BESH O‘QUVCHIGA BIR DARSLIK, AMMO…
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchimiz har yili yozgi ta’tilga chiqish oldidan “Kim ko‘p she’r biladi?” tanlovini o’tkazardi. Tanlovimiz uch oy davom etardi. Shartlari juda oddiy: har bir o‘quvchi alohida daftar tutib, “G‘uncha”, “Gulxan” kabi jurnallardan she’rlarni ko‘chirib olib, yodlardik. Yod olgan she’rimizning muallifini bilishimiz ham shart edi. She’rlarni ifodali o‘qishimizga alohida baho qo‘yilardi. She’rlar xatosiz va chiroyli husnixatda ko‘chirilishi tanlovning asosiy shartlaridan edi.
Endi o‘ylasam, ustozimiz bizni xatosiz, chiroyli yozishga o‘rgatgan, muhimi ta’tilda qo‘llarimiz yozuvdan chiqib ketmasligining chorasini ko‘rgan ekan.
Ta’til tugagach muallimimiz har birimizning daftarimizni e’tibor bilan ko‘rib chiqib, yod olgan she’rlarimizni berilib tinglardi.
2-, 3-sinflarda o‘qigan vaqtlarimiz Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min, Tursunboy Adashboyev, Hamid Olimjon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Anvar Obidjon, Oydin Hojiyeva, Zulfiya Mo‘minova, Kavsar Turdiyeva kabi shoir va shoiralarni tanir edik. She’rlarini yoddan bilardik. Sinfdoshlarimiz bir-biridan qolmaslikka harakat qilishardi. Hatto “men aytgan she’rni sen aytma” deb tortishardik. Yuqori sinfga o‘tgach ham she’r daftar yuritdik. Ko‘nglimizni kuydiradigan misrali she’rlarni ko‘chirib yod olardik. Esimda, Abdulla Oripovning “Ayol” nomli she’rini butun sinf yod olgandik.
Uyimizga “Gulxan”, “G‘uncha”, “Yosh kuch’”, “Guliston”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallari, “O‘qituvchilar gazetasi”, “Yosh leninchi’”, “Sovet O‘zbekistoni”, “Lenin uchquni” kabi gazetalar muntazam kelardi.
Bir kuni “Yosh leninchi” gazetasida shoir Muhammad Yusufning bir turkum she’rlari e’lon qilingan ekan. Shoirning “Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?” nomli she’ri juda yoqdi. Shu she’rni gazetadan ko‘chirib oldim. Otam qo‘liga daftarimni olib o‘qib ko‘rdi. “Qizim, she’rni to‘g‘ri ko‘chirdingmi?” deb so‘radi. Men daftarga qaradim, ammo xatoni ilg‘ay olmadim. Shunda otam “asr” so‘zini “asir” qilib yozganimni ko‘rsatdi. Va bu so‘zlarning ma’nolarini tushuntirdi. Shundan so‘ng bu so‘zlarning ma’nolari bir umr yodimda qoldi.
Adashmasam oltinchi sinfda o‘qigan paytim O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanini “Sharq yulduzi” jurnalida o‘qiganmiz. Kichkina Muzaffar, Kimsan, Robiya, Qora amma, Umar zakunchi, Ra’no, Shomurodlarning iztiroblariga sherik bo‘lganmiz. Opa-akalarim bilan jurnalning yangi sonini bir-birimizdan yashirib o‘qiganmiz.
Bir marta “Lenin uchquni” gazetasida ta’til vaqti kattalarga yordam berib kolxoz bog‘idan olma terganimiz haqida kichkina xabarcham chiqqan. “Gulxan” jurnalidan yuborgan she’riy mashqlarimning xato va kamchiliklari ko‘rsatilgan maktub kelgan. Yuqori sinfga o‘tgach “Yosh kuch” jurnaliga obuna bo‘lganman. Jurnalning bir sonida Dilbar G‘ulomova(ism-familiyasi yodimda qolgan, lavozimi esimda yo‘q)ning “Hamma yaxshi narsa bolalarga” nomli maqolasini o‘qidim. Maqolada “Respublikamizda bolalarning ta’lim olishi uchun hamma yaxshi sharoitlar yaratilgan” jumlasi ta’sirida maktabimizning nochor ahvoli haqida nimalarnidir yozib yuborganman. Jurnalda “Qashqadaryoda nega shikoyat ko‘p?” sarlavhasi ostida kattagina maqola e’lon qilingan. Bu maqolada mening ham ism-familiyam keltirilgan edi.
Boshlang‘ich sinfda she’r yod olish ko‘nikmasini shu darajada yaxshi egallagan ekanmiz, yuqori sinfga o‘tgach she’r yodlashga qiynalmadik. Adabiyot darsligida berilgan Hamid Olimjonning “Jangchi Tursun” balladasini, Erkin Vohidovning “Nido” dostonini boshdan-oxir yod olganman. Hali ham misralari yodimda.
Endi o‘zim darslarimda o‘quvchilarimga har yili “Nido” dostonini o‘tganimda, yoddan aytib beraman, o‘quvchilarim esa hayron bo‘lib eshitib, so‘ng savollarga ko‘mishadi.
Biz maktabda o‘qigan paytlar darsliklar yetishmas edi. Bir sinfda yigirma besh nafar bola o‘qigan bo‘lsak, adabiyot darsligi beshta berilgandi. Besh nafar qo‘shni bolalarga bitta darslik berilgani esimda. O‘g‘il bola sinfdoshimiz kitobni olib ketadigan kuni darslikdagi shoirlarning hayoti va ijodi haqida qisqacha yozib, she’rlarini ham daftarimizga ko‘chirib olardik. O‘sha sinfdoshimiz “senlar to‘rt kun olib yurding” deb kitobni to‘rt kunga olib ketardi. Kitobning varaqlari titilib ketish arafasida edi. Bir necha marta tikilgan, yelimlangan kitob ham bir haftada bir marta qo‘limizga tegardi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, har bir oilaga gazeta va jurnallarning kirib borishi o‘sha oilada tarbiyalanayotgan farzandlarning odobi, tarbiyasi, ta’lim olishi, dunyoqarashining shakllanishi, muomala madaniyatining yuksalishi uchun poydevor vazifasini o‘tar ekan.
Bugun dunyoda gazeta va jurnallarning borligini bilmaydigan, bir misra she’rni yod ayta olmaydigan yoshlarimizning borligi bizning ayanchli ahvolimizdir. Ota-onalarimiz faqat dang‘illama uylar, qimmatbaho mebellar, mashinalar, zamonaviy maishiy texnikalar, telefonlarning yangi rusumlari haqida suhbatlashishadi, buyurtmalar berishadi, har yili almashtirishadi. Shunday muhitda o‘sayotgan farzandlarimiz ham ertaga xuddi shu narsalarni takrorlaydi.
Biz esa yoshlarimiz tarbiyasi og‘irlashib borayotgani haqida turli xil ko‘rsatuvlar tayyorlaymiz, davra suhbatlari uyushtiramiz, sabablarini qidiramiz.
Gazeta, jurnal o‘qimagan bola kitob bilan do‘st bo‘lolmaydi. Maktablarda o‘quvchilarning gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishini qaytarish vaqti keldi deb o‘ylayman.
Dilfuza G‘AZNAYEVA,
Qibray tumanidagi
33-maktab o‘qituvchisi