Artikulyatsiya sifatli ta’limga kafolat beradimi?
Texnika asrida zamonaviy texnologiya yordamida insonlarga, ularning talab va istaklariga qarab qulayliklar yaratilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Oxirgi paytlar yaratilayotgan texnologik qulayliklar, masalan, mobil ilovalarni turli sohalarda uchratish va ishlatish mumkin.
Misol uchun, inklyuziv ta’limda assistiv uskunalarning yildan yilga yangilari yaratilayotgani, ular uchun turli xil mobil ilovalar paydo bo‘layotgani eshitishida nuqsoni bor o‘quvchilar uchun qulaylik yaratib, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilayotgani sir emas.
Ammo assistiv uskunalardan to‘laqonli foydalanish uchun hozircha barcha teng huquqqa ega emas, negaki eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning eshitish darajasi turli xil bo‘ladi. Misol uchun, eshitish darajasi uchinchi va to‘rtinchi bo‘lgan bolalar assistiv uskunalardan foydalana olmasliklari mumkin. Ular, asosan, artikulyatsiya yordamida o‘qituvchining lab harakatini kuzatishadi. Bundan tashqari, eshitish darajasi birinchi va ikkinchi bo‘lgan o‘quvchilarning ayrimlari shovqinli, notekis tovushlarni qabul qilishi ularning qo‘shimcha
ravishda lab artikulyatsiyasiga e’tiborliroq bo‘lishini talab qiladi.
Oldinlari kar va zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatlarida ta’lim faqat lab artikulyatsiyasi orqali o‘tilar, darsning imo-ishorada o‘tilishiga esa qisman yoki umuman ruxsat berilmas edi. Bunday usul qanchalik to‘g‘ri bo‘lgani, ta’lim sifati oshishiga xizmat qilishi yoki aksincha bo‘lishini quyida qisqa va lo‘nda tushuntirishga harakat qilaman.
Xo‘sh, dars mashg‘ulotini faqatgina lab artikulyatsiyasi bilan tinglagan o‘quvchilar qanchalik sifatli ta’lim va ma’lumot olishi mumkin? Ushbu savolga COVID-19 pandemiyasi davrida javob oldik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Koronavirus ko‘plab salbiy jihatlar bilan esda qolgan bo‘lsa, ayrim muammolarga yechim topilgani bilan foydali ham bo‘ldi. Xabaringiz bor, pandemiya payti masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun onlayn darslar surdo tarjimasi orqali olib borildi. Guvoh bo‘ldikki, darslarni imo-ishorasiz, ya’ni surdo tarjimasiz tinglash va faqat lab artikulyatsiyasi orqali kuzatishning iloji yo‘q.
Buni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim ham mumkin. Men zaif eshituvchi maktab bitiruvchisiman, eshitish darajam to‘rtinchi darajali – bu degani umuman eshitmayman, faqat so‘zlarni artikulyatsiya orqali payqayman. Maktab davrida o‘qituvchilarning ko‘pchiligi imo-ishorani yaxshi bilmasdi, ayrimlari hatto artikulyatsiyani ham ishlatmasdi. Aynan imo-ishorasiz va artikulyatsiyasiz o‘tilgan darslarda juda qiynalardim. Darslar imo-ishorasiz, artikulyatsiya ishlatilgan holda o‘tilganda ham men uchun oson kechmagan. Bunday darsda butun darsni o‘qituvchining lab harakatini e’tibor bilan payqab, 20–30 foizgacha ma’lumot olishim mumkin edi, bu esa o‘qituvchining lab harakatini qanday ishga solishiga bog‘liq, negaki har bir o‘qituvchi o‘z artikulyatsiyasiga ega. Bundan tashqari, artikulyatsiyadan tushunib olish – bolaning so‘z boyligiga ham bog‘liq, agar bolaning so‘z boyligi sust bo‘lsa va u yaxshi eshitmasa, artikulyatsiya orqali kuzatishi – har bir so‘zni xuddi topishmoq kabi o‘ylab topishidek gap. Tasavvur qilyapsizmi, o‘qituvchi bir daqiqada, deylik 50 ta so‘zni ishlatadi, bola esa bu vaqtda 50 ta so‘zdan 15–20 tasini tushunib oldi, yana 5 tasini xuddi topishmoq kabi ozroq o‘ylab, ularni o‘qituvchi davom ettirgan so‘zlaridan keyin so‘zlarga bog‘lab topib oladi. Shu 5 ta so‘zni qancha vaqt ichida topib olgani bolaning o‘ziga, so‘zlarni qanchalik tez topib olishiga bog‘liq. Agar bolaning so‘z boyligi sust bo‘lsa, o‘qituvchining artikulyatsiya orqali nima deyishi bola uchun jumboqligicha qoladi.
Hozirgi paytda dars jarayonida imo-ishoradan ham foydalanishga qisman ruxsat berilgan. Ayrimlar bunday amaliyot kar va zaif eshituvchi o‘quvchining rivojlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, deb hisoblashmoqda. Lekin men bunga qo‘shilmayman. Negaki, o‘quvchiga darsni to‘liq tushunib olishi uchun sifatli ma’lumot yetkazish kerak, bola yuqorida aytib o‘tilganidek, faqatgina lab artikulyatsiyasi orqali sifatli ma’lumot ololmaydi. Yoki artikulyasiyani ishlatmasdan faqat imo-ishora bilan dars berish ham bolaning ta’lim olishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Kar va zaif eshituvchi bolalarga sifatli ta’lim berish uchun bir vaqtning o‘zida ham artikulyatsiya, ham imo-ishoradan foydalanish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, o‘qituvchining yuz harakatlari ham asosiy rol o‘ynaydi. Yuz harakatidan nega va nima maqsadda foydalaniladi? Quyida qisqa qilib tushuntirishga harakat qilaman.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida kar surdo tarjimonlari xizmatidan foydalaniladi. Siz bunga hayron bo‘lishingiz va kar surdo tarjimoni nima uchun kerakligi, uning ta’lim sifatiga qanday ta’sir o‘tkazishi haqida savol paydo bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, kar surdo tarjimoni xizmatidan televideniye yoki yig‘ilish payti foydalaniladi. O‘zbekistonda ayrim kanallarda yangiliklarni qisman surdo tarjimasi orqali ko‘ramiz, lekin bu sinxron surdo tarjimasi hisoblanadi. Ya’ni bizda surdo tarjimon yuz va yelka harakatini ishga solmaydi, faqatgina lab va qo‘l harakati orqali ma’lumot yetkazadi.
Xo‘sh, sinxron surdo tarjimasi bilan kar surdo tarjimon o‘rtasida qanday farq bor? Kar surdo tarjimoni eshitmasa, ma’lumotni qanday oladi va yetkazadi? Kar surdo tarjimoni ro‘parasida eshitadigan surdo tarjimon o‘tirib tarjima qiladi, kar surdo tarjimon esa ekranga qarab, ro‘parasidagi eshitadigan surdo tarjimondan ko‘chirib yuz va yelka harakatini ishga solib, xunuk harakat qiladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar sifatli ma’lumotni aynan kar surdo tarjimon orqali qabul qilib olishadi. Misol uchun, limon tishlagan odamning yuzi qanday ko‘rinishini bilasiz. Yuzingizdan darrov limon achchiqligi bilinadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, psixologik jihatdan yuz va yelka faol ishga solinsa, kar inson sifatli ma’lumot olishda qiynalmaydi. Sinxron surdo tarjimasini eshitishida nuqsoni bo‘lgan inson besh daqiqa
kuzatsa, darrov uyqu bosadi va davomini kuzatishga qiziqishi susayadi. Sinxron surdo tarjimasi xuddi sifatsiz ovoz, ya’ni fishillab kelayotgan ovoz bilan barobar.
Shunday ekan, sifatli ta’lim berish uchun pedagog nafaqat lab artikulyatsiyasi, imo-ishora va albatta yuz va yelka qismlari harakatini ham faol ishga solishi talab etiladi. Shundagina bolalar har bir darsni o‘zgacha qiziqish bilan kuzatishadi. Aks holda ular zerikib, xayoli boshqa joyda bo‘ladi va dars payti uyqu bosadi.
Dars jarayonida bir vaqtning o‘zida pedagog ham imo-ishorani ishlatishi, ham artikulyatsiyadan foydalanishi qiyinmi, degan savolni ayrim surdopedagoglarga berib ko‘rdim. Ko‘pchiligi buni eplash qiyin emasligini aytishdi. Xo‘sh, sizning fikringiz qanday? Bir vaqtning o‘zida artikulyatsiya va imo-ishora bilan dars o‘ta olasizmi? Tadqiqotim uchun fikringizni (+99899 794-48-80) telegram raqamiga yozib yuboring.
Mamurjon AHLIDDINOV,
Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maxsus
maktab-internati bitiruvchisi,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar
universiteti talabasi