“Alifbo”
“ALIFBO”
“Alifbo” o‘quvchilar – odamlar yashaydigan bu olamda faqat dehqonlar va janoblar bor. Ular yonma-yon yashaydi. Dehqonlar og‘ir. Ularning atrofidagi narsalar oddiy, ko‘p narsalar odatiy, odatda ular haqida gapirilmaydi, ammo odatdagi narsalarni umumlashtirish lozim – bu muhim fikr.
Tolstoy bolalar faqat yasnopolyana maktabida va “Alifbo” bergan
bilimlar doirasida cheklanib qolmasligi kerak, deb o‘ylaydi. U “fan – qismlarni umumlashtirishdir”, deb sanar ekan, rus bolalarini ko‘rish va umumlashtirishga o‘rgatishni xohlaydi.
“Pedagogikaning vazifasi, binobarin, aqlni umumiy xulosa chiqarishga yo‘naltirishdir”.
“...oldindan ko‘rib bo‘lmaydiganni” umumlashtirish muhim. “Bu kutilmagan xulosalar fanni boyitib boradi”.
Umumlashtirish uchun masallar, ozroq tarixiy va maishiy matnlar, taqrizchilarni ajablantirgan va tashvishlantirgan – keskin realistik, ba’zan, hatto, naturalistik yo‘nalishdagi asarlar saralab olinadi.
“Yangi alifbo”ning ilk sahifalarida, bolalar uchun o‘qish mashqlari berilgan o‘rinda ustun tarzida: “Burgalar mayda. Qoshlar qora”, deb yozilgan.
Bular odatdagi, izohlarsiz berilgan, ammo yoqmadi.
“Alifbo”ning qayta nashriga Tolstoy va Tolstoy tarafdorlari tomonidan ayrim tuzatishlar kiritildi. Maktablar va kutubxonalardan kitobga rasmiy tavsiyanomalar olishga to‘g‘ri keldi. 1891- yil 26- iyulda Sofya Andreyevna yozadi: “Kun bo‘yi Alifbodagi imlo xatolarini tuzatib chiqdim. O‘quv qo‘mitasi unga ayrim, masalan: burga, shayton, qandala singari so‘zlar kiritilishini ma’qullamadi, shuning uchun xato bor, yana tulki va burgalar, ahmoq dehqon haqidagi boshqa hikoyalarni chiqarib tashlashni taklif qilishdi, bunga Tolstoy rozi bo‘lmadi”.
Tolstoyga bu turmush ko‘pda yoqmasdi, chunki hali qayta qurilganicha yo‘q-da.
“Alifbo”ning uchinchi kitobida (1872-y.) Tolstoy o‘tqazgan ikki yuzta olma ko‘chatini sichqonlar qanday g‘ajib tashlagani haqida hikoya qilinadi. Undan so‘ng “Qandalalar” nomli parcha berilgan: ikkala hikoya ham “Men” so‘zi bilan boshlanadi.
Olmalar haqida xuddi odamlar to‘g‘risida yozganday – achinib so‘zlanadi, olmalar to‘rt yil yashaydi, so‘ngra to‘qqiztasidan tashqari, hammasi halok bo‘ladi, barchasi juda yaxshi izohlangan: “Daraxt tanasi – odam tomiriga o‘xshaydi: tomir orqali odam tanasiga qon tarqaladi – daraxtning po‘sti orqali tarqalgan shira shoxlar, barglar va gullarigacha yetib boradi”.
Qandala haqida deyarli achchiqlanmay hikoya qilinadi: odamzodning ularga qarshi kurashi befoyda. Tolstoy karvonsaroydagi xonaning o‘rtasiga qo‘yilgan karovatning har bir oyog‘i tagiga yog‘och kosachaga suv
quyib qo‘yadi va o‘ylaydi: “Men sizlarni aldadim”. Endi qandalalar shiftga chiqib, uning ustiga sakrashadi. Barin po‘stinini kiyib, hovliga chiqib ketadi va xulosa qiladi: “Sizlarni aldab bo‘lmas ekan”.
Bu hikoyalardan tanqidchilar ranjidi, axir hayot juda oddiy, ammo unda nimalar sodir bo‘lmaydi: u aldamaydi, go‘zal emas. Bundan tashqari, tanqidchilarni “Alifbo”ga boshqa yozuvchilar – na Gogol, na Turgenev asarlari kiritilmagani ham ajablantiradi, ham ranjitadi. Hayot haqida boshqa mavzudagi hikoyalar kam: eskimoslar, habashlar haqida hikoyalar bor-u, yevropaliklar haqida hech gap yo‘q.
Kitobda tilga olingan narsalar oddiy va qadimiy: Ezopning masallari va undan ham sodda asarlar jamlangan. Yangiliklardan temiryo‘l va elektr tarmog‘i haqidagi hikoyalar bor. Temiryo‘l haqidagi hikoya juda qiziqarli. U go‘yo kitobga mazmunan qarama-qarshi – “Kuch tezligi” deb nomlangan. Tagida qo‘shimcha izoh ham berilgan – “Voqeiy hikoya”.
Yasnaya Polyana yonidan yaqindan temiryo‘l yotqizildi, ammo odamlar parovozni ko‘rib hayratga tushardi, parovozlar hozirgidan ensizroq bo‘lgani sababli bo‘yi baland tuyulardi.
Hikoya shunday boshlanadi: “Bir gal mashina temiryo‘l ustidan juda tez keldi. Temiryo‘l ustidan o‘tadigan joyda og‘ir yuk ortilgan arava tortayotgan ot turardi. Mujik otni yo‘l ustidan haydab o‘tmoqchi, ammo ot aravani tortolmadi, chunki orqa g‘ildirak o‘qidan chiqib ketdi. Poyezddagi chiptachi parovoz haydovchiga qichqirdi: “To‘xta”, ammo haydovchi quloq solmadi. U mujik ot-aravani haydab o‘tolmasligini, hatto o‘rnidan qimirlata olmasligini ham payqadi, mashinani birdan to‘xtatishning iloji yo‘q. U parovozni to‘xtatishga harakat qilmadi, aksincha, mashinani eng yuqori tezlikka chiqardi va katta kuch bilan aravaga urildi. Dehqon qochib qoldi, mashina esa, arava va otni payraxaday uzoqlarga uchirib otdi, o‘zi siltanib ham qo‘ymadi, yana yo‘lida davom etdi”.
Haydovchi otni o‘ldirib, aravani pachaqlamasa, agar chiptachining gapiga quloq solsa, o‘zi va yo‘lovchilar halokatga uchrashi mumkinligini tushuntirdi.
Chiptachi tutgan yo‘l Tolstoyning Gersen bilan suhbatini yodimizga soladi, agar muz yoriladigan bo‘lsa, yagona qutulish yo‘li – yanada tezroq yurishdir.
Tolstoy o‘zi dadil bo‘lgan. Mulkdan mulkka, yozda ko‘prikni chetlab, daryo kechuvidan o‘tishardi, qish-bahorlarda muz ustidan, ba’zida ishonchsiz yo‘ldan ham cho‘chimay, muz ko‘cha boshlaganda qayiqda ham suzishardi.
Gap faqat dadillikda emas – gap xulosa chiqarish va zudlik bilan vaziyatga baho berishda. Ba’zida yuqori tezlikda borish kerak deyilsa, savol tug‘iladi: Qayoqqa?
Tolstoy “Alifbo”sidagi odamlar qishloqda yashaydi va ularning boshqa boradigan joyi yo‘q; parovoz va temiryo‘l kutilmaganda paydo bo‘ldi; bu odamlar temiryo‘lsiz ham yashayverardi: yer haydashi, mol boqishi, moli o‘lsa yig‘lab-siqtashi, yashab qarishi, bolalarini katta qilishi mumkin edi.
Kitob ortiqcha oddiy axloq haqida so‘zlaydi. Unda deyarli shaharlar haqida gap yo‘q, faqat Tolstoy biroz tuzatish bilan darslikka kiritgan yasnopolyana maktab o‘quvchisining hikoyasi bor. Hikoya “Meni qanday qilib shaharga olib ketmaganlari haqida” deb nomlanadi.
Bola kattalardan o‘zini ham shaharga olib ketishlarini so‘raydi, ammo olib ketishmaydi, u xafa bo‘lib uxlab qoladi va tushida shaharga borib keladi. Keyin u ko‘chaga o‘ynagani chiqadi, o‘sha vaqtda otasi shahardan qaytib keladi.
“Alifbo”da kemalar bor; bir kemada kapitanning o‘g‘li maymunning ortidan quvib shunday joyga kirib qoladiki, uni qayta chiqarib bo‘lmaydi, shunda ota miltiq otib, qo‘rqitib o‘g‘lini suvga tashlashga majbur qiladi. Boshqa hikoyada bolalar cho‘milishayotganda nahang yaqinga suzib keladi, shunda keksa artilleriyachi o‘g‘liga yaqin joyda nahang suzg‘ichiga ko‘zi tushib, to‘p otib, baliqni o‘ldiradi.
Bu hikoyalarning barchasi inson jasorati va omadi haqidagi hayratlanarli voqealardir.
Albatta, yelkanli kemalar haqida ham, masalga misol tariqasida keltirilgan bo‘lsa-da, voqeiy hikoyalar bor edi.
Odamlar dehqonchilik qilishadi, narsalar tarkibi haqidagi namunalar esa, mohiyatan aytganda, faqat daraxtlar tuzilishigacha yetib borgan, xolos – nima uchun g‘ildirak tiqini emandan emas, oq qayin yog‘ochidan tayyorlanadi?
Chunki yorilib ketmaydi.
Qishloq atrofi dala, bu yerlarda vaqt o‘tmayotganday tuyiladi. Solnomalarda qolgan hikoyalar ham bor, Bibliyadan parchalar keltirilgan, Yermak to‘g‘risida rivoyatlar, Pyotr I va dehqon suhbati, dehqonlar olov ichida qolgan Moskvadan narsalarni tashib chiqqanlari haqidagi manzaralar ham kiritilgan.
Kitobda tarix harakati sezilmaydi, u daladan narida paydo bo‘ladi va dalagacha yetib kelmaydi.
Zambarak otgan artilleriyachi haqidagi hikoya va Tolstoy aytgan dostonlar bir qatorda turadi, ular bir vaqtda paydo bo‘lgan.
Bu yerda tezlik yo‘q.
Hayot ibtidoiy, juda sokin, shu bilan qudratli. Tolstoy: bu “kuchning qo‘zg‘almasligidan” deb yozishi mumkin edi. Bunday hikoya yo‘q, ammo o‘sha vaqtlarda Tolstoy «Nesovremennik» nomli jurnal nashr etish taraddudiga ham tushgandi.
Pugachyov haqida yana bir hikoya bor: Pugachyov qishloqqa keladi, boylar qochib ketadi, boyning kichkina qizchasini dehqoncha kiyintirib qo‘yishadi, u Pugachyovga yoqib qoladi va unga kumush tanga beradi.
Pugachyov bo‘lgan, ammo Pugachyovga nima qilishdi, u nima uchun janoblarga qarshi kurashdi, bu haqida so‘z yo‘q: faqat janoblarning qizini Pugachyovdan yashirgan dehqonlar borligi aytiladi, xolos.
Janoblar jang qiladi, kemalarda suzadi, bog‘lar bunyod etadi va ov qiladi, ularning bolalari jang va ov qilish uchun ot minishni o‘rganadi. Aytishadiki, to‘rt aka-uka, Tolstoylar xuddi shuncha bo‘lgan, o‘z mardligini ko‘rsatish uchun Quzg‘un degan qari otni shunday qamchilaydiki, bechora otni qiynagani uchun bolani amakisi qattiq uyaltiradi.
Ov haqida hikoyalar ko‘p. Birdaniga yettita hikoya – do‘ndiqqina Bulkaga bag‘ishlangan. Katta hayvonlarni ovlaydigan kuchli itlarni “do‘ndiqcha” deb atashgan. Barin Kavkazga ketayotganda o‘zi ayiq oviga birga olib
boradigan Bulkani qamab qo‘yadi. Bulka oynani sindirib chiqib, barin ortidan quvib yetadi. Bu juda yaxshi tasvirlanadi: “Birinchi bekatga kelib, otni almashtirayotganimda, katta ko‘chadan uchib kelayotgan qora, yaltiroq narsaga ko‘zim tushdi. Bu bo‘yniga mis tasma taqilgan Bulka edi, u butun kuchi bilan bekat tarafga uchib kelardi. Menga tashlandi, qo‘llarimni yaladi va arava tagidagi soyaga borib cho‘zildi”.
Keyin Bulkaning to‘ng‘izga tashlangani hikoya qilinadi. Yana Bulkaning bo‘ri bilan olishgani, boshqa itlar orasida xo‘jayinini qizg‘anishi ham hikoya qilinadi.
Itlar haqidagi hikoyalar uslub xususiyatlariga ko‘ra boshqa barcha hikoyalardan farqlanadi: ularda pand-nasihat yo‘q; ular aniq tafsilotlarga asoslangan.
Tolstoy Bulka haqida “Kazaklar”da hikoya qilishi kerakday tuyuladi: Olenin o‘rmon bo‘ylab ketayotganda, oldida it chopib borishi, uning qop-qora yelkasini sanoqsiz pashsha qoplaganidan binafsharang tus olgani aytiladi. Ammo Bulka nomi “Kazaklar”da uchramaydi. “Kazaklar”da ulkan masalalar hal etiladi. Bulka “Alifbo”da, Tolstoyga xos turmushning bir parchasi sifatida paydo bo‘ladi. Barin “Alifbo”da Kavkazni eslaydi, Eroshka yodiga tushmasligi uchun Bulkani o‘ylaydi.
Rus tilidan HUMOYUN tarjimasi.
(Davomi bor.)