BIZGA QAY BIRI KERAK:
BIZGA QAY BIRI KERAK:
Bir uyum hisobotmi yoki bilimdon avlod?
Maktab ta’limi tajriba-sinov maydoni bo‘lib qolgan. Reyting tizimi (o‘qituvchi salkam hisobchiga aylangan edi), so‘ngra baholash sistemasining yana o‘zgarishi, pedagogning ish yuklamalari va ustama, toifa uchun kurashlar, ayni kunlarda esa attestatsiya sinovlaridan eson-omon o‘tib olish tashvishi o‘qituvchilarni har doim sarosima va hadiklar ichra ishlashga majbur qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 20-avgustdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi quyidagicha belgilandi:
• 1−4-sinflarda — haftasiga 18 soat;
• 5−11-sinflarda — haftasiga 20 soat.
Shunga muvofiq o‘qituvchilar darsdan tashqari belgilangan soatlarda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar, iqtidorli o‘quvchilar bilan alohida mashg‘ulotlar olib borishi, fan to‘garaklari tashkil etishi, ota-onalar bilan ishlashi lozim.
Bugun qaysi maktabda pedagogik yuklama vijdonan ado etilmoqda?
Bu savol poytaxtimizning Yangihayot tumanida yashovchi Noila Shorasulova kabi ko‘plab ota-onalarni o‘ylantiradi:
— Farzandim 4-sinfgacha ingliz tilini yaxshi o‘zlashtira olmadi. Vaholanki, maktablarda ingliz tili 1-sinfdan boshlab o‘qitiladi. Boshlang‘ich sinfda o‘qituvchilar bahoga saxiy bo‘lishadi. Ammo 5-sinfda qarasam, chorak bahosi 3 chiqibdi. Hatto, harflarni tanimaydi. Keyin repetitorga berdim. Ikki oyda bola harflarni tanib, o‘qishni boshladi. Har darsda o‘quv markazi o‘qituvchisi yangi so‘zlar yodlatadi, grammatikani oson tarzda o‘rgatadi. Bolam yaxshi o‘zlashtira boshladi. Ammo chorak bahosi yana 3 chiqdi. Men maktabdagi ingliz tili o‘qituvchisi bilan bog‘landim. “Nahotki, o‘quvchingizda o‘zgarish bo‘lganini sezmadingiz? O‘quv yili boshida harf tanimasdi, hozir o‘qiyapti, gapira boshladi. Mashqlarni bajara olyapti” dedim, o‘qituvchi “Bolangizning bahosi shu” dedi. Axir, farzandim yaxshi o‘zlashtirolmayotgan ekan, o‘qituvchi u bilan darsdan tashqari har xil qiziqarli metodlar asosida qo‘shimcha ishlashi kerak emasmi? Pedagogik yuklama degan narsa bor. O‘quvchining oqsayotgan tomonlarini o‘qituvchi vaqtida aniqlab, u bilan darsdan tashqari ishlar olib borishi kerak. Buning uchun ularga haq to‘lanadi. Agar har bir o‘qituvchi pedagogik yuklama uchun ajratilgan soatlarni to‘laqonli ado etganida biz ota-onalar bolalarimizni repetitorga bermasdik. Maktabda yuzaga kelayotgan bo‘shliqlarni bugun o‘quv markazlari, repetitorlar to‘ldiryapti. Ko‘plab maktab o‘qituvchilarining o‘zi repetitorlik qiladi. Ya’ni darsda yaxshi o‘zlashtirolmayotgan o‘quvchini darsdan tashqari vaqtida pulga o‘qitadi.
Noila Shorasulovaning e’tirozlari haqiqat. Ammo aksariyatimiz bu e’tirozli haqiqatlarga allaqachon ko‘nikib bo‘lganmiz. Albatta, o‘qituvchilar orasida fidoyi, o‘quvchining bilimini mas’uliyat bilan o‘stirishga e’tibor qiladiganlar ham talaygina. Ammo bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga tekinga qo‘shimcha dars o‘tadigan o‘qituvchilar juda oz. Iqtidorlilar bilan ishlash o‘qituvchiga bugungi kunda foyda keltiradi. Sababi, o‘quvchisi fan olimpiadalari va turli tanlovlarda g‘olib bo‘lsa, ularga ustamalar yoziladi, mukofotlar beriladi. Bu, albatta, yaxshi. O‘qituvchi qancha rag‘batlantirilsa, ta’limda o‘sish ko‘zga tashlanadi. Ammo... bo‘sh o‘zlashtiruvchilar bilan kim ishlaydi?
O‘qituvchilarni ham
eshitaylik!
Ehtimol, bu borada o‘qituvchilarning o‘z haqiqatlari va aytar gaplari bordir. Pedagogik yuklamaga o‘zi yetarli haq to‘lanadimi? Nega aksariyat o‘qituvchilar unga sovuqqonlik bilan qarashadi?
— Bir vaqtlar o‘qituvchilar dars o‘tar, daftar tekshirar, sinfga hamda kabinetga rahbarlik qilar va shunga maosh olar edi, — deydi Andijon tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi Muzaffar Ismoilov. — Keyinchalik kabinet mudirligi uchun pul to‘lanmaydigan bo‘ldi. Ta’limda yuklama degan narsa chiqdi. Unga ko‘ra endi o‘qituvchi turli tadbirlarda, tanlovlarda, olimpiada va bilimlar bellashuvida o‘quvchilarining ishtirok etgani, obodonlashtirishdagi hissasi, majlislarda qatnashgani, darsni tahlil qilgani, konspekt yozgani, matbuotda maqola chiqargani, to‘garak o‘tgani, navbatchilikda turgani, imtihon olgani, iqtidorlilar va bo‘sh o‘zlashtiruvchilar bilan alohida ishlagani kabi ishlarga ham haq to‘lanadigan bo‘ldi go‘yo. Hozirgi vaziyatda haqiqatan haq to‘lanayotganga o‘xshaydi. Aslida-chi?
Muammoni oddiy arifmetik usul bilan yechaylik. Bir soat dars uchun o‘qituvchiga 4000 so‘m beriladi, deb hisoblaylik. Uni ikkiga bo‘lishdi. 2000 so‘m o‘tilgan darsga, qolgan 2000 so‘mning 92,5 foizi yuklama uchun to‘lanadigan bo‘ldi, ya’ni sopi o‘zidan chiqarildi. Shu tariqa yuklama qo‘shilishi bilan oylik oshishi o‘rniga 3,75 foiz kamaydi. Yuklama uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilmagan. 4000 so‘m 6000 so‘m bo‘lib qolmagan. Aksincha, maosh kamayib, ish ko‘paygan. O‘sha yillarda yuklamani bajarishga ko‘p kuch va mablag‘ sarflanib, papkalar keraksiz qog‘ozlar bilan to‘ldirildi. Qog‘ozbozlik 2018-yilda keskin qisqartirildi, alohida jurnal yuritish ham bekor bo‘ldi. Kasb-hunar maktablarida jurnal yuritish va qog‘oz to‘ldirish jarayonlari esa hamon davom etmoqda.
“Pedagogik yuklama?.. Axir tadbirlardan ortmayapmiz-ku”.
— Pedagogik yuklama to‘laqonli bajarilsa, bu juda ham yaxshi, — deydi Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Ashurova. — Ko‘p yillik o‘qituvchilarda fidoyilik degan tushuncha bor. Ular qoniqarli haq to‘lanmasa ham o‘quvchining bilim darajasi sustlashayotganiga qattiqqo‘llik bilan qarab, o‘z vaqtida ular bilan shug‘ullanishadi. Ammo yosh o‘qituvchilarda fidoyilik tushunchasi yo‘qolib borayotgandek. Tekinga o‘quvchi bilan darsdan tashqari paytlarda shug‘ullanishni istashmaydi. “Yuklama uchun haq to‘lanmaydi” yoki “to‘lanayotgan haq qoniqarli emas”, deyishdan oldin o‘ylab ko‘raylik, biz o‘zi yuklamani bajaryapmizmi?! Bajarmayapmiz, desak ham xato bo‘ladi, lekin asosiy vaqtimiz pedagogik yuklamaning tadbirbozlik yo‘nalishiga ketyapti. Chunki bugun hamma tashkilot maktabga egalik qilishni xohlaydi. Har kuni tadbir yoki unga tayyorgarlik ishlari bilan bandmiz. Oxirgi vaqtlarda tadbirlar shunchalik ko‘paydiki, o‘qituvchi darsdan tashqari fan to‘garagi o‘tishi, iqtidorlilar yoki bo‘sh o‘zlashtiruvchilar bilan alohida ishlashga vaqt topolmay qoldi. Har kuni qaysidir tashkilot o‘quvchilarimizni tadbirga olib ketadi. Uning orqasidan o‘qituvchilar ovora, darslar buzilgan, tadbir uchun kostyum, detallar, yo‘l kira va hokazo xarajatlar o‘qituvchining cho‘ntagidan ketadi. Aytish mumkinki, endi o‘qituvchi o‘zi istasa ham pedagogik yuklamani to‘liq bajara olish imkoniyatidan mahrum. “Zakovatbozlik”, inshobozlik, tadbirbozlikdan bo‘shamayapmiz. “Bisyor bo‘lsa, bol ham beqadr” deyishadi. “Zakovat” intellektual o‘yinlari yoki o‘quvchilarning har xil mavzularda fikrlashini o‘stirishga xizmat qiluvchi insho yozishlari juda yaxshi, ammo ular xo‘jako‘rsinga, faqat hisobotlarni to‘ldirish uchun, keragidan ortiq darajada ko‘payib ketishi o‘quvchilarni bezdirib qo‘yyapti. Ular darslardan qolishyapti. Haqiqiy bilim olish jarayoniga putur yetyapti.
Nega maktablar o‘quv markazlaridek samarali bilim berolmaydi?
Biz bu haqda ko‘p gapiramiz, ko‘p o‘ylaymiz. Maktab o‘qituvchilari bilan suhbatda bo‘lsangiz, buning sabablari topiladi. Har kuni o‘quvchini yetaklab tadbirga yugurayotgan, attestatsiya dardi bilan darsni ham unutayozgan o‘qituvchilar qanday qilib samaraga erishsin?!
— O‘qituvchilarga har oylik ustamalarni belgilash mezonlarining o‘zi noto‘g‘ri tuzilgan nazarimda, — deydi Filologiya fanlariga ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Oysara Usanova. — Baholash mezoni 9 banddan iborat. Bandlar mazmuniga ko‘ra, 4 ta qismga ajratish mumkin. Birinchisi, bevosita ta’lim mazmuniga tegishli 1-, 4-bandga jami 25 ball ajratilgan. Ikkinchisi, ya’ni tadbirlarni tashkil qilishga tegishli 2-, 3-, 8-bandlarga jami 45 ball ajratilgan. Uchinchisi, ish staji, malaka oshirganligi va sinf rahbari faoliyatiga tegishli 5-, 6-, 7-bandlarga jami 25 ball ajratilgan. To‘rtinchisi, o‘quvchilar va Kuzatuv kengash a’zolari fikri bilan baholash mezoniga tegishli 9-bandga jami 10 ball ajratilgan.
O‘qituvchi bir o‘quv yilida 30–40 nafar o‘quvchisi bo‘lgan sinfda o‘rtacha sifat ko‘rsatkichini 86 foizdan oshirishga erishsa, 5 ball, tadbirda o‘quvchisi (qancha o‘quvchi soni qatnashishi belgilanmagan) 86 foizdan yuqori ball to‘plasa, 30 ball beriladi.
O‘qituvchilarni rag‘batlantirishning bu mezonlari oqibatida birinchi navbatda maktablarda tadbirbozlik rivojlanadi, ta’lim sifati yanada pasayib ketadi. O‘qituvchi o‘quvchilar bilimini oshirishga, sifat ko‘rsatkichini yaxshilashga harakat qilishdan ko‘ra, o‘quvchilarining tadbirlarda ishtirok etishiga e’tibor berishni boshlaydi. Sinfda o‘quvchilarning o‘rtacha sifat ko‘rsatkichi pasaysa, balni tadbirlar orqali to‘ldirishga harakat qiladi. Dars uchun vaqt ajratmasdan, tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishga vaqt va kuch sarflaydi. Tadbirlarni tayyorlaydigan mutaxassislarni qo‘shimcha mablag‘ hisobiga (ota-onalar mablag‘i hisobidan) o‘quvchilarni tayyorlashga jalb qilishga harakat boshlanadi.
Tadbirlar dars hisobidan bo‘lmasin!
Bu hali hammasi emas, angrenlik o‘qituvchi Matluba Nasriddinovaning ta’kidlashicha, hatto ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar ham maktabdagi darslarni inobatga olmagan holda tashkillashtiriladi.
— Mana universitetlar maktablar bilan hamkorlikda ishlayapti, — deydi Matluba Nasriddinova. Maqsad – ta’lim sifatini yaxshilash, ammo... Masalan, ertaga maktabimizdan 30 nafar o‘qituvchi universitetda o‘tkaziladigan seminar-treningga olib ketilishi aytildi. Ertaga metod kuni emas. Har bir o‘qituvchida 5 soatdan dars bor. Yo‘l uzoqligini hisobga olib, 2 soat oldin yo‘lga chiqish kerak. Agar har bir o‘qituvchida 4 soatdan dars bor desak, 30 nafarida jami 120 soat dars bor ekan. “Ta’lim sifatini oshirishga” qaratilgan seminar-trening o‘quvchining haqqiga xiyonat qilish evaziga tashkil etilmasligi kerak-ku! Nima deb o‘ylaysiz, bu ahvolda ta’lim sifati osharmikan?
Ha, bunday sabablarni o‘rganganda xulosalar qanday bo‘lishi ma’lum. Ta’lim tizimida qachon xo‘jako‘rsinga asoslangan tadbirlardan voz kechilsa, o‘qituvchining bilimini sinovdan o‘tkazish va baholash mezonlari optimallashtirilsa, o‘qituvchining mehnati munosib rag‘batlantirilsa, shundagina sifat va samaradorlikka erishiladi. Muallimning vaqti be huda tadbirlar-u yugur-yugurlardan holi bo‘lmas ekan, u hech qachon o‘ziga tegishli bo‘lgan eng muhim vazifa – o‘quvchiga bilim va ko‘nikma berish, uni hayotga, fikrlashga o‘rgatish ishini maromiga yetkazib bajarolmaydi. Shunday ekan, o‘ylab ko‘raylik, bizga qaysi biri kerak, tadbirlar-u ulardan qolgan bir dunyo qog‘oz va rasmlar uyumi yoki bilimdon avlodmi?
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri