Amerikani zabt etayotgan o‘zbek o‘g‘lonlari
Amerikani zabt etayotgan o‘zbek o‘g‘lonlari
Toshkentda tug‘ilgan Abdug‘afur Islomov turon yakkakurashi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, oliy toifali murabbiy va xalqaro toifadagi hakam. Janubiy Koreyaning ikki sport turi, ya’ni hapki yusul va hapkido sport turlari bo‘yicha 4-DAN qora belbog‘ sohibidir. Sportchi sambo, ushu va turon yakkakurashi bilan professional shug‘ullanib, 20 yil davomida O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida g‘alaba qozongan.
Abdug‘afur 2001-yili Respublika olimpiya zaxiralari kollejida turon yakkakurashi bo‘limi tashkil etilgach, bu dargohda 2015-yilgacha samarali mehnat qildi. Bu davr ichida turon yakkakurashi bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga a’zolar, xalqaro toifadagi sport ustasi, malakali trener va hakamlar tayyorladi. Trenerlik faoliyati davomida yosh turonchilarning musobaqaoldi tayyorgarlik uslubiyatini takomillashtirish muammosi ustida jiddiy ish olib borib, ba’zi natijalarga erishdi. Chet el tajribasidan keng foydalangan holda boshqa yakkakurash turlari bo‘yicha ham izlanishlar olib bordi.
2015-yilda sport, trenerlik va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ayniqsa, milliy yakkakurash sportini xorijda targ‘ib etish maqsadida AQSHga keldi. Uch yil davomida jismoniy va maxsus tayyorgarlik ustida jiddiy ishlab, yakkakurash turlari bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Amerikaga kelishidan avval Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Slovakiya, Chexiya, Germaniya kabi davlatlarda ham milliy sport turlarimizni keng targ‘ib qilib, yaxshi natijalarga erishgan. Chexiya va Slovakiyada turon yakkakurashi federatsiyasini ochishga ham muvaffaq bo‘lgan. Ummonortida qisqa vaqt mobaynida murabbiylik faoliyatida bir qator nufuzli sport tashkilotlari orasida hurmat qozonishga ulgurdi.
Tirishqoq, oddiy uslublarda yakkakurash turlarining sir-asrorlarini tushuntira oladigan vatandoshimizga xorijlik mutaxassislar yuksak baho berishmoqda.
— Mashg‘ulotning rejadagi va amaldagi parametrlari o‘rtasidagi tafovutni aniqlash, ularning dinamikasi, o‘lchamlari, rejalashtiriladigan mashg‘ulot davrini belgilash, kichik, o‘rta va katta sport mashg‘uloti sikllari doirasida rejalashtirish hamda nazorat qilishning o‘zaro uzviy bog‘liqligini tashkil qilish, bu jarayonga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadga muvofiq, – deydi Abdug‘afur Islomov.
Hozir yakkakurash turlarida mashg‘ulotni rejalashtirish to‘g‘risidagi tasavvurlar ancha o‘zgardi. Bu musobaqa qoidalariga ba’zi o‘zgartirishlar, bellashuvlar tomoshabopligini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarga bog‘liq. Qahramonimizning AQSHga ilk bor tashrif buyurishidan ko‘zlangan maqsad bu borada mamlakatdagi amaliyotdan foydalanish edi. Tanish-bilishlari ko‘pligiga qaramasdan, til va hujjat masalasida qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. AQSHda huquqiy maqom olish uchun sportchi va murabbiylik faoliyatidagi hujjatlarini Immigratsiya xizmatiga topshirdi. O‘z navbatida, ular Abdug‘afurga ish faoliyatini olib borishi uchun tegishli hujjatlarni taqdim etishdi. Iqtisodini tiklash uchun turli qo‘shimcha ish qilishiga ham to‘g‘ri keldi. Sportchi sifatida xalqaro musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egalladi. Garchi kichik guruhda tashkil etilgan bo‘lsa-da, sport turini tanishtirishda musobaqalar qo‘l keldi.
2015–2018-yillar davomida o‘z jismoniy va maxsus tayyorgarligi ustida jiddiy ishlagan sportchi jamoasiga mahalliy yoshlar bilan bir qatorda, turli sabablarga ko‘ra Amerikada yashayotgan o‘zbekistonlik yigit-qizlarni ham jalb qildi. Shogirdlari bilan nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2016-yil 28-may kuni Joliyet shahrida, 2018-yil 5-6-may kunlari Nyu-York shahrida sambo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Amerika ochiq chempionatida, 4–6-iyul kunlari Orlando shahrida “US open, ISKA World martial arts Championship” turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jamoadoshlar jami 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medaliga ega bo‘lishdi. Bunda A.Islomovdan tashqari shogirdlaridan Ubaydulla Toirov, Behzod Karimovlarning hissasi katta bo‘ldi.
Chet ellik mashhur mutaxassislardan Bob Cla, Eddy Aguiar, Javier Palomo, Stephen Koepfer, Pablo Rodriguez,
Lenny Polyakov, Ruben Rukabilar o‘zbek pahlavonlarining yutuqlaridan hayratda qolib, o‘zbek milliy sport turlariga qiziqishi hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash istagi borligini aytishdi. Bugungi kunda ushbu mutaxassislardan tashqari, xorijlik sportchilardan Jose Davila, Uriel Diaz, Ivan Antonov, Eyby Flores, Cesar Roges, Marian Shultis, Gedeon Jean, Denis Agleevlar bilan hamkorlikda ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Biroz vaqtdan so‘ng, o‘z mavqeyini tiklab olgan sportchimiz katta marralarni maqsad qilib qo‘ydi. Shogirdlari va kasbdoshlari bilan birga amerikaliklar orasida o‘zbek yakkakurashini keng targ‘ib qilish, ularning Vatanimizga qiziqishini oshirish hamda ular orasidan iqtidorlarni tanlab olish maqsadida AQSHda 2017-yili “Single combat Turon LLC” sport klubi va 2020-yili “International single combat turon academy”ni rasmiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Abdug‘afurning fikricha, aksariyat hollarda terma jamoa bosh murabbiylari yuqori malakali sportchini har tomonlama tayyorlash bilan birga sport menejmenti bilan ham shug‘ullanadi. Ularga bu ortiqcha vazifa hisoblanib, asosiy faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Ularning asosiy vazifasi esa sportchini navbatdagi musobaqalarga texnik-taktik, psixologik va tarbiyaviy nuqtayi nazardan tayyorlashdir. Sport menejeri esa sport tashkiloti to‘g‘risida ma’lumotlarni reklama qilish, aholining barcha qatlamlarini, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb qilish, turli musobaqalar, xususan, tijorat tadbirlarini tashkil etish, boshqa sport va manfaatdor tashkilotlar bilan aloqalarni o‘rnatish, sport biznes loyihalari hamda tashkilot strategiyasini ishlab chiqish kabi tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanishi kerak.
Ushbu ishlarni amalga oshirishda qahramonimiz kelajakda jismoniy tarbiya va sport sohasida AQSH va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli rejalarni amalga oshirishga bel bog‘lagan. Bu yo‘lda unga hamkasblaridan Farhod Turdiyev, Ubaydullo Toirov, Sobirjon Bobojonov, Alisher Jumaboyev, Diyor Abdusamadov, Zafar Usmonov, Furqat Isayev, shogirdlaridan Behzod Karimov, Ravshan Almatov, Farrux Niyozimbetov hamda Azim Bobomurodovlar har tomonlama ko‘maklashmoqda.
O‘ylaymizki, Abdug‘afur va jamoadoshlarining ummonortidagi ko‘p qirrali faoliyati kezi kelib mamlakatimiz sportining dunyo uzra nom qozonishida qo‘l keladi.
Farhod ORZIBOYEV,
Sirg‘ali tumanidagi
305-maktab direktori o‘rinbosari