Adabiyot darslarida badiiy tahlil
Adabiyot darslarida badiiy tahlil
Biz ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari o‘quvchilar bilan badiiy asarlarni o‘rganish chog‘ida asarning tahliliga alohida e’tibor qaratishimiz shart. Shunda o‘quvchi badiiy asar mohiyatini, so‘z sehri va jozibasini anglab yetadi. Tahlil – ijodiy jarayon. O‘qituvchi o‘rganilayotgan asarning mazmuni, tuzilishi va hajmiga qarab turli metod va texnologiyalarni tanlashi lozim.
Masalan, A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari tahliliga murojaat qilamiz. Avvalo, o‘quvchilarni asarning yozilish tarixi, muallifning romanda tasvirlanayotgan voqealarga munosabati va maqsadi bilan tanishtiramiz. So‘ng asar sinfda o‘qiladi. Darslikda romanning “Kiroyi kuyaving shundoq bo‘lsa”, “Kutilmagan baxt”, “Ota-ona orzusi”, “Dushanba kun kechasi”, “Oy etak bilan yopilmas”, “Maktub” kabi boblari berilgan. Avvalgi boblar sinfda o‘qiladi, qolganlari uyga vazifa qilib beriladi.
Otabek, Hasanali, Homid, Mirzakarim qutidor, Kumush, Yusufbek hoji, O‘zbekoyim, Oftoboyim kabi qahramonlar ismiga mos ravishda ta’riflanadi. Homid ismi yolg‘iz aytilmaydi, “Homid xotinboz” deb ta’riflanadi. Qahramonlarning tasvirida ularning yoshi, tashqi ko‘rinishlari to‘liq ta’riflab o‘tiladi. Kitobxonning ko‘z oldida bu qahramonlar siymosi to‘liq gavdalanadi. Otabek va Kumush, O‘zbekoyim bilan Otabekning munosabatlari, Yusufbek hojining aytgan gaplari, Mutal bilan Sodiqning suhbati tasviriga asoslanib, ularning shaxsiyati haqida to‘liq xulosa chiqarishimiz mumkin. Bularning barchasini tahlil jarayonida o‘quvchilarning ongiga singdirib borish maqsadga muvofiqdir.
O‘qishning ham turli usullari bor:
1. Ovoz chiqarib yoki ovoz chiqarmay o‘qish.
2. Rollarga bo‘lib o‘qish.
3. Ifodali o‘qish.
4. Adabiy-badiiy o‘qish.
5. Sharhli o‘qish.
6. Jo‘r bo‘lib o‘qish.
Keyingi darsda:
1. “Bu kim?” topshirig‘ida qahramonlarga berilgan ta’rif o‘qib eshittiriladi, o‘quvchilar ta’rif egasini topadi.
2. “Debat” usuli va “Siz O‘zbekoyimsiz, qanday ish tutgan bo‘lardingiz?” kabi savollar bilan bahs-munozara tashkil etiladi. Bahs-munozarada o‘zgalar so‘zini bo‘lmaslik, fikrni qisqa va aniq bayon
qilish, reglamentga amal
qilish hamda o‘zaro hurmat talab etiladi.
Bosh qahramon tavsifi:
1. Qahramon portreti: Matndagi Otabek portreti tasvirlangan o‘rinlarni toping. U sizda qanday taassurot qoldirdi? Otabekning tashqi ko‘rinishida fe’l-atvorining qaysi jihatlari aks etgan?
2. Qahramon nutqi: Otabekning nutqi boshqa qahramonlarning nutqidan qaysi jihatlari bilan ajralib turadi? Bosh qahramon nutqining o‘ziga xos xususiyatlari nimadan iborat?
3. Boshqa qahramonlarning Otabekka munosabat i : Matnda Otabekka munosabat bildirilgan o‘rinlarni toping. Asar qahramonlari Otabek haqida qanday fikrlarni bildirishadi? Kimlarning fikrlari Otabekka mos keladi? U boshqalar bilan munosabatda o‘zini qanday
tutadi?
4. Qahramonning xatti-harakati Otabek timsoli tasvirida fe’l-atvoriga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar bormi? U o‘z e’tiqodiga qanday amal qiladi?
5. Yozuvchining qahramonga munosabati: Muallif Otabek timsoli orqali qanday g‘oyani ilgari suradi?
Asarni shunchaki o‘qish — kimningdir taqdiridan xabardor bo‘lishdek gap. Tahlil esa asarning mazmun-mohiyatini, voqealar rivojini, asardagi har bir qahramonning hissiyoti, dunyoqarashini tushunishga, yozuvchining falsafiy mushohadalarini anglashga yordam beradi.
Zamira TOJIAHMEDOVA,
Andijon shahridagi
41-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘ qituvchisi