BU YORUG’ OLAMDA VATAN BITTADIR
Bu yorug’ olamda vatan bittadir
Vatan. Vatan tuyg’usi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo ko’rmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, o’yinu sho’xliklardan o’zga dardi yo’q bir o’smirning yuragiga jo bo’lib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi.
Vatan — tabarruk maskan, ajdodlardan avlodlarga buyuk merosdir. Vatan — shu zaminda bo’y ko’rsatgan giyohdan tortib, uning daryo-yu soylari va tog’u toshlarigacha, oddiy va kamtar, mehnatkash va fidoyi, mard va paxlavon odamlaridan to eng mitti jonivorlarigacha, o’zimiz tug’ilib, unib-o’sgan makon bilan bog’liq bo’lgan barcha narsalardir. Vatanimiz tuprog’idagi oddiy xas ham, oddiy tosh ham bizga muqaddas bo’lib tuyuladi. Vatanga muhabbat onaga muhabbat kabi muqaddas va yuksak tuyg’u. Onaga muhabbatning shunday o’ziga xosligi borki, odam bu tuyg’usi haqida olamga jar solib aytmaydi. Lekin har kuni onasiga g’amxo’rligi, mehribonligini ishi bilan, gap-so’zlari bilan amalda namoyon qiladi. Vatan muhabbati ham shunday. U hammaga ko’z-ko’z qilinmaydi. Vatanga muhabbat inson qalbining to’rida gard yuqtirmay pokiza saqlanadigan eng nafis, eng inja bir tuyg’udir. Hech e’tibor berganmisiz, yosh bolalar birovning uyiga mehmondorchilikka borishsa, darrov uyga ketaman, deb xarxasha qilishadi. Bu ularning o’z uyiga, qolaversa, Vataniga bo’lgan bolalarcha go’zal muhabbati emasmi?
Ko’pchilik olis o’lkalarning so’ngsiz mo‘’jizalari qoshida hayratga to’ladi, ammo hech kim, hech qachon shu mo‘’jizalarni deb Vatanidan voz kechgan emas. Olis-yaqindagi shaharlarni bir-biriga qiyoslagan odam, shubhasiz, avvalo ularning boy va ulkanligini nazarda tutadi. Biroq, ular orasidan eng yaxshisini tanlash imkoni berilganida aqli raso hech bir zot o’z yurtidan kechib, o’ziga boshqa shaharni ravo ko’rmasa kerak. Aksincha, hamma o’z yurti boshqa o’lkalar singari obod va farovon bo’lishini istaydi va har qanday vaziyatda kindik qoni to’kilgan yerda yashashni afzal biladi.
Bir o’lkaki, tuprorida oltin gullaydi,
Bir o’lkaki, qishlarida shivirlar bahor,
Bir o’lkaki, sal ko’rmasa quyosh sog’inar...
Ha, bizning o’lka mana shunday go’zal va bebaho diyor. Inson faqatgina o’z Vatanida o’zini erkin his qiladi. Menimcha, inson orzulari ro’yobini faqatgina yurti tinchligida, farovonligida ko’rishi mumkin. Chunki, qachon yurt tinch-totuv, osmoni musaffo bo’lsa, shundagina inson orzularini ro’yobga chiqarishi va yurti uchun nimadir qila olishi mumkin. Yurtdan olis yurib uni sog’insak, uning non-tuzini, go’zal shahar va qishloklarini, sodda va kamtarin insonlarini yodga olamiz. Shularning barchasi timsolida jondan aziz Vatanimizni, O’zbekistonimizni ko’rgandek bo’lamiz. Bularning hammasi insonning yuragidagi yurtiga bo’lgan mehr tufaylidir.
Yurtimiz tarixi ko’hna va takrorlanmas. Bu buyuk tarixni bilish, uni o’rganish har bir farzandning Vatan oldidagi burchidir. Shiroqning shijoati, To’maris jasorati, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur kabi ajdodlarimizning ozodlik, adolat yo’lidagi kurashlari vatanparvarlikning yuksak namunasidir. Ular tayangan haqiqat — yurtning mustaqilligi, xalqning tinchligi va osoyishtaligi edi. Tabiatga yaqinlik, halol mehnat qilib yashash, mehr-oqibat, soddalik va tantilik, mardlik va fidoyilik, o’z yerini sevish xalqimizga xos olijanob fazilatlardan hisoblanadi. Xalqimizning nomini ulug’lagan, uning shonu sharafini oshirgan yana bir fazilat borki, bu uning hech qachon hech kimga qaram bo’lmasligi, mag’rurligi va ilm-ma’rifatga intilib yashashidir. Abdurauf Fitrat o’zining “Yurt qayg’usi” nasriy she’rida shunday yozgan: "Ey, muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma. Yonimda, ko’zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma. Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq mening o’limim. Sening uchun o’lmoq mening tirikligimdir". Bu satrlarni o’qib, o’zbek diyori biz uchun naqadar aziz ekanini va u hech qachon o’z g’ururini yo’qotmasligini his qilib, so’nmas hayajonga to’lasan kishi.
O’zbek xalqi mehnatkashlik, mehmondo’stlik, mardlik, oriyatlilik, vatanparvarlik, sahovatpeshalik, mehr-oqibatlilik, mag’rurlik fazilatlari bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi. Tarixdan ma’lumki, o’zbek xalqi hech qachon birovga bo’yin egmagan, o’zining ozodligi yo’lida jonini boricha kurashgan. Ajdodlarga munosib voris bo’lish, Vatanni rozi qilishga intilish bizning burchimizdir. Vatan roziligi esa avvalo, unga munosib farzand bo’lish orqali ado etiladi. Usmon Nosir "Yurak" she’rida aytganidek:
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo’lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli tamom o’lsam.
Saodat Abdulazizova,
Toshkent shahridagi 153-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi