Alisher Navoiy lirik merosining maktab darsliklarida berilishi
Navoiy ijodini aslicha, turli xil o‘zgarishlardan xoli tarzda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Hozirgi kunda maktab darsliklarida Navoiy ijodi bilan bog‘liq ayrim xatoliklar uchraydi. Mazkur kamchiliklar Navoiy aytmoqchi bo‘lgan fikrning o‘zgarishiga, vazn jihatdan esa ohangdorlikning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, 2022-yili yangi nashr etilgan 6-sinf “Adabiyot” darsligida Navoiy ruboiylari bilan bog‘liq xatoliklar kuzatiladi. Jumladan:
Ko‘nglungni orit barcha yomon xislatdin
Kim, yaxshi qiliq dalil erur rahmatdin.
Badxo‘yliq ul vahshat erur shiddatdin
Kim, elga xaloslik yo‘q vahshatdin.
(Mirzayeva Z., Jalilov K. Adabiyot. 6-sinf uchun darslik-majmua.–Toshkent, 2022. – 224-bet.)
Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida ruboiy haqida to‘xtalib, uning 24 vaznda yozilishini ta’kidlaydi. Boburning “Risolayi aruz” va boshqa aruzga oid asarlarda bu qoida aynan bir xil ko‘rinishda. Mazkur ruboiyning dastlabki 3 misrasi qoidaga muvofiq tarzda belgilanadi. Ammo to‘rtinchi misradagi vazn (– – V / V – V – /– – – – ) 24 vaznlar orasida yo‘q. 2013-yilda nashr etilgan Alisher Navoiy “To‘la asarlar to‘plami”ning oʻninchi jildi “Nazm ul-javohir”da ushbu ruboiy quyidagicha berilgan:
Ko‘nglungni arit borcha yamon xislatdin,
Kim yaxshi qilig‘ dalil erur rahmatdin,
Badxo‘yliq ul vahshat erur shiddatdin,
Kim elga xalosliq yo‘q ul vahshatdin.
(Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami / 10 jildlik. 4-jild. Nashrga tayyorlovchi: Sulaymon H. va b. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2013. – 840-bet).
Mazkur ruboiyning to‘rtinchi misrasi hazaji axrabi maqbuzi solimi abtar (– – V / V – V – / V – – – / – ) vaznida yozilgan. Ko‘rinib turibdiki, darslikda “ul” so‘zi tushib qolgan. Bu esa vazn buzilishiga sabab bo‘lgan. Bu xatolik ruboiyning nafaqat vazniga, balki mazmuniga ham putur yetkazgan. Jumladan, misrada “ul” olmoshi “badxoʻyliq” soʻzini izohlash uchun ishlatilgan bo‘lib, agar qo‘llanilmasa, noaniqlik vujudga keladi, mazmun to‘liq anglashilmaydi.
Shuningdek, darslikdagi ruboiyda yomon , barcha , orit kabi so‘zlar ham asl manbaga mos emas. Asl manbada “yomon” so‘zi “yamon” shaklida qo‘llangan. Bu esa
birinchi bo‘g‘inning qisqa talaffuz qilinishiga sabab bo‘ladi va imolayi maqduhning oldi olinadi. Navoiy asarlariga
nazar tashlar ekanmiz, “yomon” so‘zining aksariyat hollarda “yamon” shaklida ishlatilishining guvohi bo‘lamiz.
“Barcha” so‘zi ham “borcha” shaklida yozilishi tabdil jarayonida alifni o tarzida o‘qishdan hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu vaznga ta’sir qilmaydi (“Arit” so‘zi Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘atida “poklamoq”, “tozalamoq” va “bartaraf qilmoq” ma’nolarida qo‘llaniladi. Haqqulov I. Navoiyga qaytish. –T.: “Fan” nashriyoti, 2007. –33-bet).
Darslikda bu so‘zning “orit” shaklida berilishi ham, bizningcha, alifning o shaklida o‘qilishidan kelib chiqqan. Misraning mazmunini quyidagicha berish mumkin: “Ko‘nglingni barcha yomon xislatlardan pokla”.
“Qiliq”, “xaloslik” kabi so‘zlarni ham darslikda asl manbaga tayangan holda berish zarur. Negaki, mazkur jumlalar Navoiy asarlari tilidan, Navoiy davridan darak beradi.
Darslikda ruboiy bilan bogʻliq yana bir xatolik mavjud:
Farzand ato qullugʻin chu odat qilgʻay,
Ul odat birla kasbi saodat qilgʻay.
Har kimki atogʻa koʻp rioyat qilgʻay,
Oʻgʻlidin bu ish anga siroyat qilgʻay.
(O‘sha darslik. – 224-bet).
Ushbu ruboiy 6-sinf uchun darslik-majmuada keltirilgan bo‘lib, “Nazm ul-javohir” asarining 89-ruboiysi hisoblanadi. Ruboiyda soʻzning variantdosh shaklidan foydalanish, soʻzlar oʻrnining almashinishi kuzatiladi. Bu esa ruboiyga xos boʻlgan vaznning yuzaga chiqishiga toʻsqinlik qiladi. Ruboiyning asl matni “Nazm ul-javohir”da quyidagicha yozilgan:
Farzand ato qullugʻin chu odat qilgʻay,
Ul odat ila kasbi saodat qilgʻay,
Har kimki, atogʻa koʻp rioyat qilgʻay,
Oʻgʻlidin anga bu ish siroyat qilgʻay.
(Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami / 10 jildlik.
10-jild. Nashrga tayyorlovchi G‘aniyeva S. va b. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2013. – 684-bet).
Aruz ilmida ruboiy misralarining 24 xil vaznda yozilishi maʼlum. Ruboiyda gʻazal, tuyuq, qitʼalardagidek
birinchi misra qaysi vaznda boʻlsa, qolgan misralar ham shu vaznda boʻlishi talab etilmaydi. Mazkur ruboiy ham hazaj bahrining ikki xil, yaʼni hazaji axrabi maqbuzi solimi abtar (1,3,4-misra) va hazaji axrabi makfufi solimi abtar (2-misra) vaznida yozilgan. Koʻrinib turganidek, ruboiyning asl matnini bemalol vaznga solsa boʻladi.
Ikkinchi misradagi “birla” soʻzining asl manbada “ila” tarzida ekani yuqoridagi vaznning hosil boʻlishiga qulaylik yaratgan. Toʻrtinchi misrada esa soʻz oʻrinlarining almashinuvi, yaʼni “anga” soʻzining misra boshida emas, misra oʻrtasida berilishi yuqoridagi ruboiy vaznining yuzaga chiqishiga toʻsqinlik qilgan. Darslikdagi misralar asosida tahlil qiladigan boʻlsak, ruboiy vazniga xos boʻlmagan vazn hosil boʻladi. Natijada ruboiy vazniga va ohangiga putur yetadi. Darsliklarni yozayotganda asl manbaga tayanib, hech qanday oʻzgarishlarsiz berilsa, bunday xatoliklarning oldi olingan boʻlardi.
7-sinf “Adabiyot” darsligida ham Navoiy fardlari bilan bogʻliq xatoliklarni koʻrish mumkin. Bulardan biri darslikda quyidagicha berilgan:
Xaliq oʻlgʻan saxiydin elga boʻldi yakki baxshoyish,
Ham ehsonidin oroyish, ham axloqidin osoyish.
Mumtoz adabiyotda fard (arabcha “yakka”, “yolgʻiz”) bir baytdangina iborat boʻlib, axloqiy-taʼlimiy, falsafiy masalalarga bagʻishlanishi maʼlum. Avvalambor, ushbu baytning, yaʼni fardning maʼnosini aniqlab olish lozim. “Navoiy asarlari lugʻati”da “baxshoyish”– kechirish, bagʻishlash, marhamat, “oroyish” – bezak, ziynat, pardoz, “osoyish” – tinchlik, rohat kabi maʼnolarda kelganligini koʻrish mumkin. Ushbu fardda “Saxiy insondan xalqqa ikki muruvvat boʻladi: qilgan ehsonidan, xayriyasidan ziynatlanadi, axloqidan rohatlanadi” tarzidagi axloqiy, falsafiy mavzu yetakchilik qiladi.
Mazkur bayt “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining toʻrtinchi devoni “Favoyid ul-kibar”da quyidagicha berilgan:
Xoliq oʻlgʻon saxiydin elga boʻldi ikki baxshoyish,
Ham ehsonidin oroyish, ham axloqidin osoyish.
(Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami / 10 jildlik. 4-jild. Nashrga tayyorlovchi: Sulaymon H. va b. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2013. – 840-bet.)
Koʻrinib turganidek, darslikda birinchi misrada “Xaliq”
va “yakki” soʻzlarining notoʻgʻri qoʻllanilishiga doir xatolik mavjud. Asl manbada “Xoliq” va “ikki” tarzida berilgan. Shunda baytdan anglashilgan maʼno oʻz qiymatini yoʻqotmaydi. Darslikda lugʻatlar berilishi bilan bogʻliq xatoliklarni ham koʻrish mumkin. “Xaliq” soʻzi darslikda “chiroyli” deb taʼriflangan, asl manbada esa u “xaliq” emas “Xoliq” (xalq qiluvchi, yaratuvchi) tarzida yozilgan. Tilimizda “yakki” degan soʻz mavjud emas, “yakka” deb oʻylaydigan boʻlsak, farddan anglashilgan maʼno oʻz mazmunini yoʻqotadi. Ushbu fard 8-sinf “Adabiyot” darsligida 7-sinfdagidan-da boshqacha tarzda berilgan:
Xoliq oʻlgʻon saxiydin elga boʻldi baxshoyish,
Ham ehsonidin oroyish, ham axloqidin osoyish.
(Olimov S., Ahmedov S., Qoʻchqorov R. Adabiyot. 8-sinf uchun darslik-majmua. – Toshkent . Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – 352-bet.)
Darslikda fardning birinchi misrasida “ikki” soʻzining tushirilib qoldirilishi bevosita fard mazmuniga ham ta’sir etgan, vazn oʻlchovlariga mos kelmasligiga ham sabab boʻlgan. Mazkur fard hazaji musammani solim vaznida yozilgan (taqteʼsi va afoyili V – – – /V – – – /V – – – /V – – – / ma-fo-iy-lun/ma-fo-iy-lun/ma-fo-iy-lun/ma-fo-iy-lun/). Darslikda berilgan fardning birinchi misrasida “ikki” so‘zining tushirilib qoldirilishi esa bu vaznning yuzaga chiqishiga toʻsqinlik qiladi. Shunday ekan, har qanday janrdagi asarni yozishda uning shakl (baytlarning qaysi vaznda ekani, qaysi lirik janrga xosligi) va mazmun (baytdan ifodalangan maʼno-mazmun) uygʻunligiga, vazn oʻlchovlariga mos ravishda berilishiga eʼtibor qaratish lozim, aks holda, asar badiiy qiymatini yoʻqotadi. Shu jumladan, darslikda yana Navoiy fardlariga doir ham mazmunga, ham vaznga taʼsir qiladigan xatolikni uchratish mumkin:
Tama etma, koʻp boʻlsa el moli,
Koʻrmayin Haq xazinasin xoli.
(Olimov S., Ahmedov S., Qoʻchqorov R. Adabiyot. 8-sinf uchun darslik-majmua. – Toshkent . Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – 352-bet.)
Mazkur fard “Favoyid ul-kibar” devonining 3-fardi hisoblanadi.
Tama etma koʻp oʻlsa el moli,
Koʻrmayin Haq xazinasin holi.
(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami / 20 tomlik. 6-tom. –T.: “FAN”, 1990. – 568-bet.)
Ushbu fardda “Haq, yaʼni Olloh taoloning karamini, xazinasining holatini bilmay turib xalqning mol-u davlati koʻpligidan maqtanma” degan falsafiy gʻoya ilgari surilgan. Bundan anglashiladiki, darslikda bayt oxirida yozilgan “xoli” soʻzi oʻzaro omonim (shakldosh) boʻlib, “inson tanasidagi xol, dogʻ” hamda “ichida hech narsa yoʻq, boʻsh” kabi maʼnolarni anglatadi
(Ibrohimov S., Shamsiyev P. Navoiy asarlari lugʻati.–T.: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1972. – 784-bet.) Ammo fardda bu maʼnolarga ehtiyoj yoʻq. Unda Haq xazinasining holi, ahvoli, holatiga bogʻliq maʼno ifodalangan.
Ushbu fard xafifi musaddasi maxbuni maqtuʼ (yaʼni foilotun/ mafoilun / faʼal ( – V– – / V – V – /– –) vaznida yozilgan. Bu baytning shu vaznga muvofiq kelishi uchun darslikda yozilgan “boʻlsa” soʻzining oʻrniga asl manbada yozilgan “oʻlsa” variantini olish lozim. Chunonchi, Navoiy asarlari tilida “boʻlsa” so‘zi ko‘p holatlarda shu maʼnoni beruvchi “oʻlsa” tarzida qo‘llaniladi. Navoiy har bir yozgan lirik asarida baytlarning shakl va mazmun uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratgan, yaʼni maʼlum bir lirik janrdagi asarlarni yozar ekan, baytlardagi maʼnoning qay darajada bir-biriga bogʻlanganligi, vazn oʻlchovlariga qay darajada mos kelishiga ahamiyat bergan.
9-sinf “Adabiyot” darsligining “Kirish” qismida Navoiyning “Ne sunʼungdin ajab yuz ming jahon…” deb boshlanuvchi gʻazalidan bayt olingan:
Azal ham sen, abad ham sen, na avval birla oxirkim,
Anda yoʻq ibtido paydo, munda yoʻq intiho paydo.
(Yoʻldoshev Q., Qodirov V., Yoʻldoshbekov J. Adabiyot. 9-sinf uchun darslik-majmua.–Toshkent. “Oʻzbekiston” NMIU, 2019. –368-bet.)
Ushbu bayt “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining uchinchi devoni “Badoyeʼ ul-vasat”ning ikkinchi gʻazalining 3-bayti hisoblanadi. Gʻazal boshdan oyoq hazaji musammani solim vaznida. Darslikda berilgan ushbu baytning ikkinchi misrasida “anda” va “munda” soʻzlari baytning bu vazn bilan nomutanosibligiga sabab boʻlmoqda. Mazkur baytda grammatik qoʻshimchalarni qoʻshish bilan bogʻliq xatolikka yoʻl qoʻyilgan. “Badoyeʼ ul-vasat”da esa bu baytning ikkinchi misrasi “ Anga yoʻq ibtido paydo, munga yoʻq intiho paydo” (Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami / 10 jildlik. 3-jild. Nashrga tayyorlovchi: Sulaymon H. va b. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2013. – 764-bet.) tarzida yozilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, misraning bu holda yozilishi bemalol vazn oʻlchovlariga mos keladi. 6-sinf darsligida nafaqat oʻquvchilar, balki soha vakillari ham bir qarashda ajrata olmaydigan yana bir xatolik mavjud:
Yaxshi kishilar birla tutar boʻl suhbat,
To bergay amon sharirdin ul suhbat.
(Mirzayeva Z., Jalilov K. Adabiyot. 7-sinf uchun darslik-majmua. – Toshkent , 2022.– 224 bet.)
Bu baytni, shak-shubhasiz, gʻazaldan yoki biror dostondan olingan parcha deb oʻylash mumkin. Biroq ushbu bayt “Nazm ul-javohir”ning 130-ruboiysi (“Sohib ul-axyori ya’manu ul-ashrora” (“Yaxshi kishilar bilan hamsuhbat bo‘lish – yomonlikdan asraydi”) sarlavhali ruboiy) sanaladi. Ruboiyning to‘liq varianti quyidagicha:
Asli maqsud soridur yo‘l suhbat,
Farxunda kishiki topqay o‘shul suhbat.
Yaxshi kishilar birla tutar boʻl suhbat,
To bergay amon sharirdin ul suhbat.
(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami / 20 tomlik. 6-tom. –T.: “FAN”, 1990. – 568-bet.)
Demak, bu bayt gʻazal, qitʼa, qasida, masnaviy, dostondan olingan bayt emas, balki ruboiydan olingan baytdir. Mumtoz adabiyotda ruboiy, tuyuqlar toʻrtlik shaklida, yaʼni toʻrt misradan iborat boʻladi. Ularning maʼlum bir baytini yoki misrasini bu tarzda berish xato hisoblanadi. Aks holda, uning qaysi janrda, qaysi asardan olinganligi bilinmaydi, mazmun anglashilmaydi. Mazkur baytni vazn jihatdan tahlil qilsak, birinchi misra hazaji axrabi makfufi solimi abtar, ikkinchi misra hazaji axrabi maqbuzi solimi abtar vaznida yozilganligini koʻrish mumkin. Darhaqiqat, aruz ilmida ruboiy hazaj bahrining axram va axrab shajaralarida yozilishi hamda faqatgina ruboiyda oxirgi, yaʼni toʻrtinchi ruknlar bir hijodan iborat boʻlishi maʼlum. Oʻquvchi darslikda berilgan bu baytning ruboiy ekanligini anglay olmaydi. Shuning uchun darsliklarda hikmatli soʻzlar yoki shunga oʻxshash baytlarni berayotganda
oʻsha bayt yoki misrani toʻliq holda keltirish darkor. Shunda oʻquvchida oʻsha baytdan anglashilgan maʼno natijasida asarning qaysi yoʻnalishda (ishqiy, axloqiy-taʼlimiy, falsafiy va hokazo) yozilganligi haqida tasavvur uygʻonadi. Har qanday holatda ham ruboiy va tuyuqni darslikda berayotganda ularni toʻliq va asl manbada qanday boʻlsa, shundayligicha berish shart. Baytda maʼlum bir soʻz yoki qoʻshimchalarning oʻzgartirilishi, yaʼni Navoiy tilida emas, hozirgi tilimizga moslab qoʻllash nafaqat asarning maʼnosi, vazni, balki shoir davri muhitining ham nomuvofiqlashuviga olib kelishi mumkin.
Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, hozirgi kunda Navoiy asarlari tilining murakkabligi natijasida oʻquvchi yoshlar Navoiy asarlarini oʻrganishda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Mazkur qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun darsliklarda berilgan har qanday lirik janrdagi asar yoki “Xamsa” dostonlarini oʻqitishda, oʻrgatishda tushunilishi qiyin boʻlgan soʻzlarni lugʻatlar bilan birga berish kerak. Yangi darslik chiqarilayotganda imlo xatolarsiz, baytlarni asl matnidan farqli ravishda oʻzgartirmay berish, kimning qaysi asaridan bayt olinganligini koʻrsatish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Dildora O‘RINOVA,
Alisher Navoiy nomidagi
ToshDO‘TAU talabasi