Azim muallimni izlab ota-onalar togʻ oshib keladi
Azim muallimni izlab ota-onalar togʻ oshib keladi
Azim Mirzayev mana o‘n yildirki, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 88-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga matematika fanidan saboq berib kelmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda ushbu tumanda 103 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lsa, A.Mirzayev faoliyat olib borayotgan 88-maktab tumanda bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi, pedagog-o‘qituvchilarning yuqori malaka va tajribaga ega ekanligi, o‘quvchilarning bilim darajasi va erishayotgan yutuqlari jihatidan 103 maktabning eng birinchisidir. Bugungi kunda xalq ta’limi sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar “tili” bilan aytganda, muassasa tumandagi bir juft “yashil maktab”ning bittasi hisoblanadi.
Xo‘sh, maktabda ta’lim sifati shunchalik yuqori ekan, shubhasiz, muassasada pedagoglar va o‘quvchilar uchun juda keng sharoitlar yaratilgani xayolingizdan o‘tayotgandir. Ushbu maktab Kattaqo‘rg‘on tumanining qoq markazida, o‘quvchi va o‘qituvchilar ravon, asfalt yotqizilgan yo‘lakdan to‘rt yuz, besh yuz metrdan piyoda, uzoqroq bo‘lsa taksi xizmatidan foydalanib maktabga qatnaydi, deb o‘ylaysizmi? Maktabnichi, uch-to‘rt qavatli eng zamonaviy tipda bo‘lgan, issiqlik tizimi, elektri, gaz va suvi o‘z o‘rnida bo‘lgan binoda joylashgan deysizmi? Balki, har bir sinfxonasida elektron doskalar o‘rnatilgani, poytaxtu boshqa viloyatlardan eng bilimli, tajribali o‘qituvchilar kelib o‘quvchilarga dars berayotgani xayolingizdan o‘tayotgandir?
Yo‘q. Bu maktab Kattaqo‘rg‘on tumanining markazida emas, uning eng olis va chekka hududida, tuman markazidan 50-55 kilometr uzoqlikdagi Jizmonsoy qishlog‘ida, tog‘ va qir-adirlarning qoq o‘rtasida joylashgan. O‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham o‘rtacha 2-3 kilometr fasofadan piyoda, yoki duch kelgan ulov bilan maktabga qatnaydi. 172 nafar o‘quvchiga eng oddiy sharoitlarda, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda 25 nafar fidoyi va o‘z kasbini yuksak qadrlagan o‘qituvchilar dars berishadi. O‘qituvchilarning ikki nafari oliy, 4 nafari birinchi toifali, qolgan barchasi oliy ma’lumotli mutaxassis-kadrlardir.
Azim Mirzayev bilan birinchi marta telefon orqali bog‘lanmoqchi bo‘lganimda tun cho‘kkan edi. Qo‘ng‘irog‘imga uning chamasi 4-5 yoshli o‘g‘ilchasi javob berdi: “dadam dars berayotgan edi, telefonni olib borib beraymi?”, dedi u. Bu so‘zlardan Azim muallim uyida o‘quvchilar uchun qo‘shimcha dars tashkil qilganligini payqadim va qachon darsi tugasa telefon qilishi mumkinligini aytdim.
Chamasi bir yarim soatlardan keyin, tungi soat 21:00 dan o‘tayozgan A.Mirzayev qo‘ng‘iroq qildi. Salom-alikdan so‘ng, unga meni qiziqtirib turgan savolni berdim:
— Azim aka, hozirgacha dars o‘tdingizmi?!
— Ha, — dedi u xijolat tortgandek bo‘lib, — maktabdan qaytib, uydagi ishlarga qarab bo‘lgach, o‘quvchilarimiz bilan maktabdan keyin yana uyimizda ham dars davom etadi. Qo‘shimcha dars beradigan bir-ikkita kichik guruhimiz bor. O‘quvchi va abituriyentlarning bilim olishga chanqoqligi, misol va masalalar yuzasidan uzoqroq bahslashib qolsak ba’zan shunday kechga ham qolib ketamiz.
— O‘quvchilar kech bo‘lganda uyiga qanday ketadi?
— Ko‘pchiligi biz yashaydigan xonadonga yaqin joyga boshqa tumanlardan kelib, ijarada yashashadi. Ba’zilarini ota-ona yoki boshqa yaqinlari darsdan keyin olib ketishadi.
Aslida aniq vaqtni belgilab, keyinroq Azim Mirzayev bilan batafsil suhbatlashib olishni maqsad qilgan bo‘lsam-da mening savollarim ko‘payib ketdi...
Darhaqiqat, Azim Mirzayev 2009-yilda Navoiy davlat pedagogika institutining matematika-informatika fakultetini bitirgan. O‘z mutaxassisligining bilimli vakili, izlanuvchan va intiluvchan talabadan ustozlari institutda qolib, magistratura bosqichini ham o‘qib bitirishini va muassasaning ilmiy xodimi sifatida qolishini so‘raydi. Navoiy viloyatidagi aksariyat korxona-tashkilotlardan “ancha-muncha” oylik bilan ishlash uchun takliflar ham tushdi. Biroq oilada kichik farzand ekanligi, ota-onasi uning g‘amxo‘rligiga muhtojligini inobatga olib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kattaqo‘rg‘on tumaniga qaytdi va Jizmonsoy qishlog‘idagi 88-maktabga ishga joylashib, o‘quvchilarga matematika fanidan saboq bera boshladi.
Sharafli kasbiga sadoqatli, o‘z-o‘ziga talabchan Azim Mirzayev o‘quvchilarga dars berarkan, o‘zi ham muntazam izlanib, o‘qituvchilar uchun tashkil qilingan davlat attestasiyalarida muvaffaqiyatli qatnashdi. U 2013-yilda ikkinchi toifa, 2018-yilda birinchi toifa, 2019-yilda esa oliy toifali o‘qituvchi bo‘ldi. U endigina 34 yoshga to‘ldi. O‘n yildan ortiqroq pedagogik stajga ega. Buni nimasi muhim deysizmi?! Bugun tizimda faoliyat olib borayotgan pedagog-xodimlar orasida 30 yilcha bir fandan o‘quvchilarga ta’lim berib, biror marta o‘z fanidan bilimini sinovdan o‘tkazmagan, “attestasiya” desa pana-panalab qochadigan o‘qituvchilarimizning borligini inobatga olsak bu A.Mirzayevning katta yutug‘idir.
Bugungi xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘g‘ri anglab, faoliyatiga tatbiq etgan o‘qituvchi, albatta, shunday yo‘l tutadi. O‘z fanini sevgan, muntazam izlangan, yildan-yilga malaka va tajribasini oshirib borgan o‘qituvchilardan biri Azim Mirzayev ham bu keng imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda.
A.Mirzayev maktabda yuqori sinflarga, jumladan, 10-11-sinflarga matematika fanidan saboq beradi. Har shanba kuni maktabda qaysi sinfda o‘qishidan qat’iy nazar aniq belgilangan vaqtlarda matematikadan o‘quvchilarga to‘garak tashkil qilgan. Uning vaqti kun bo‘yi ta’lim berishdan deyarli ortmaydi. Maktabda to‘garak, uyda esa qo‘shimcha darslar davom etadi. Bu qo‘shimcha darslarda nafaqat 88-maktab, balki unga yaqin 74- va 75-maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari ham doimiy qatnashadi.
2010-yildan buyon Azim Mirzayevning 118 nafar shogirdlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. O‘quvchilarning yashash manzillariga razm solgach bildimki, Azim Mirzayevdan nafaqat kattaqo‘rg‘onlik o‘quvchilar, balki viloyatning boshqa tumanlaridan ham kelib matematikadan saboq olishar ekan. Bugungi kunda ham viloyatning Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on shahri, Navoiy viloyatining Xatirchi tumani va Navoiy shahridan o‘quvchilar 88- va unga yaqin boshqa maktablarga joylashib, abituriyentlar esa A.Mirzayevning xonadoniga yaqin xonadonlarda ijarada yashab matematikaning sir-asrorlarini o‘rganishmoqda. Bugun Azim muallimni izlab, farzandining yaxshi ta’lim-tarbiya olishiga umid bog‘lab, boalarini yetaklab kelayotgan ota-onalar soni ortmoqda.
— O‘tgan yili poytaxtimizdagi ko‘zga ko‘ringan o‘quv markazlarining birida ishlash uchun taklif bildirishdi, — deydi A.Mirzayev. — Har bir bola uchun 100 ming so‘mgacha pul to‘lashini aytib, ish faoliyatimni o‘sha o‘quv markazida boshlashni taklif qilishdi. Biroq allaqachon mehrim tushgan maktabim, qolaversa, menga umid bog‘lagan o‘nlab o‘quvchilar, ota-onam oldidagi burchim sabab bu kabi takliflarni barini rad etdim. Bugun oliy toifali o‘qituvchiman, oylik maoshim ham yetarli. Eng muhimi, men bu yerga kerakligimni doim his qilib turaman.
Azim akadan bugun ta’lim-tarbiya sohasida ishlab, qancha oylik daromadi borligini so‘ragim keldiyu, biroz no‘noqlandim. U meni to‘g‘ri anglagandek, javob berdi:
— Oliy toifali o‘qituvchining maoshini bilasiz. Undan tashqari, uyga kelib saboq olayotgan o‘quvchilarga biror aniq narx belgilamaganman. Qishloq sharoitini tushunaman, hammada ham sharoit bir xil emas, kimdir topganini beradi, boshqasi ataganini. Muhimi ularda ilm olishga bo‘lgan katta ishtiyoq borligidan zavqlanaman. Ba’zan ustoz, deb hurmat-izzat bilan xonadonimizga ikkita issiq non ko‘tarib kelganda ham boshimiz osmonga yetadi.
Men shu yerda o‘z o‘rnimni topdim, o‘quvchilarimga shu yerda kerakligimni doim his qilib turaman. Alohida ehtirom bilan aytmoqchimanki, o‘qituvchidek sharafli kasbga sadoqat bilan ishlashim, hayotimda o‘z o‘rnimni topib, doim to‘g‘ri qaror qabul qilishimda otam, 88-maktabda fizika fanidan o‘quvchilarga bilim berib kelayotgan oliy toifali o‘qituvchi Abdushokir Mirzayevning maslahatlari, tavsiyalari doim yo‘limni yoritib kelmoqda, — deydi u.
— Azim Mirzayev, Abdushokir Mirzayev kabi o‘qituvchilarning borligi tufayli bugun maktabimiz ta’lim sifati va samaradorligi bo‘yicha tumanda yetakchilik qilib kelmoqda. Qolaversa, viloyatda ham namunali maktablardan biri, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 88-maktab direktori Asad Abdurahimov. — Mana shunday fidoyi va salohiyatli o‘qituvchilarimizning borligi uchun bizni maktabimizga talpinadigan o‘quvchilar, ota-onalar juda ko‘p. Ularning barchasini maktabga qabul qila olmasak-da to‘garaklarda ishtirok etishini ta’minlaymiz. Qolgan vaqtlarida ustozlarning uyiga borib saboq olishadi.
Darvoqye, maktab direktori bu so‘zlarni aytib, qo‘limga yana bir ro‘yxatni tutqazdi. U Jizmonsoy hududidagi maktablarda ta’lim-tarbiya olib, oliy o‘quv yurtlarini bitirgan va bugun hayotda o‘z o‘rni va mavqyeyiga ega bo‘lgan 174 nafar sobiq o‘quvchilarning ism-familiyasi, o‘qigan oliygohi va bugun qayerda yashab, ishlayotganligi haqidagi ro‘yxati ekan. Ular bilan batafsil tanishib, Yusuf Xos Hojibning “O‘quv qayda bo‘lsa ulug‘lik bo‘lar — bilim qayda bo‘lsa buyuklik bo‘lar!”, degan purhikmat so‘zlari yodga keldi. Jizmonsoyda voyaga yetib, shu yerda maktab ta’limini olgan qaldirg‘ochlarning bugun bir necha nafari OTMda professor, dosent sifatida faoliyat olib borayotgani, yurt ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib kelayotganligi bu hudud insonlarining ilmsevarligidan, buyuukligidan dalolatdir.
Biz, yosh, izlanuvchan va fidoyi o‘qituvchi Azim Mirzayev misolida tilga olgan real holatlar mushohadaga ham chorlashi kerak. Negaki, ayrim holatlarda maktablarda ta’lim-tarbiya sifati tushib ketgani, bir necha yilda biror yuqori bilimga ega kadr yetishtirib chiqara olmaganini yetarlicha sharoit yaratilmagani bilan bog‘lashga urinamiz. O‘qituvchining yillar davomida o‘z fani yuzasidan izlanmasdan, bilimsiz bo‘lib qolayotganiga o‘nlab bahonalar aytamiz. Ba’zan o‘quvchiga, ba’zan o‘qituvchiga aybni to‘nkaydi. Biroq nafaqat o‘quvchini, balki uning ota-onasini ham ta’lim-tarbiyaga qiziqtira oladigan, o‘rni kelsa kattalarni ham tarbiyalaydigan insonlar bu o‘qituvchilardir.
Abduhoshim ZIYATOV,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi