatta, biz o‘z fanimizni bilishimiz kerak! Attestatsiya menga katta maktab bo‘ldi, aslida. Oldimga maqsad qo‘ydim: oliy toifa olishim kerak. Dars berish, o‘qitish usullarimni o‘zgartirdim. Masalan, har bir fandagi mavzular uchun alohida yangilik yaratishga harakat qildim. Mavzularni avval o‘zim, so‘ng darsda o‘quvchilarim bilan birga ko‘rib, tahlil qildik. O‘quvchilarning fikri, xulosasiga e’tiborimni qaratdim. Har bir mavzu uchun o‘quvchini test tuzishga o‘rgatdim. Vaholanki, o‘quvchilarim sinfda tuzgan testlari bugun attestatsiyadan o‘tayotgan ustozlar testlari ichida ko‘ringanday bo‘ldi. O‘qish fanidan esa odatda o‘quvchilarimga she’r yodlatsam, avval she’r muallifini aytishni uqtiraman. Shuning uchun bo‘lsa
kerak, darslikdagi har bir she’r va uning mualliflari yodimda turadi. Ona tili, matematika fanlaridan ham o‘quvchilar qoidalarni har darsda takrorlashadi. Xullas, o‘quvchingiz har darsda mavzularni, qoidalarni ketma-ket takrorlab turaversa, siz ham attestatsiyada qiynalmaysiz.
Ma’lumki, 2021-yildan Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi. Shunga muvofiq, attestatsiyaga kirayotgan o‘qituvchilarga maktab komissiyasi tomonidan ham ball berilmoqda. Berilgan ballardan ham kimlardir norozi. Sababi, testda to‘plagan ball bilan maktab komissiyasida berilgan ball birga hisoblanib, umumiy ball chiqadi. Masalan, o‘tgan yili 30 ta savolga to‘g‘ri javob bergan o‘qituvchi oliy toifaga o‘tgan. Bu yil bir hamkasbim 33 ta savolga javob berib, oliy toifaga o‘tolmadi. Sababi, maktab 13 ball bergan. Jami 79 ball to‘plagan. Taklifim maktabda berilayotgan ball o‘qituvchining ish stajini ham hisobga olinib berilsa, yaxshi bo‘lardi.
Bugun attestatsiyadan o‘tayotgan ustozlarga aytadigan so‘zlarim: sizlarda katta va zo‘r imkoniyat bor. Ana shu imkoniyatni qo‘lingizdan boy bermang. O‘z kuchingiz, omadingizga, bilimingizga ishoning! Va bilingki, siz bu jarayonning g‘olibi bo‘lasiz!
Rahbaroy MELIBOYEVA,
Uchko‘prik tumanidagi
5-maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi